Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ogohlik
Pirotexnika vositalari:noxush kayfiyat va shovqindan bo'lak narsa emas
24.12.2011 12:58

Mamlakatimizda Yangi yil har yili o'ziga xos ko'tarinki ruhda kutib olinadi. Ushbu bayramni nishonlash uchun ko'chalar, binolar, uylar rango-rang bezatiladi, archalar o'rnatilib, yasatiladi. Dasturxonlarimizga qo'yiladigan turli-tuman noz-ne`matlarni aytmaysizmi? Ammo bu shodiyonaning yana bir darakchisi borki, u ko'plarning kayfiyatini noxush qiladi. Bu pirotexnika vositalaridir. Aslini olganda, mazkur vositalar quloqni qomatga keltiruvchi soniyali «shovqin»dan bo'lak narsa emas.

Keyingi yillarda mamlakatimizda huquq-tartibot va bosh­qa davlat nazorati organlari tomonidan pirotexnika vositalarini mamlakatimizga kirib kelishi, uning oldi-sotdisiga qarshi kurashishga alohida e`tibor qaratildi. Ayniqsa, 2009 yilning 10 dekabrida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O'zbekis­ton Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatga binoan, pirotexnika vositalarini olib kirish, ularni ishlab chiqarish, sotish va foydalanish ma`muriy javobgarlikka sabab bo'ladi. Shu bilan birga barcha pirotexnika vositalari musodara etilib, yo'q qilib tashlanishi ham belgilab qo'yildi.

Pirotexnika vositalarining salbiy, ba`zan fojiaviy oqibatlari barchaga ma`lum. Har yili Yangi yil bayrami boshlanishidan ancha muddat oldin jamoat tashkilotlari, davlat nazorat organlari pirotexnika vositalarining chetdan noqonuniy olib kelinishi va savdosining oldini olish choralarini kuchaytiradi. Lekin, shunga qaramay, bu «o'yinchoq»ni olib keluvchilar va sotib oluvchilar uchrab turibdi.

Shu bois ayni kunlarda farzand­larimizning xatti-harakatiga jiddiy e`tibor qaratishimiz, pirotexnika vositalari keltirib chiqaradigan ayanchli oqibatlari haqida ularga yotig'i bilan tushunchalar berishimiz lozim.

- Ko'z shifokori sifatida shuni aytishim joizki, ko'z jarohatlari - kuyish yoki kesuvchi, sanchiluvchi buyumlar ta`siri, shuningdek, chang tutunlari oqibatida ham sodir bo'lishi mumkin, - deydi shifokor Adiba Rahimova. - Pirotexnika vositalari portlashi oqibatida undan sachragan uchqun ko'zga tushib, termik kuyishga olib keladi. Bunday vositalar aslida odamlarning tinchini buzuvchi, ruhiyatiga salbiy ta`sir ko'rsatuvchi, kuchli qo'rquv sabab jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaruvchi zararli narsadir. Buning natijasida inson bir umrga nogiron bo'lib qolishi ham hech gap emas.

- Ichki ishlar, soliq idoralari, bojxona qo'mitasi va jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus guruhlar ishtirokida mamlakatimiz hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo'yicha tezkor-profilaktik tadbirlar o'tkazilmoqda, - deydi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o'rinbosari, polkovnik Mirkomil Mirfayziyev. - Xususan, tadbirlar jarayonida qo'shni davlatlar bilan chegara hududlarda harakatlanayotgan avtomashina va yo'lovchilar, chegaralar yaqinida joylashgan do'kon va savdo rastalari, xonadon va inshootlar maxsus tekshiruvdan o'tkazilmoqda. Natijada 25 noyabrdan buyon pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog'liq 10 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlardan 4 million 18 ming so'mlik 170 mingdan ziyod pirotexnika vositalari olinib, o'rnatilgan tartibda yo'q qilindi.

Yangi yil munosabati bilan o'tkaziladigan bayram tadbirlarining joylarda yuqori  saviyada, munosib o'tishini ta`minlashga tayyorgarlik ishlari qizg'in borayotgan hozirgi kunlarda jamoat tartibini saqlash, yo'l harakati, ayniqsa, yong'in xavfsizligiga e`tiborni yanada kuchaytirish, turli noxush va favqulodda hodisalarga yo'l qo'ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko'z­langan maqsad mahallalarimizda, eng avvalo, xonadonlarimizda, shuningdek, shahar va qishloqlarimizda bayramning tinch-osoyishta, quvonchu shodiyonalar bilan o'tishini ta`minlashdir. O'z hayotimizni, yaqinlarimizning salomatligini xatar ostiga qo'ymaslik uchun doimo hushyor, farzandlarimizga e`tiborli bo'lmog'imiz maqsadga muvofiqdir. Axir, bayram kunlarining go'zal taassurotlarini kelgusi yilda ham orziqib eslab yurishga ne yetsin?!

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

 

35 marta o`qilgan