![]() |
![]() |
![]() |
Siyosiy partiyalar
Mustahkam oila - jamiyat tayanchi
03.01.2012 16:55
Yaqinda O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi «Ayollar qanoti» va O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamkorligida kirib kelayotgan 2012 yilning mamlakatimizda «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi munosabati bilan «Mustahkam oila - jamiyat tayanchi» mavzusida tadbir o'tkazildi. Tadbirda partiyaning Markaziy Kengashi va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari, «Ayollar qanoti» faollari, O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas`ul xodimlari, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan harbiylar va ularning oila a`zolari, Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbir partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda muqaddas qadriyat bo'lmish oilani mustahkamlash, tariximizni o'rganish, uni targ'ib-tashviq qilish ishlarini muntazam davom ettirish, bu borada asosan yoshlarga keng tushuncha berish, oila munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hamda qonunosti hujjatlarining amaldagi ijrosini ta`minlash, mavjud muammolarni o'rganish, yosh, namunali oilalarni moddiy-ma`naviy rag'batlantirish maqsadida o'tkazildi. Qayd etilganidek, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2012 yil yurtimizda «Mustahkam oila yili» deb nomlanishi mamlakatimizda xalq farovonligi, yurt tinchligi, oilalar mustahkamligi va barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu maqsadlarni izchil davom ettirishda muhim asos bo'lib xizmat qilishi shubhasizdir. Davlatimiz rahbarining Bosh qomusimizning 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasi O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining kelgusi ish faoliyatida dasturilamal bo'lishi ta`kidlandi. «Mustahkam oila yili»da partiyaning oila munosabatlarini mustahkamlash borasidagi ishlarini yangi bosqichga ko'tarishi alohida qayd etildi. Zero, O'zMTDP saylovoldi platformasida shaxs shakllanishida oilaning o'rni beqiyos ekanligidan kelib chiqib, oila instituti va uning qadriyatlarini mustahkamlash borasida aniq maqsadga qaratilgan ish olib borish, «Yuksak ma`naviyatli oila orqali yuksak taraqqiyot sari» g'oyasiga asoslangan ijtimoiy-ma`naviy loyiha yaratish hamda uni amalga oshirish vazifasi belgilangan. Bu borada partiya «Ayollar qanoti» tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, ma`naviy-ma`rifiy va huquqiy savodxonligini, demokratik jamiyatni shakllantirishdagi faolligini oshirish, mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan muayyan ishlar qilindi. Jamiyatning asosiy bo'g'ini bo'lmish oilani mustahkamlash, yurtimizning chekka qishloqlarida ham oilaviy biznesni, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayollarning o'z oilasi davrasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishga zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e`tibor berildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanayotgan xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ayollarning jamiyatdagi mavqeini, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimini boyitish, ularning turmushini yaxshilash uchun munosib sharoit yaratish, jamiyatda kechayotgan barcha ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlarda ularning faol ishtirokini ta`minlashga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaraldi. «Sog'lom avlodni shakllantirishda oila va ayolning o'rni», «Oila mustahkamligida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o'rni», «Yosh oilalarning barqarorligini ta`minlashda nikoh shartnomalarining ahamiyati», «Oila mustahkamligi va yosh avlod tarbiyasida ayollarning hamda mahallaning o'rni», «Qiz - oilaning, oila esa millatning ko'zgusidir» kabi mavzulardagi turkum tadbirlar, davra suhbatlari, forum va uchrashuvlar, ilmiy-amaliy seminar hamda ko'rik-tanlovlar, «Otam, onam va men - sportchilar oilasi» shiori ostidagi sport musobaqalari o'tkazilgani yuqoridagi fikrimiz dalilidir. Shuningdek, tadbirda partiya va Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi hamkorligida mamlakatimizning barcha hududlarida o'tkazlayotgan «Qo'sha qarib, qadr topganlar», «Qaynona-kelin», «Oilamni asrab qolaman», «Kelinlik saboqlari» kabi mavzulardagi tadbirlar oila qurish bo'sag'asida turgan qizlar, yosh oila bekalariga juda asqotayotgani ishtirokchilar tomonidan e`tirof etildi. Tadbir doirasida O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning namunali oilalariga partiya va hamkor tashkilotlarning qimmatbaho sovg'alari topshirildi. Tadbir yakunida san`atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar yig'ilganlarga bayramona kayfiyat baxsh etdi. O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Axborot xizmati.
79 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|