![]() |
![]() |
![]() |
Siyosiy partiyalar
Elektorat manfaatlari doimiy e`tiborda
18.12.2011 19:05
Ma`lumki, O'zbekiston xalq demokratik partiyasi ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni o'zining doimiy elektorati deb biladi. Binobarin, partiyaning harakat va saylovoldi dasturlarida ham ayni jihat alohida ustuvorlik kasb etgan. Shu bois partiya Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Konsepsiyani hayotga izchil tatbiq etishda o'z amaliy ishtirokini kuchaytirish, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturi, qolaversa, partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, 2011 yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o'rinlarini yaratishga bag'ishlangan iqtisodiy forumlarni o'tkazib kelmoqda. Ma`lumot o'rnida aytish joizki, shu kungacha Toshkent, Samarqand, Navoiy, Andijon, Xorazm, Sirdaryo, Buxoro, Namangan va Jizzax viloyatlarida ushbu yo'nalishda o'tkazilgan tadbirlarda jami 500 nafarga yaqin partiya elektorati vakillari boshlang'ich kapitalini shakllantirish hamda kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni boshlash maqsadida imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi sertifikatlarni qo'lga kiritdi. Bugungi kunga kelib, ulardan 400 dan ortig'i ko'rsatilgan miqdoridagi mablag'ni olib faoliyatini boshlash yoki kengaytirishga safarbar qilishdi. Banklar tomonidan forumlar doirasida O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati uchun ajratilgan kredit mablag'larining umumiy qiymati 20 milliard so'mdan oshib, mazkur mablag'lar hisobidan jami 700 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilgani loyihaning yana bir muhim yutug'idan dalolat beradi. Mamlakatimizda shaxs va uning haq-huquqlari har narsadan ustunligi, barcha fuqarolar uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoki nafaqaga chiqqan keksalarimiz ham davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikdan, shart-sharoitlardan chetda qolmasligi islohotlarning bosh maqsadidir. Binobarin, Prezidentimizning «2011-2015 yillarda yolg'iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi hamda yaqindagina e`lon qilingan «Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorlarining qabul qilinishi esa nihoyasiga yetib borayotgan yilda ham mazkur yo'nalishdagi islohotlar izchillik bilan davom ettirilayotgani, yosh avlod tarbiyasi va kamoloti yo'lida qilinayotgan ishlar yangi bosqichga ko'tarilayotganidan dalolat beradi. Partiyamizning navbatdagi iqtisodiy forumi Toshkent shahrida tashkil etildi. «Aholining ijtimoiy zaif hamda jismoniy imkoniyati cheklangan qatlamini qo'llab-quvvatlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o'rinlarini yaratish» mavzuida o'tkazilgan bu forumning yana bir ahamiyatli jihati, unda asosiy e`tibor jismoniy imkoniyati cheklangan elektorat vakillarining istiqbolli deb topilgan loyihalarini moliyalashtirish masalalariga qaratildi. Forumda partiyaning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi va partiya Markaziy Kengashi a`zolari, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, «Mikrokreditbank» ochiq aksiyadorlik tijorat banki va yetakchi tijorat banklari, ularning shahar va tuman bo'limlari rahbarlari, partiya faollari, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilik bilan shug'ullanayotgan elektorat vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi. Mazkur forumda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning loyihalari o'rganib chiqildi. Sertifikatlarning aynan ana shu qatlam vakillari - jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga topshirilishi, ularning ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish, bandligini ta`minlash, oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish va o'zlari, qolaversa, oila a`zolarining moddiy talablari darajasida moddiy ta`minotga erishish imkonini beradi. Qolaversa, bir vaqtning o'zida bandlik, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturlarining bajarilishida ham katta ahamiyatga ega. Forum doirasida partiya elektorati vakillari, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun iqtisodiy o'quv tashkil qilinib, unda tijorat banklari tomonidan mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatishning huquqiy asoslari, oilaviy tadbirkorlik va boshlang'ich sarmoyalarni shakllantirishga kreditlar ajratish qoidalari hamda amaliyoti kabi mavzularda ma`ruzalar qilindi. Bu borada olib borilayotgan amaliy sa`y-harakatlar xususida ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytarildi. O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari poytaxtimizdagi mahallalar miqyosida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari ko'magida kredit olishga va uni ishlatishga layoqatli bo'lgan elektorat vakillarini aniqlash ishlarini olib bordi. Toshkent shahrida hududiy rivojlanish dasturi hamda aholiga yangi ish o'rinlari yaratish borasidagi ustuvor yo'nalishlardan kelib chiqib, o'z tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlagan kam ta`minlangan, iqtisodiy faol kishilar, jismoniy imkoniyati cheklanganlar, ayollar, yoshlar, xususan, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari tomonidan taqdim etilgan biznes loyihalar o'rganib chiqildi va ulardan istiqbolli deb topilgan 60 dan ortiq elektorat vakillariga imtiyozli kreditlar olish bo'yicha tijorat banklarining sertifikatlari topshirildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Konsepsiya ijrosini ta`minlashda faol ishtirok etish maqsadida partiyaning 2011-2014 yillarga mo'ljallangan harakat dasturiga ko'ra, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta`minlash, yangi korxonalarni tashkil etish hisobiga qo'shimcha ish o'rinlari yaratish bo'yicha Toshkent shahrida aniq vazifalarni bajarishga alohida e`tibor qaratildi. Bu jarayonda partiya tashkilotlarining faol ishtirokini ta`minlashga yanada kuchliroq yondashish lozimligi qayd etildi. Forum doirasida, shuningdek, bugungi kunda o'z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan elektorat vakillarining ishlab chiqarayotgan mahsulotlari, buyumlari ko'rgazmasi hamda tijorat banklari tomonidan mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha uslubiy qo'llanmalar namoyishi hamda bank xodimlarining maslahatlari tashkil etildi. Mazkur tadbirning yana bir muhim yo'nalishi sifatida, O'zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi tashkil etilgani keng jamoatchilikning e`tirofiga sazovor bo'ldi. Yarmarkada shahardagi korxona va tashkilotlar o'zlarida mavjud bo'sh ish o'rinlari bilan ishtirok etishdi. Toshkent shahar bandlikka ko'maklashish markazi tomonidan 2000 dan ortiq bo'sh ish o'rinlari xususida ma`lumotlar taqdim etildi. Bu esa ko'plab xotin-qizlar, yoshlar, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari va elektorat vakillarining doimiy ish o'rniga ega bo'lishiga imkon yaratdi. Forum dasturidan o'rin olgan ko'chma jamoatchilik qabulxonasi ishida O'zXDPdan parlament Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylangan deputatlar tomonidan fuqarolar qabul qilinishi elektorat muammolarini kengroq o'rganish va ularning yechimini ta`minlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga zamin yaratdi. Deputatlarimiz fuqarolarning murojaatlarini tegishli tartibda ko'rib chiqib, amaliy yordam berishni o'z zimmasiga oldilar. Shuningdek, iqtisodiy forum doirasida 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan partiyaning Toshkent shahar kengashi va «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi hamkorligida ijtimoiy aksiya o'tkazildi. Unda Mehribonlik uylari va jismoniy imkoniyati cheklangan elektorat vakillariga qimmatbaho sovg'alar hamda dori-darmon vositalari topshirildi. Alisher RAVSHANOV, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi matbuot xizmati xodimi
35 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|