![]() |
![]() |
![]() |
Ogohlik
Nazoratning samarasi
05.02.2011 09:59
Ona zamin qa`rini geologik o'rganish, sanoatda, konchilikda va komunal-maishiy sektorda olib borilayotgan ishlarning bexatarligini nazorat qilish «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi zimmasiga yuklangan. Bu jihatdan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomga muvofiq ish olib boradigan mazkur inspeksiya va uning mintaqaviy inspeksiyalari O'zbekiston Respublikasining sanoatda xavfsizlik sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining yagona tizimini tashkil etadi. Muxbirimiz «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi Jizzax kon-texnika inspeksiyasining boshlig'i Akrom Hakimov bilan suhbatlashdi. - Akrom O'rinbosarovich, inspeksiyaga o'z vakolati doirasida tegishli vazifalar yuklatilgan. O'zbekiston Respublikasining «Xavfli ishlab chiqarish ob`ektlarining sanoat xavfsizligi to'g'risida»gi Qonuni talabi bo'yicha inspeksiya nazorati ostidagi korxonalarda targ'ibot-tashviqot, monitoring ishlari qanday amalga oshirilmoqda? - Ijozatingiz bilan, avvalo, shu yo'nalishdagi ishlarga oid raqamlarga murojaat qilsam. Jizzax mintaqaviy kon-texnika inspeksiyaning reja jadvaliga asosan o'tgan yili 31 ta kompleks tekshirishlar o'tkazildi. Shuningdek, Jizzax viloyat hokimligining topshiriqlariga asosan nazorat ostidagi ob`ektlarda yana qo'shimcha ravishda 265 ta tekshirishlar monitoring tariqasida o'tkazildi va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, ogohlantirish xatlari berildi. Albatta, qonun talablari asosida olib borilgan tekshirishlar davomida mingga yaqin amaldagi xavfsizlik qoidalarining buzilish holatlari aniqlandi va ulardan 953 tasining bajarilishiga erishildi. Qoidabuzilishlariga yo'l qo'ygan mansabdor shaxslarning 44 nafari ma`muriy javobgarlikka tortilib, ulardan sal kam ikki million so'm miqdorida jarima undirildi. O'tkazilgan tekshirishlar va nazorat profilaktik ishlar davomida 1668 nafar ishchi-xizmatchilarning bilim saviyalari nazoratdan o'tkazildi. Bilimlari qoniqarsiz deb topilgan 135 nafar ishchi-xizmatchi qayta tayyorgarlikdan o'tkazildi. Natijada O'zbekiston Respublikasining «Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to'g'risida»gi Qonuni talabi asosida xavfsiz ish yuritish metodlarini targ'ib qilish borasida amaliy ishlar olib borildi. «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasining buyrug'iga asosan «Markazgazta`minot» unitar korxonasining viloyatdagi barcha shahar, tuman gazta`minot filiallarida va «Sattor-K» mas`uliyati cheklangan jamiyatida yuqoridagi qonunni o'rganish bo'yicha o'quv seminarlari hamda fotoalbomlar tashkil etildi. -O'lkamizda qish fasli davom etmoqda. Ona zamindan olinayotgan gaz - bebaho ne`mat hisoblanadi. Undan foydalanishda aholi va tashkilotlarning, eng avvalo, xavfsizlik talablariga qat`iy rioya qilish talab etiladi... - Haqiqatan, hamyurtlarimiz bu oddiy haqiqatning mohiyatini to'la tushunib yetishayaptimi, gaz tarmoqlari va uskunalarining texnik sozligi risoladagidekmi degan savollarga javob izlanib, aholiga inspeksiyamiz xodimlari tomonidan zarur yo'l yo'riqlar, ko'rsatmalar berilayapti, xavfsizlik qoidalarini yetarli darajada ta`minlay olmayotgan mutasaddi shaxslarga nisbatan keskin choralar ko'rilmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar oyida viloyatimizdagi jami 2076 ta ko'pqavatli uylarning 1812 tasida ko'rik o'tkazildi. Tekshirishlar davomida besh yuzga yaqin noqonuniy ulanishlar aniqlandi. Zafarobod, Mirzacho'l, Arnasoy tumanlarida bir qator ko'pqavatli uylarda o'tkazilgan tekshirishlarda xonadonlarga qo'lbola isitish moslamalari, shuningdek, gaz hisoblagich uskunalarini yechib olish, uylarga o'zboshimchalik bilan suv isitish qozonxonalarini o'rnatish hollari kuzatildi. Jizzax tumanidagi ahvol ham tashvishlanarli. Qirq uchta ko'pqavatli uylarda tabiiy gazdan xo'jasizlarcha foydalanishga yo'l qo'yilgan. Bu Uchtepa dahasidagi ko'pqavatli uylarda gaz uskunalarining talabga javob bermasligi, qo'lbola isitish moslamalari nihoyatda ko'pligi bilan izohlanadi. Bu muammolar kecha yoki bugun paydo bo'lgani yo'q. Inspeksiyamiz mutaxassislari gaz uskunalaridan foydalanish qonun-qoidalari haqida ommaviy axborot vositalari orqali yanvar oyining o'zida bir necha marotaba chiqishlar qilishdi. Bundan xulosa shuki, har qanday ne`matning, jumladan, tabiiy gazning hisob-kitobi, uni ishlatishning o'ziga xos mezonlari bor. Unga rioya etgan kishi esa hech qachon hayotini xavf ostiga qo'ymaydi. Qolaversa, oila byudjeti ham zarar ko'rmaydi. Jizzax shahridagi ko'p qavatli uylarda joylashgan liftlarning ham texnik holati ko'rikdan o'tkazildi. Bugungi kunda bu borada ishlar izchil davom ettirilmoqda. Hozirda Jizzax kon-texnika mintaqaviy inspeksiyasi xodimlari «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» munosabati bilan viloyatning Jizzax tumanidagi «Samarqand quduq», «Qahramon» singari qishloq fuqarolari yig'inlari hududlarida kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlari uchun qulaylik yaratish bo'yicha amaliy yordamga bel bog'lashgan. Suhbatdosh: Orifjon JUMANOV. 144 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|