![]() |
![]() |
![]() |
Ogohlik
"Ommaviy madaniyat" niqobi ostidagi qabohat
11.02.2011 11:17
O'tgan yigirma yil davomida jamiyatimiz ravnaq topib, har soha, har jabhada taraqqiyot va rivojlanishning guvohi bo'ldik. Xalqimiz o'zligini yanada teranroq angladi, qadriyatlarimiz tiklanib, bundan qalbimiz g'urur va iftixorga to'ldi. Jahon hamjamiyatida O'zbekiston degan nom o'z o'rni va mustahkam mavqeiga ega bo'ldi. Erishgan va erishayotgan yutuqlarimiz havas qilgulik. Afsuski, yurtimizning tinch-osoyishta hayotiga yomon ko'z bilan qarayotgan, muvaffaqiyatlarimizdan talvasaga tushayotgan g'arazli kuchlar ham yo'q emas. Aynan ana shu kuchlar taraqqiyotimiz poydevoriga bolta urishga urinadi.
XO'SH, ULAR BU ISHNI QAY YO'SINDA AMALGA OSHIRADILAR? Bunday kuchlar o'zlarining qabih niyatiga erishish uchun yoshlardan foydalanishadi. Onggi to'liq shakllanib ulgurmagan yoshlar parda ortidagi g'araz niyatli kuchlarning asosiy o'ljasi. Ular jangarilik va behayolik aks etgan kinofilmlar, turli bazm va kechalar, internet, kompyuter o'yinlari va hokazolar orqali farzandlarimiz ongiga salbiy ta`sir etishga urinishadi. Bu kuchlar shu qadar hiylakorki, uzoqni ko'zlab ish qiladi. O'zining "chiroyli" ko'rinishdagi, ammo manfur g'oyasini yoshlarga singdirishga urinadi. Bugun o'sib kelayotgan yoshlar ongi va ruhini zaharlasa, kelgusida nafaqat ularning o'zini, balki avlodlarini ham o'z izmiga sola olishi mumkinligini yaxshi biladi. Shu sabab ham o'zining chirkin maqsadiga erishish uchun mablag' va vaqtini ayamaydi. "Ommaviy madaniyat" niqobi ostidagi o'sha g'arazli kuchlar turli yo'llar bilan bizning hayot tarzimizga kirib kelishga urinyapti, uning ko'rinishlari turli qiyofada namoyon bo'lmoqda. So'zimiz isboti uchun birgina misol keltirsak. Keyingi yillarda o'zbek yoshlari orasida 14 fevral kunini keng nishonlash urf bo'lmoqda. Adabiyot va she`riyatga ixlosmand yoshlar bu kunni buyuk ajdodimiz, Mirzo Boburning tavallud kuni sifatida nishonlaydilar. Afsuski, ularning aksariyati bu kunni "sevishganlar kuni" deb bilmoqda. Shu kuni yigit-qizlar bir-birlariga yurak tasviri tushirilgan otkritkalar, ya`ni "valentinka"lar, sovg'alar berishadi, dil izhori qilishadi, bozorlaru do'konlarda savdo qiziydi. Chunki yoshlarning qiziqishlarini bilgan sotuvchilar "xaridorgir" mollarni bir oy oldin tayyorlab qo'ygan bo'lishadi. Hatto ba`zi xonandalar har yili beriladigan konsertini aynan shu kunga belgilashadi. Bir qarashda bunda hech bir yomon narsani ko'rmaysiz. Aksincha, "bu bayramni nishonlashning nimasi yomon?" degan savol tug'ilishi mumkin. Hamma gap ana shunda. "Sevishganlar kuni" yana bir nom bilan ataladiki, uni avliyo Valentin kuni deb ham atashadi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Yevropada XIII asrdan boshlab nishonlana boshlagan bu sana o'sha vaqtlarda yashagan xristian yepiskopi Valentin nomi bilan bog'liq. O'sha davrlarda Rim imperatori Yuliy Klavdiy II imperiya legionidagi askarlarning oila qurishiga ruxsat bermagan. Biroq Valentin maxfiy ravishda askarlarni ko'ngil qo'ygan qizlari bilan nikohdan o'tishiga ko'maklashgan. Imperator yepiskopni xiyonatda ayblab, uni o'limga hukm qiladi va bu sana 14 fevralga to'g'ri keladi. Keyinchalik nochorgina kun kechirayotgan ikki opa-singil yurak tasviri tushirilgan otkritkalarni o'z qo'llari bilan tayyorlab, ularni o'tgan-ketganga sotishadi. "Sevishganlar kuni" deb nishonlanadigan bayramning kelib chiqish tarzi ana shunday.
