![]() |
![]() |
![]() |
Rasmiy
Markaziy saylov komissiyasida seminar-kengash
18.05.2009 14:49
Shu yil 13 may kuni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha seminar-kengash bo'lib o'tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, viloyatlar saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, O'zbekiston Ekologik harakati rahbarlari, saylovlarni tashkil etish va o'tkazish uchun mas`ul jamoat tashkilotlari, davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etdi. Seminar-kengashni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug'bek Abdusalomov boshqardi. Seminar-kengashni o'tkazishdan asosiy maqsad siyosiy partiyalar, saylov kampaniyasining boshqa ishtirokchilariga Oliy Majlis, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari, saylov qonunchiligi talablaridan kelib chiqadigan asosiy prinsip hamda shartlarni yetkazishdan iborat. Seminar-kengashdagi ma`ruzalarda asosiy e`tibor Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha Konsepsiyani ko'rib chiqishga qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining ushbu Konsepsiyaga muvofiq qabul qilingan «2009 yilning may oyi o'rtalaridan boshlab dekabr oyigacha bosqichma-bosqich o'tkazilishi shart bo'lgan saylovoldi tadbirlarining tarkibi va tuzilmasi» deb nomlangan hujjatini ham ko'rib chiqdi. Markaziy saylov komissiyasining ushbu hujjatlarida bo'lajak saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha asosiy prinsiplar, vazifalar, ustuvor yo'nalishlar, asosiy bosqich hamda tadbirlar belgilangan. Ma`ruzachilar ikki palatali parlament, mahalliy hokimiyat vakillik organlariga bo'lib o'tgan saylov tajribasini ham ta`kidlab o'tdi, bu tajribadan o'tkaziladigan saylovda foydalanishga oid vazifalarni ko'rib chiqdi, saylov to'g'risidagi qonunchilik ijrosini nazorat qilish masalalarini muhokama etdi. Seminarda so'zga chiqqanlar mustaqillik yillarida O'zbekistonda siyosiy, davlat va huquqiy tizimning izchillik bilan bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan saylov tizimi yaratilganini ta`kidladi. Saylovlarning umume`tirof etilgan xalqaro norma va prinsiplarga mos keladigan hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan samarali qonunchilik, me`yoriy-huquqiy bazasi shakllantirildi. Saylov komissiyalarining mustaqil faoliyat ko'rsatadigan organ - Markaziy saylov komissiyasi boshchiligida hokimiyat vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishni ta`minlovchi yaxlit mustaqil tizimi tashkil etildi. Fuqarolar, siyosiy partiyalarning saylov jarayonlarida erkin, faol ishtirok etishi uchun tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik shart-sharoitlar, ularning saylov huquqlari to'liq amalga oshirilishining ishonchli kafolatlari yaratildi. Samarali, demokratik saylov tizimining tashkil etilishi mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish borasidagi barcha ishlarning muhim bo'g'iniga aylandi. Seminar-kengashda bo'lajak saylovlar saylov qonunchiligiga kiritilgan va saylov tizimini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirishni ta`minlagan o'zgartish va qo'shimchalar hisobga olingan holda o'tkazilishi alohida qayd etildi. O'zbekiston Respublikasining 2008 yilda qabul qilingan «Saylov to'g'risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonuniga muvofiq, jamiyatni demokratik yangilash va mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlarida mamlakat oliy qonunchilik organi, joylardagi hokimiyat vakillik organlarining roli va o'rnini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash maqsadida Qonunchilik palatasidagi deputatlik o'rinlari soni 120 tadan 150 taga ko'paytirildi. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar faqat siyosiy partiyalardan ko'rsatiladi. Bu, albatta, davlat hokimiyatining qonunchilik, vakillik organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalar rolini oshiradi. Ularning zimmasiga bir paytning o'zida saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha saylov qonunchiligi talablarini bajarishga doir katta mas`uliyat yuklanadi. Saylovlarda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirildi. Mamlakatning ma`muriy-hududiy bo'linishi, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyat va aholi salomatligini yaxshilash uchun kurashish masalalari, ya`ni hal etilishidan, o'z siyosiy yo'nalishidan qat`i nazar, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatdor bo'lgan muammolarning o'ta muhimligidan kelib chiqqan holda, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlarga 15 ta deputatlik o'rni beriladi. Saylov qonunchiligiga siyosiy partiyaning saylov uchastkalarida ovozlarni sanash, imzo varaqalarining to'g'ri tuzilishini tekshirish huquqi beriladigan vakolatli vakili instituti kiritildi. Deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni 5 nafardan 10 nafarga ko'paytirildi. Qonunchilikka kiritilgan qator yangiliklar saylov komissiyalarining saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha faoliyatining oshkoraligini