![]() |
![]() |
![]() |
Siyosiy partiyalar
Faollik va tashabbuskorlik bahsi
30.09.2011 13:43
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu borada ularning turli sohalarga oid bilim va ko'nimasini yuksaltirish, mahoratini namoyish etishga qaratilgan madaniy-ma`rifiy tadbirlarning ham munosib o'rni bor. O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya Qo'mitasi tomonidan har yili an`anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan «Donolik va tashabbuskorlik - siyosiy yetakchilik mezoni» ko'rik-tanlovi ham ana shu maqsadlarga yo'naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. Yaqinda ushbu tanlovning yakuniy respublika bosqichi bo'lib o'tdi. Tadbirda O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va partiyaning O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari faollari, «Ayollar qanoti» yetakchilari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari, hunarmandlar, san`atkorlar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda qayd etilganidek, «Donolik va tashabbuskorlik - siyosiy yetakchilik mezoni» respublika ko'rik-tanlovi yuksak bilim va malakaga ega bo'lgan xotin-qizlarning qonunchilik, ijro va sud hokimiyati tarmoqlaridagi faoliyatini, huquqiy, siyosiy tashabbuslarini rag'batlantirish, siyosiy yetuk ayollar hisobiga partiyaning kadrlar zaxirasini mustahkamlash, shuningdek, aholi va partiya a`zolarining mamlakatimizdagi saylov tizimi, qonunchiligi borasidagi bilimini, siyosiy ongi va madaniyatini yanada oshirish maqsadida tashkil etib kelinmoqda. O'z navbatida, 2009 yildan buyon a`nanaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan ushbu tanlov xotin-qizlar orasidan yuksak iste`dod va iqtidor sohiblarini, malakali siyosiy yetakchilarni aniqlashga munosib xizmat qilmoqda. Tadbir tashkilotchilarining qayd etishicha, bu yilgi tanlovning o'tgan ikki oy davomida bo'lib o'tgan tuman-shahar va viloyatlardagi saralash bosqichlarida ham yuzlab xotin-qizlar o'zlarining bilim va salohiyatlarini sinab ko'rdi. - Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rnini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga katta e`tibor berilayapti, - deydi O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya Qo'mitasi devoni Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari bo'limi bosh mutaxassisi Oygul Boybekova. - Shunga hamohang ravishda O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham bir qator ishlar, jumladan, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etib kelmoqda. Xususan, «Donolik va tashabbuskorlik - siyosiy yetakchilik mezoni» respublika ko'rik-tanlovi eng tashabbuskor, zukko, ishbilarmon, jamiyatda kechayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlarni aniqlash va ularni munosib rag'batlantirish imkonini berayotir. Tanlovning hududiy saralash bosqichida g'oliblikni qo'lga kiritgan 14 nafar xotin-qiz huquqiy savodxonlik, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faollikni oshirishga qaratilgan uchta shart bo'yicha o'zaro bellashib, o'z bilim va mahoratini namoyon etdi. Qizg'in kechgan bahslarning yakuniy natijalariga ko'ra birinchi o'ringa jizzaxlik Barno Boltayeva loyiq deb topildi. Ikkinchi o'rin qashqadaryolik Gulzoda Samadovaga, uchinchi o'rin esa namanganlik Nilufar Rasulovaga nasib etdi. - Izlanish va intilish, tashabbuskorlik, faollik har tomonlama qo'llab-quvatlanib, munosib rag'batlantirilishi yangi marralar sari kuchli ishtiyoq va ishonch beradi, - deydi ko'rik-tanlovning birinchi o'rin sohibasi Barno Boltayeva. - Shu ma`noda, ushbu ko'rik tanlov huquqiy va siyosiy bilimimni yanada mustahkamlashda, mahoratimni oshirishga turtki bo'ldi. O'ylaymanki, bu kabi tadbirlar xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ko'rik-tanlovda xotin-qizlar orasidan «Eng tashabbuskor ishtirokchi», «Eng bilimdon ishtirokchi», «Eng zukko ishtirokchi», «Eng yosh, faol ishtirokchi», «Eng iqtidorli ishtirokchi», «Eng nazokatli ishtirokchi», «Kuchli siyosiy bilim egasi», «Eng mohir ijro egasi» kabi nominatsiyalar bo'yicha g'oliblar aniqlandi. Tadbir so'ngida g'oliblar hamda barcha ishtirokchilar O'zbekiston «Milliy tiklanish» partiyasi hamda hamkor tashkilotlarning qimmatbaho sovg'alari, faxriy yorliq va diplomlari bilan taqdirlandi. Feruza XO'JAYEVA
71 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|