![]() |
![]() |
![]() |
Ogohlik
Qonun himoyasidagi tadbirkorlik
20.05.2011 12:21
Qayerdaki iqtisodiy barqarorlik qaror topgan, biznes yuritish uchun maqbul shart-sharoit muhayyo etilgan, sohaning mustahkam huquqiy asosi yaratilgan bo'lsa, o'sha yerda jadal o'sishga, yuksalishga erishiladi. Bunday yutuqqa erishgan mamlakat esa xorijiy tadbirkor va ishbilarmonlar uchun ham jozibador hisoblanadi. O'zbekistonda huquqiy demokratik davlat barpo etish, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilish yo'lidagi izchil islohotlarda iqtisodiyotni yuksaltirish, bunda ichki imkoniyatdan unumli foydalanish bilan bir qatorda xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda qulay investitsiyaviy muhit hukm surayotgan, muayyan imtiyozlar joriy etilgan yurtimizda chet ellik sarmoyadorlar, ishbilarmonlar va tadbirkorlarning emin-erkin faoliyat yuritishi uchun har tomonlama shart-sharoit yaratilgan. Avvalo, sohaning mustahkam huquqiy asosi bunda hal qiluvchi omil bo'layotir. O'zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida»gi (2000 yil 25 may), «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to'g'risida»gi (1998 yil 30 aprel), «Investitsiya faoliyati to'g'risida»gi (1998 yil 24 dekabr), «Chet el investitsiyalari to'g'risida»gi (1998 yil 30 aprel) qonunlar mamlakatimizda mazkur sohadagi huquqiy asoslarni belgilab berib, xorijiy sarmoyalar kirib kelishini rag'batlantirish yo'li bilan O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirish, uning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuviga ko'maklashish, xorijiy moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa resurslarni, zamonaviy texnologiyalarni hamda boshqaruv tajribasini jalb etish, ulardan oqilona foydalanishga xizmat qilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekistonda yurtimiz tadbirkorlari va xorijlik ishbilarmonlar uchun teng va keng imkoniyat yaratilgan. Biroq, afsuski, bunday shart-sharoitdan hamma ham birdek oqilona foydalanayapti deyish qiyin. Masalan, poytaxtlik Anvar Rahimov, uning sherigi hamda xorijlik bir sarmoyador o'rtasida sodir bo'lgan voqea tafsilotlari bilan tanishgan kishida ana shunday fikr uyg'onadi. MANFAAT YO'LIDAGI QINFIRLIK Www.press-uz.info sayti tarqatgan - 2010 yil noyabr oyida jinoiy ishlar bo'yicha Chirchiq shahar sudi tomonidan ochiq ko'rib chiqilgan jinoiy ish haqidagi ma`lumot ko'pchilikni qonunlarni mensimaslikning, o'z shaxsiy manfaatini davlat manfaatidan ustun qo'yishning, qolaversa, mamlakatda qonun yo'li bilan yaratib berilgan shart-sharoitlarni oyoqosti qilishning oqibatlaridan ogoh etadi. Sud qora kursisida boshini xam qilib o'tirgan, 1981 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan Anvar Rahimov oliy ma`lumotli, ozmi-ko'pmi hayotning achchiq-chuchugini totganlardan edi. Ishi ham binoyidek: O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasida faoliyat boshlagan edi. Aynan shu paytlari u turkiyalik ishbilarmon - «Haser tekstil sanayi ve ticeret limited sirkiti» korxonasi vakili Hoqon Avjo'g'li bilan tanishib qoladi. Tadbirkor mamlakatimizda to'qimachilik sohasida faoliyat boshlamoqchi va shunga yarasha sarmoya kiritmoqchi bo'ladi. Shu niyatda korxonani joylashtirish uchun maqbul joy - bino izlaydi. Chirchiq shahrida joylashgan «Elektrokimyomontaj» ochiq aksiyadorlik jamiyatining sobiq profilaktoriysiga qarashli bo'lgan bo'sh bino xorijlik sarmoyador e`tiborini tortadi. Tegishli komissiya u taqdim etgan zarur hujjatlarni qabul qiladi. Tender o'tkaziladi. Unga ko'ra mazkur bino investitsiyalash sharti bilan turkiyalik tadbirkorga ijaraga beriladi. Xorijlik tadbirkor, tabiiyki, o'zbek tilini unchalik yaxshi bilmas, boz ustiga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi haqida ham yetarlicha ma`lumotga ega emas edi. Bu esa maqola «qahramoni» Anvar Rahimovga juda qo'l keldi. Ayni o'sha paytda O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasining bo'lim boshlig'i lavozimida ishlayotgan Anvar «ta`ma operatsiyasi»ni amalga oshirishda 1982 yilda tug'ilgan Nuriddin Yoqubovni «yordam»ga chaqiradi. Turk tilini yaxshi biladigan bu sherik turkiyalik tadbirkor tomonidan tashkil etilgan «Besa tekstil» korxonasiga ishga joylashadi. Biroz vaqtdan so'ng turk tadbirkori va`daga muvofiq, ya`ni yangi korxonani investitsiyalash shartiga binoan bir milliard so'mdan ortiq miqdorda sarmoya kiritadi. So'ngra u o'rnatilgan tartibga binoan o'z tashkiloti uchun davlat orderi olishi lozim edi. Shu bois order uchun zarur bo'lgan