ta`minlaydi. Markaziy saylov komissiyasi qabul qilgan Konsepsiyada saylov kampaniyasining barcha ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonunchilik qoidalariga qat`iy va so'zsiz amal qilinishini ta`minlash saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Faqat Markaziy saylov komissiyasigina saylov kampaniyasini o'tkazishda asosiy tashkil etuvchi organ hisoblanishi to'g'risidagi qonunchilik qoidasining izchil va so'zsiz amalga oshirilishi muhim vazifadir. Hech kimning, avvalambor, markaz va joylardagi davlat hokimiyati organlarining saylov jarayoniga aralashuviga yo'l qo'yilmaydi. Qonunchilikning ushbu talabini buzishga bo'lgan har qanday urinishning oldi olinadi va qonunga muvofiq jazolanadi. Konsepsiyada saylovlar davomida saylov kampaniyasining har qanday ishtirokchisi uchun biron-bir imtiyoz va preferensiyalar berish istisno etilishi qayd etilgan. Saylov qonunchiligi normalari, talablari, saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishning qonunda belgilangan tartibi, jumladan, Oliy Majlis tomonidan va mazkur Konsepsiyada belgilangan saylov to'g'risidagi qonun hujjatlarining barcha yangi qoidalari hamma uchun majburiy va bir xildir hamda ularga qat`iy rioya etiladi. Markaziy saylov komissiyasi, barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar saylov kampaniyasini o'tkazishida, shuningdek, saylovoldi dasturlari qoidalari, ulardagi mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari bo'yicha pozitsiyalarini saylovchilar, jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng hamda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida barcha choralar ko'riladi. Markaziy saylov komissiyasining «2009 yilning may oyi o'rtalaridan boshlab dekabr oyigacha bosqichma-bosqich o'tkazilishi shart bo'lgan saylovoldi tadbirlar tarkibi va tuzilmasi» deb nomlangan hujjatida saylov kampaniyasiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishning bosqichlari, asosiy tadbirlari belgilangan. Tayyorgarlik davrida (birinchi bosqich) konferensiyalar, seminarlar o'tkaziladi, saylovlar to'g'risidagi qonunlar to'plamlari nashrga tayyorlanadi va joylarga yetkaziladi, Markaziy saylov komissiyasining me`yoriy-huquqiy hujjatlari loyihalari ishlab chiqilib, qabul qilinadi, qonunda ko'zda tutilgan boshqa tadbirlar amalga oshiriladi. Ikkinchi - Asosiy bosqichda saylovchilar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash tashkil etiladi, saylov uchastkalari, saylov komissiyalarini shakllantirishga oid tadbirlar o'tkaziladi, ularning ro'yxatlarini tuzish, boshqa tadbirlarni o'tkazish bo'yicha ishlar tashkil etiladi. Uchinchi - Yakuniy bosqichda deputatlikka nomzodlarni ko'rsatish ishlari amalga oshiriladi, ularning saylovchilar bilan uchrashuvlari tashkil etiladi, ovoz berishga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha tadbirlar o'tkaziladi. Saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha barcha bosqichlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish ko'zda tutilmoqda. Saylovlarni o'tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta`minlash, shuningdek, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatida qonuniylik, kollegiallik, mustaqillik, adolatlilikka rioya qilishga qaratilgan boshqa tadbirlar ham o'tkaziladi. Siyosiy partiyalar rahbarlari, boshqa jamoat tashkilotlari vakillari o'z chiqishlarida Oliy Majlis, mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bo'yicha barcha ishlarni saylov qonunchiligi qoidalari hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Konsepsiyaga qat`iy rioya qilgan holda amalga oshirish bo'lajak saylovlarni yuqori demokratik saviyada o'tkazish imkonini berishini ta`kidladi. Bo'lajak saylovlar esa mamlakatimizni demokratik yangilash, uni kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchillik bilan rivojlantirishda Oliy Majlis, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining rolini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy saylov komissiyasimatbuot xizmati Ishtirokchilar fikr-mulohazalari: Baxtiyor YOQUBOV, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari: - Bugungi Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar vakillari o'rtasida ochiq, amaliy va konstruktiv ruhda o'tkazilgan muloqotda bo'lg'usi saylov kampaniyasi davomida saylov qonunchiligi talablariga so'zsiz va og'ishmay rioya etilishini ta`minlash bo'yicha komissiyaning prinsipial pozitsiyasi e`lon qilindi. Unga ko'ra, saylovlar mustaqil organ - Markaziy saylov komissiyasining tashkilotchiligida o'tkaziladi va hech kimning saylovlar jarayoniga aralashuviga, ta`sir ko'rsatishiga yo'l qo'yilmaydi. Hozirdanoq aytish mumkinki, saylov kampaniyasida siyosiy partiyalar o'rtasida har bir deputatlik o'rni uchun jiddiy raqobat bo'lishi kutilmoqda, binobarin, saylovlar yuksak demokratik darajada o'tkaziladi. Ishonamizki, partiyamizning ko'p sonli elektorati - ishbilarmonlar, tadbirkorlar va fermerlarning xohish-irodasi bo'lg'usi saylovlar davomida o'zining amaliy ifodasini topadi. Abumannop