![]() |
![]() |
![]() |
Rasmiy
ONA VATAN TIMSOLI
20.11.2008 23:37
Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsollari sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Davlat ramzlari ko'p mingyillik tarixga ega bo'lib, milliy davlat qurilishi va madaniy rivojlanish tarixi bilan bog'liq. Xalqimizning buyuk davlat barpo etish g'oyasi, salohiyati va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, eng avvalo, davlat ramzlari va timsollarida o'z ifodasini topgan. Shu bois, ajdodlarimiz hayotida ramzlar va timsollar juda e`zozlangan. Odamlar davlat timsollari uchun o'z jonlarini ham fido etganlar. Jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qo'liga o'tishi mag'lubiyat bilan barobar turgan. Bunga tariximizdan juda ko'p misollar keltirish mumkin. Masalan, 1221 yilning kuzida mo'g'ul bosqinchilari olti oylik qamaldan so'ng Xorazm poytaxti Gurganjga yopirilib kirganida, shayx Najmiddin Kubro shahar mudofaasi rahnamolaridan biriga aylanadi. Tengsiz kurashda o'z ko'ksini dushman nayzasiga qalqon qiladi. Aytishlaricha, shayx o'limi oldidan mo'g'ul yalovbardorlarining biridan bayroqni tortib olib, yerga qulaydi. Yovga nisbatan nafrat shu qadar kuchli ekanki, mo'g'ullar keyinchalik shayxning jonsiz qo'lidan bayroqlarini tortib ololmaganlar... Shayx Najmiddin Kubroning yurt ozodligi yo'lidagi bu jasorati, mana, qariyb sakkiz yuz yildirki, barcha avlodlarga zo'r bir ibrat namunasi bo'lib kelayotir. O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrda bo'lib o'tgan sakkizinchi sessiyasi «O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida»gi Qonunni qabul qildi. O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i yurtimiz o'tmishi, buguni va kelajagining yorqin ramzi bo'lib qoldi. Bayrog'imizda, shuningdek, xalqimizning xohish-irodasi, salohiyati, g'ururi va kayfiyati aks etgan. Davlat bayrog'i mustaqil davlat va unda yashovchi fuqarolar daxlsizligining aniq ifodasidir. Yuqorida zikr etilgan Qonunning 5-moddasida belgilab qo'yilganidek, O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i doimiy sur`atda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining binosida, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari binolarida, O'zbekiston hukumati, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, hokimliklar ish olib borayotgan binolarda, sudlar binosida, O'zbekiston rasmiy delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlarda, sport maydonlarida, bayram kunlari - vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralari, boshqa davlat va jamoat idoralari binolarida, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda, shuningdek, turar-joy binolarida ko'tariladi. «O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida»gi Qonunning aniq bajarilishini kuzatib borish viloyatlar, tumanlar va shaharlarning hokimliklariga va O'zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatiya vakolatxonalariga yuklatilgan (12-modda). Qonunga binoan, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O'zbekistonda turgan boshqa shaxslar O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'ini hurmat qilishlari shart. Mustaqillik yillarida bolalar bog'chalari, maktablar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida dushanba kungi saboqlar Davlat bayrog'ining tantanali sur`atda ko'tarilishi, bolalarimizning o'ng qo'lini ko'ksiga qo'yib madhiyamizni kuylashidan boshlanishi farzandlarimiz qalbida Vatanga, Davlatimiz ramzlariga nisbatan iftixor paydo bo'lishiga olib keldi. Zero, shu yurt farzandiman, degan har bir inson, eng avvalo, bebaho ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarimiz bo'lgan davlat ramzlarini bilishi, hurmat qilishi shart. Binolarning peshtoqlarida bayroqni to'g'ri o'rnatish, quyosh nuri, yomg'ir, chang-to'zondan rangi o'chib, eskirib qolmasligini hisobga olib, bayroqni tez-tez yangilab turish, bayroqning tasviri tushirilayotganda yoki chizilayotganda, qonunda belgilangan sxema va rangli tasvirga qat`iy amal qilish, xonalar, sinf xonalari, auditoriyalar, majlis zallari, ma`naviyat va ma`rifat maskanlarida Davlat ramzlari o'rnatilayotganda yoki tasviri tushirilayotganda hamisha old tomonda o'rnatilishi maqsadga muvofiq bo'lishini unutmasligimiz lozim. Davlat ramzlari, xuddi ona-Vatan kabi aziz va muqaddas. Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g'ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir. Nasimjon ALIMOV, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati 578 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|