Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ogohlik
Yashash kerak - chegarada turgandek sergak
01.04.2011 15:52

Axborotdan strategik maqsadda foydalanish yaqin o'tmishda o'ylab topilgan g'oya emas, uning tarixi uzoq va bevosita millatimizning shonli tarixi bilan ham bog'liq. Birgina misol: sobiq sovet tuzumi davrida buyuk bobokalonimiz Amir Temur shaxsini qoralash maqsadini ko'zlab yozilgan «Samar­qand osmonida yulduzlar» romani muallifi Sergey Borodin beixtiyor ulug' ajdodimizning katta iqtidor sohibi, benazir sarkarda ekanini e`tirof etadi.

Uning yozishicha, Sohibqiron biror davlatga yurish qilmoqni rejalashtirsa, o'sha mamlakatga dastlab savdogarlarni, darveshlar va qalandarlarni safarbar etgan. Ular bozorlarda va boshqa gavjum joylarda Temur saltanatining qudratini, askarlarining shon-shavkatini ta`riflab odamlarning qalbiga vahima sol­gan, ularning ko'nglida qo'rquv hissini uyg'otgan. Ana shu harakat Sohibqironning juda kam qurbonlar evaziga g'alabani qo'lga kiritishini ta`minlovchi omillardan biri vazifasini o'tagan.

Davlatimiz rahbari ta`riflagandek, yadro poligonlaridan ham xavfli mafkuraviy poligandagi eng asosiy qurol hisoblanmish axborot o'tgan asrning so'nggi o'n yilliklariga kelib boshqalar tomonidan ham o'zlashtirildi va amalga joriy etila boshlandi. Ayniqsa, ayrim g'arazgo'y kuchlar xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari orqali bundan unumli foydalanmoqda. Ta`sir o'tkazishning eng samarali yo'li - axborot vositasida jamoatchilik ongini boshqarish, shu yo'l bilan istalgan davlatda taloto'mlarni vujudga keltirish, «rangli inqiloblar»ni amalga oshirishga urinishlar bo'lmoqda. 

Axborot texnologiyalarining mislsiz rivoj topishi axborotlar oqimining davlatlar, mintaqalar,  qit`alar o'rtasidagi chegaralardan bemalol hatlab o'tishiga sharoit yaratmoqda. Natijada axborot bugungi kunga kelib manfaatdor taraflarning qudratli quroliga aylandi. Axborotdan ana shunday qurol sifatida foydalanuvchilar ham uni o'z manfaatiga moslash uchun ming usuldan foydalanib, birgina xabarning o'zini ming ko'yga solmoqda.

Bular nimalarda ko'rinadi? Kichik yoshdagilar uchun jangari multfilmlar, rangli kitobcha va daftarchalar, telereklamalar va hokazo, kattalar uchun esa ommaviy axborot vositalari, kino, teatr, eksport mahsulotlari, shov-shuvlar bilan chop etilgan kitoblar, ko'ngilochar gazetalar, internetdagi buzg'unchi saytlar, inson huquqi, reproduktiv salomatlik, oilani rejalashtirish va boshqa bir qancha mavzular yuzasidan tashkil etilgan yig'ilishlar, konferensiyalar, grantlar, behayo reklamalar va hokazolar. Ana shu narsalarning hammasini bor holicha qabul qilish insonni to'g'ri yo'ldan chalg'itadi. Shuning uchun yoshlarda bularga tanqidiy-tahliliy ruhda yondashmoq ko'nikmasini shakl­lantirish darkor. Buning uchun esa kishining zamon ruhiga mos fikrlash qobiliyati, ilmi, milliy g'ururi, bir so'z bilan aytganda, insonning mafkuraviy immuniteti shakl­langan bo'lmog'i lozim.

Prezidentimiz «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» kitobida yozganidek, «Biz farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta`bir joiz bo'lsa, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Toki yoshlarimiz milliy o'zligini, shu bilan birga dunyoni teran anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo'lib yetishsin. Ana shunda johil aqidaparastlarning «da`vati» ham, axloq-odob tushunchalarini rad etadigan, begona g'oyalar ham ularga o'z ta`sirini o'tkaza olmaydi». 

Davlatimiz rahbarining ana shu so'zlarini o'qigan kishining ko'z o'ngida beixtiyor xalqimizning axborotga bo'lgan ehtiyojini qondirishga mas`ul bo'lgan ommaviy axborot vositalarining qiyofasi paydo bo'ladi. Telekanallar  orqali namoyish etilayotgan xorijda ishlangan turli maishiy mavzudagi seriallar, hayosiz kliplar, ma`no-mazmunsiz qo'shiqlar, radioefirlardagi sharmsiz muloqotlar, ko'ngilochar gazetalarda e`lon qilinayotgan Hollivud, Bollivud va mahalliy «yulduzlar»ning oldi-qochdi suhbatlariyu hirs bilan boqib turgan yarim yalang'och suratlari yoshlar ongu shuuriga nima beradi?

Modomiki, kishilik jamiyati axboriy jamiyat sari yuz tutayotgan ekan, aynan axborot tarqatish bilan shug'ullanishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan ommaviy axborot vositalariga talab kuchayadi, shuning barobarida bu soha xodimlaridan Vatan va millat kelajagi uchun jonkuyarlik, fidoyilik talab etiladi. Ular o'zlaridagi iste`dodni mayda-chuyda maishiy xabarlarga emas, yoshlarni ilm olishga, intellektual salohiyatini yuksaltirishga undaydigan maqola, materiallar yozishdek  katta maqsadlarga sarf etmog'i darkor.

Hozirga kelib dunyo davlatlari turli maqsadlarda tashkil etilgan jamoat tashkilotlariga nisbatan birmuncha hushyorlik bilan munosabatda bo'la boshladi. Yevropa va Osiyo davlatlarida buzg'unchilik bilan shug'ullanayotgan ko'plab diniy oqimlar va sektalar, inson huquqini himoya qilish bahonasida ommaning fikrini chalg'itib, buning ortidan tartibsizliklarni keltirib chiqarish ilinjida yurgan ayrim tashkilotlarning ba`zilari butunlay yopildi, ba`zilariga nisbatan jiddiy choralar ko'rilmoqda.

Lekin istaymizmi, yo'qmi, ana shunday fikri buzuqlik, axborot xurujlaridan saqlanish uchun ham har bir kishi mustaqil fikriga ega bo'lishi kerak. Zotan, bu borada ulug' bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning «Jonimdan o'zga vafodor topmadim» degan purma`no so'zlarining mag'zini chaqmoq lozim bo'ladi. Ya`ni, o'zini saqlashga intilmaganni hech kim saqlay olmaydi.

Damin JUMAQULOV,

jurnalist

147 marta o`qilgan