TO'LAGANOV, O'zbekiston Ekologik harakati Markaziy kengashi Ijroiya qo'mitasi devoni rahbari: - Fuqarolik jamiyati institutlarining saylovlardagi roli va ularda ishtirok etish imkoniyati kengayib borayotgani mamlakatimiz kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchillik bilan borayotganini ko'rsatadi. Saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartishlarga muvofiq, parlamentning quyi palatasidagi 15 ta o'rin O'zbekiston Ekologik harakatidan saylanadigan deputatlarga ajratilgani, tom ma`noda, mamlakatimizda jamiyatning barcha qatlamlariga taalluqli bo'lgan atrof-muhitni muhofaza qilish, mavjud ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, fuqarolar salomatligi bilan bog'liq masalalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani va unga davlat darajasida e`tibor kuchayayotganidan dalolatdir. Xudoyor MAMATOV, «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zosi: - Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan konsepsiyada siyosiy partiyalar oldiga qator muhim vazifalar qo'yilgan. Jumladan, saylovlarning demokratik asosda o'tkazilishida ularga katta mas`uliyat yuklanmoqda. Masalan, saylov qonunchiligiga saylov uchastkalarida ovozlarni sanash, imzo varaqalarining to'g'ri tuzilganini tekshirish huquqini beradigan siyosiy partiyaning vakolatli vakili institutini joriy etish kabi qator yangi qoidalarning kiritilishi, shubhasiz, bo'lg'usi saylovlarning ochiq, erkin va haqqoniy o'tkazilishini kafolatlaydi. Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasida siyosiy partiyalarni ro'yxatga olish uchun zarur bo'lgan saylovchilar imzolarining 50 mingdan 40 mingga kamaytirilishi ham o'z faoliyatimiz ustida yanada ko'proq ishlashimizga qo'shimcha omil bo'lib xizmat qiladi. Ulug'bek VAFOYEV, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisining o'rinbosari: - Seminar-kengashda o'tgan saylovlar tajribasi xolis baholandi, bo'lg'usi saylov kampaniyasini tashkil etishning asosiy yo'nalishlari belgilandi. O'ylaymanki, ular siyosiy partiyalar faoliyatini yanada takomillashtirishda o'ziga xos saboq bo'ladi. Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi a`zosi sifatida komil ishonch bilan aytishim mumkinki, professional ikki palatali parlament tajribasi, saylov tizimini yanada erkinlashtirish maqsadida saylov qonunchiligining takomillashtirilishi hamda partiya tuzilishi amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda barcha siyosiy partiyalardan o'z elektorati bilan ishlash shakl va uslublarini qayta ko'rib chiqishni taqozo etdi. Endi har bir siyosiy partiya o'z elektorati oldida saylovoldi dasturlarini bajarish mas`uliyatini anglamoqda, fuqarolarning amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga munosabatlarini, shuningdek, qonun ijodkorligi saviyasi va qonun hujjatlarining amalda qo'llanilishini inobatga olmoqda. Marinika BABANAZAROVA, O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a`zosi: - Ikkinchi - asosiy bosqichdagi vazifalar saylovchilar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, ovoz beruvchilar ro'yxatini tuzish va saylov komissiyalarini shakllantirish bilan bog'liqdir. Saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, saylov okruglari va uchastkalari tarkibini shakllantirish va tasdiqlash zarur bo'ladi. Shuningdek, saylovoldi targ'ibot tadbirlarini o'tkazish bo'yicha faoliyatni tashkil etish, deputatlikka nomzod faoliyatini kafolatlash ham taqozo etiladi. Eng muhimi, saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida saylovlarning ochiq va haqqoniy o'tkazilishini ta`minlash bo'yicha choralarning amalga oshirilishidir. Bu borada ham siyosiy partiyalar tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga katta e`tibor qaratiladi, albatta. Ernazar JUMANAZAROV, Qoraqalpog'iston Respublikasi saylov komissiyasi raisi: - Yakuniy bosqichda joylarda saylov qonunchiligiga yangi kiritilgan me`yorlarni so'zsiz bajarilishini ta`minlashga erishmoq kerak. Hech kimning saylovlar jarayoniga aralashuviga yo'l qo'yilmaydi, bu borada zarur choralar ko'rish, ovoz berish kunigacha targ'ibot ishlarini namunali o'tkazish asosiy vazifalarimiz jumlasidandir. Ulug'bek MUHAMMADIYEV, «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari: Bugungi seminar-kengashdan chiqarilgan asosiy xulosa, bu - siyosiy partiyalarning mas`uliyati sezilarli darajada oshayotganida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan konsepsiya saylovlarda siyosiy partiyalarning halol raqobat qilishiga imkon beruvchi asoslarni yanada mustahkamlaydi. Saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishda barcha bo'g'indagi saylov komissiyalari faoliyatida odillik, erkinlik, ochiqlik, kollegiallik, qonunlarga rioya etish ta`minlanadi. Bu esa siyosiy partiyalarga o'z elektorati ishonchi uchun ochiq va halol kurashish imkonini beradi. Siyosiy partiyaning vakolatli vakili institutining joriy etilishi esa saylovning transparentligini ta`minlaydi.
384 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|