hujjatlarni ham tayyorlaydi. Bu hujjatlar bilan kimga murojaat qilish kerakligi borasida ham bosh qotirib o'tirmasdan, hech ikkilanmay eski tanishlari - Anvar Rahimov va Nuriddin Yoqubovdan ko'mak so'raydi. Boisi Nuriddin Yoqubov aynan hujjatlarni rasmiylashtirish va yuritish masalalari bo'yicha ishga tavsiya etilgandi-da! ENDI KYECh EDI Order masalasini hal etish esa asl niyatning oshkora namoyon bo'lishini taqozo etardi. Shunday bo'ldi ham. Ikkovlon aslida hech qanday xarajat va ovoragarchiliksiz hal bo'ladigan bu masala yechimi borasida yordami uchun turk tadbirkoridan 22 ming AQSh dollari so'raydi. Xorijlik ishbilarmon O'zbekistonda order olish masalasi mushkul ekaniga ishontiriladi. Qolaversa, «hamtovoqlar» investitsiyalashning o'z vaqtida amalga oshirilmagani uchun go'yoki O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi oldida 24,9 million so'm miqdorida qarzdor bo'lganini ham sha`ma qilishadi. Bu qarzdorlikni zudlik bilan «yopish» lozimligini uqtirishadi. Shu yo'l bilan aldangan turk ishbilarmoni aytilgan pulning bir qismini, ya`ni 3500 AQSh dollarini tezda «hojatbarorlar» qo'liga tutqazadi. Ikki oy o'tar-o'tmas, aniqrog'i 2010 yilning yanvar oyida, Hoqon Avjo'g'li 7500 AQSh dollarini o'z ishonchiga kirgan «do'st»lariga beradi. Biroq shunga qaramay, turkiyalik tadbirkor order olish uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga o'zi borishiga to'g'ri keladi. Bu yerdan u korxona uchun zarur bo'lgan, allaqachon tayyorlangan rasmiy hujjatlarni oladi. Aldanganini anglab yetgan xorijlik tadbirkorning huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilishidan hayiqqan yigitlar uni har turli yolg'on-yashiq gaplar bilan chalg'itmoqchi bo'lishadi. Biroq endi kech bo'lgan, g'isht qolipdan ko'chgan edi. O'zbekiston Respublikasi «Chet el investitsiyalari to'g'risida»gi Qonuni 9-moddasida qayd etilganidek, davlat O'zbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorlar investitsiya faoliyatini amalga oshirishlari chog'ida ularning barcha huquqlarini kafolatlaydi va himoya qiladi. Yuqoridagi voqeaning xotimasi ham ana shu qonunchilikda nazarda tutilgan qoidaga monand bo'ldi. Mazkur ishni ko'rib chiqqan jinoiy ishlar bo'yicha Chirchiq shahar sudi Anvar Rahimov hamda Nuriddin Yoqubovni sodir etilgan jinoyatda aybdor deb topdi. Sud hukmiga binoan, bu ikki «sherik» belgilangan muddatdagi jazoni o'taydigan, ayni paytda turk fuqarosiga yetkazgan zararini to'liq qoplaydigan bo'lishdi. QONUN BARChAGA BAROBAR Shunday qilib, sud O'zbekiston Respublikasida qonun barcha uchun barobar ekanini, jinoyat sodir etgan har qanday shaxs qonunga muvofiq jazosini olishini yana bir bor amalda namoyon etdi. Mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi fuqarolari ham, chet ellik fuqarolar ham qonun oldida teng ekani isbotlandi. Mamlakatimiz iqtisodiyotini taraqqiy ettirish, iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda xorijiy sarmoyaning ham hissasi katta ekani barchaga ma`lum. Shundan kelib chiqib aytish joizki, yurtimizda iqtisodiyotning tayanchi hisoblangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik keng qo'llab-quvvatlanayotgan, chet el investitsiyalarini jalb etish maqsadida juda qulay imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda yuqoridagidek xunuk holatlar bu boradagi islohotlarga, taraqqiyotimizga to'siq bo'layotgani kishini o'yga toldiradi. Shu o'rinda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning parlamentimiz palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan qo'shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzuiga bag'ishlangan ma`ruzasida keltirilgan bir fikr e`tiborimizni tortadi: «Xususiy mulkning huquq va himoyasini mustahkamlashimiz, har qaysi xususiy mulkdor qonuniy yo'l bilan qo'lga kiritgan yoki yaratgan o'z mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini ta`minlaydigan ishonchli kafolatlar tizimini yaratishimiz zarur. Har bir tadbirkor avvalo shuni aniq-ravshan bilib olishi kerakki, davlat xususiy mulkdor huquqlarining himoyachisidir. Shuning uchun ham tadbirkorlar o'z biznesiga bexavotir investitsiya kiritishi, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishi, mahsulot hajmi va olayotgan daromadini ko'paytirishi, o'z mulkiga o'zi egalik qilishi, foydalanishi, tasarruf etishi lozim». Bu fikrlar, o'z navbatida, xorijiy sarmoyadorlarga ham birdek taalluqli ekaniga hech qanday shubha yo'qdir. Jasur KENGBOYEV, «Jamiyat» muxbiri 144 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|