FOYAGA QARShI FOYA
Biz bayramlarni yaxshi ko'radigan xalqmiz. Aslida, nishonlanadigan har bir bayram o'z tarixi, negizi, o'sha xalqning qadriyatlariga mansub bo'lgani uchun ardoqlidir. Bayramlar xalqning urf-odatlari, tarixi bilan bog'liq. Aytish joiz, bu sana qaysidir ma`noda Farb jamiyati uchun e`tiborlidir. Biroq mutaxassislarning ta`kidlashicha, jahonda "Avliyo Valentin kuni"ni bir xilda qabul qilishmaydi. Uning romantik qiyofasini bugun shu kun bahonasida mo'may daromad topuvchi ishbilarmonlar yaratmoqda. Achinarlisi shundaki, sevishganlar bayramining romantik atmosferasi yoshlarning axloqsiz xulqiga ham sabab bo'lmoqda. Ammo bizning yoshlarimizga sevishganlar kuni deb tiqishtirilayotgan bu bayram ortida o'zgacha niyat yo'qmikan? Yoshlik - sevgi va do'stlik fasli. Shundan foydalanib, ko'zga ko'rinmas raqib ularni mahv etishga urinadi. O'zining jirkanch maqsadi yo'lida sevgi va do'stlik kabi muqaddas tuyg'ulardan foydalanishdan ham toymaydi. Davlatimiz rahbarining "Mafkura poligonlari yadro poligonlaridan kuchli" degan so'zlarini esga olaylik. Go'zal ko'rinishdagi "sevgi bayrami" ortida yovuzlik, qabihlik, xalqning ming asrlik qadriyatlarini toptash, o'sib kelayotgan yosh avlodni o'z izmiga solib, manqurtga aylantirish kabi jirkanch niyatlar yo'qligiga kim kafil bo'la oladi? Afsuski, hech kim. "Hayot tarzimizga bildirmasdan bostirib kirayotgan bu bayram aslida bizga kerakmi?" degan savolni o'z-o'zimizga bermog'imiz va bundan to'g'ri xulosalar chiqara olishimiz lozim. Bizning xalqimizga xos qadriyatlar, mehr-oqibat, ota-ona hurmatini joyiga qo'yish, oila muqaddasligi kabi tushunchalarni farzandlarimiz ongiga o'zimiz singdirib borishimiz kerak. Farzandlarimiz tarbiyasi, yoshlar taqdiri uchun har birimiz mas`ulmiz. Ularning hali shakllanib ulgurmagan ongini turli zararli, yot g'oyalardan asrashimiz lozim. Ularning ma`naviyatini boyitish, bilim doiralarini oshirish, tafakkur doiralarini kengaytirish zarur. Vatanimiz kelajagi yoshlar qo'lida ekanligini aslo unutmaylik. Prezidentimiz "Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch" asarida ta`kidlaganidek, "Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro'-e`tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o'sib, ulg'ayib, qanday inson bo'lib hayotga kirib borishiga bog'liqdir. Biz bunday o'tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak". Go'zal ko'rinishdagi, ammo asl maqsadi yoshlarimizning ongini zaharlash bo'lgan "ommaviy madaniyat"dan qutilish, unga tobe bo'lmaslik uchun kuchli qurol - ilm, tafakkur, yuksak ma`naviyatdan foydalanish zarur. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, "fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya, jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish har qachongidan ko'ra muhim ahamiyat kasb etmoqda". Dilfuza ZARIPOVA, jurnalist 171 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|