![]() |
![]() |
![]() |
Siyosiy partiyalar
Faollik va tashabbuskorlik tadbiri
24.11.2011 22:22
Yurtimizda
istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni bilimli,
zakovatli, yetuk, har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish yo'lida keng
ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunga monand ravishda yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz, an`ana va urf odatlarimizga hurmat, boy tarixiy, ma`naviy merosimizning haqiqiy bilimdoni, zamonaviy bilimlar egasi qilib tarbiyalashga ko'maklashish maqsadida O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham muntazam ravishda turli tadbirlar, davra suhbatlari, forum va ko'rik-tanlovlar o'tkazib kelmoqda. Partiya Markaziy Kengashi «Yoshlar qanoti» tashabbusi bilan hududiy partiya tashkilotlari «Yoshlar qanoti» qoshidagi «Yosh siyosiy bilimdonlar» klubi a`zolari o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yilligiga bag'ishlab o'tkazilayotgan «Mustaqillikka 20 yil: ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar yoshlar nigohida» mavzuidagi ko'rik-tanlov ana shunday tadbirlardan biridir. Mazkur ko'rik-tanlov O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi «Yoshlar qanoti» qoshidagi «Yosh siyosiy bilimdonlar» klubi faoliyatini rivojlantirish, yoshlarimiz o'rtasida klub faoliyati, maqsad va vazifalarini targ'ib qilish, ularni jalb etish, pirovardida siyosiy yetakchilik va tashabbuskorlik mahoratini oshirish, sog'lom fikrni shakllantirish, siyosiy-huquqiy bilimini boyitish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida o'tkaziladi. Shuningdek, unda o'sib kelayotgan avlodda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularning siyosiy-huquqiy jarayonlarda bevosita ishtirokini ta`minlash, intellektual salohiyatini to'liq namoyon etishi, jamiyatda munosib o'rin egallashi uchun zarur sharoitlar yaratib berishga ko'maklashish ham bosh maqsadlardan biridir. Joriy yilning aprel-iyun oylarida tanlovning mintaqaviy bosqichlari hamda 11 noyabr kuni respublika bosqichi tashkil etildi. Yakuniy bosqichda O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi «Yoshlar qanoti» qoshidagi «Sarbon», Navoiyning «Koinot», Samarqandning «Afrosiyob», Surxondaryoning «Janub nihollari» va Toshkent viloyatining «Iftixor» jamoalari o'zaro bellashdilar. Ishtirokchi jamoalar tanlov nizomiga asosan uch shart bo'yicha o'z imkoniyati va salohiyatini sinovdan o'tkazdi. «Tashrif kartochkasi» deb nomlangan shartda har bir jamoa o'n daqiqa davomida o'z jamoasi nomi va shiori mazmun-mohiyatini tanishtirishi, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O'zMTDP nizom va dasturi asosida o'z siyosiy qarashlarida aynan bir g'oyani ifodali tarzda namoyon etishi, shu orqali siyosiy bilimi hamda tafakkurini ko'rsata olishi talab etildi. «Kuch – bilim va tafakkurda» ijtimoiy-siyosiy va huquqiy sohalarga oid savol-javoblar shartida jamoalar javobiga bir daqiqadan vaqt ajratiladigan 15 ta savol berildi. Uchinchi shart esa «Tashabbuskor yoshlar» deb nomlandi. Unda har bir jamoa o'zining ijtimoiy loyihalari taqdimotini namoyish etdi. O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi dasturi va saylovoldi platformasida yoshlarning ongiga milliy istiqlol g'oyasini singdirish, ularning jamiyatimiz taraqqiyotiga to'siq bo'layotgan turli xil g'oyaviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetini shakllantirish, milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an`analarimizni e`zozlash, shuningdek, mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari hamda an`analariga hurmat hissi bilan qarash, vatanparvar, mustaqil, erkin fikrga ega iste`dodli yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash kabi vazifalar belgilangan. Mazkur ko'rik-tanlov ham partiya dasturidan kelib chiqqan holda yoshlarni millatning chinakam tiklanishi va yuksalishi yo'lida fidoyilik ko'rsatishi, tashabbuskorlik va fidoyilikka chorlashi tabiiy. Yakuniy natijalarga ko'ra, O'zMTDP Navoiy viloyat Kengashi «Yoshlar qanoti» qoshidagi «Yosh siyosiy bilimdonlar» klubi faollaridan iborat «Koinot» jamoasi birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Xorazm viloyatining «Sarbon» jamoasi ikkinchi, Samarqand viloyatining «Afrosiyob» jamoasi esa uchinchi o'ringa loyiq deb topildi. Ishtirokchi jamoalar partiyaning diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Hamdam NIYOZOV, O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo'mitasi devoni xodimi
58 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|