Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Siyosiy partiyalar
Ortga nazar - kelajakka nigoh
21.10.2011 01:59
Kuni kecha O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining V plenumi bo'lib o'tdi. Unda Partiya doimiy elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda O'zXDP tashkilotlari va deputatlik guruhlarining Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishdagi amaliy ishtiroki samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi

Plenumda partiya Markaziy Kengashi va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi  Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlarining rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo'lida olib borilayotgan tub islohotlarda siyosiy partiyalarning ham o'rni tobora ortib bormoqda. O'zXDP mamlakatimizda inqirozga qarshi olib borilayotgan islohotlar barqarorligini ta`minlashning asosiy omillaridan biri import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda bu jarayonni jadallashtirishdan iborat deb hisoblaydi.  Shu munosabat bilan partiya yaqinda davlatimiz rahbarining Namangan, Andijon va Farg'ona viloyatlariga qilgan safari chog'ida qayd etgan vazifa, ya`ni yangilanayotgan qishloq aholi punkt­larida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qo'shilgan qiymati yuqori bo'lgan tovarlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxonalarni tashkil etish masalasini davlat darajasida ko'rib chiqilishini qo'llab-quvvatlaydi.

Albatta, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining sa`y-harkatlarining ushbu vazifani amaliy hal qilishga qaratilishi elektoratning bir qator uzoq muddatli ijtimoiy manfaatlarini hal qilishga xizmat qiladi. Shu bois plenumda partiyaning Oltiariq va Uchko'prik tumanlari xalq deputatlari tuman kengashlaridagi O'zXDP partiyaviy guruhlari yangi turdagi qishloq aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha o'z dasturlarini ishlab chiqish tashabbuskori bo'lishi, ushbu dasturlarda yuqoridagi kabi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, tegishli ijtimoiy, kommunal infratuzilmani rivojlantirish masalalari ko'zda tutilishi kerakligi tavsiya etildi. Bu vazifani hal qilishda esa nomlari sanab o'tilgan tumanlardagi deputatlik birlashmalari O'zXDPning parlamentdagi  fraksiyasining Farg'ona viloyatidan saylangan a`zolariga tayanishi, partiyaning Markaziy va Farg'ona viloyat kengashlari tomonidan ekspertlik  yordamini olishi muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi. 

Ishtirokchilar partiyaning iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirishdagi ishtirokini yanada faollashtirish zarurligini qayd etar ekan, O'zXDP turli ijtimoiy nafaqalar uchun faqatgina byudjet xarajatlarining ortishi hisobiga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoyalash tarafdori emasligini aytib o'tdi. Chunki partiya mehnatga layoqatli aholining, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning ishlab chiqarishdagi bandligini ta`minlashni bu masalani hal qilishning yanada samarali yo'li deb hisoblaydi.

Aytish o'rinliki, ushbu ijtimoiy ustuvor yo'nalishni amalga oshirishning samarali shakllaridan biri, joylarda O'zXDP  Markaziy Kengashi va  viloyat tashkilotlari tomonidan tijorat banklari hamda mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash idoralari ishtirokidagi iqtisodiy forumlarni o'tkazishdan iborat bo'layapti. Xususan, forumlar doirasida olingan va o'zlashtirilgan mikrokreditlar natijasida partiya elektoratining 550 dan ortiq vakillari oilaviy va xususiy biznesda o'z faoliyatini boshladilar. Yig'ilishda mehnatga layoqatli aholining band­ligini ta`minlashning bir nechta muhim jihatlari sanab o'tildi. Jumladan, band bo'lmagan aholini real sektordagi ishlab chiqarish faoliyatiga samarali jalb etish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning imkon doirasidagi mehnat bilan bandligi uchun qonun bilan o'rnatilgan kvotalarga amal qilinishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o'rnatish lozim. Shuning­dek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini mutaxassisliklari bo'yicha to'laqonli ishga joylashtirish ham dolzarb vazifalar sirasiga kirishi ta`kidlandi.

Shuningdek joylardagi islohotlarning hozirgi bosqichiga xos bosh­qa muhim ijtimoiy yo'nalishlarga e`tiborni kuchaytirishdagi partiyaning faol ishtirokini kengaytirish bilan bog'liq masalalar ham plenum kun tartibidagi muhim masalalardan bo'ldi. Bu kabi masalalarda fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan joylarda ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida «Mahalla - manzilli ijtimoiy himoya markazi» mavzuidagi turkum ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni o'tkazishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Bundan tashqari, O'zXDPning tuman va shahar Kengashlaridagi partiyaviy guruhlariga mahalliy byudjetlar mablag'lari hisobidan ijtimoiy sohaning to'liq moliyalashtirilishi, shuningdek, kommunal sohani rivojlantirish va kam ta`minlangan aholi qatlamlari uchun ijtimoiy turarjoylarni qurishni moliyalashtirish uchun qonun bilan mo'ljallangan mablag'larning maqsadli sarflanishi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishga e`tiborni kuchaytirish zarurligi aytildi.  

Plenumda shuningdek, 17 ta tuman va shahar Kengashida tegishli masalalar ularning doimiy komissiyalarida ko'rib chiqish uchun, 13 ta Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida esa O'zXDP partiyaviy guruhlari tomonidan o'rganilgan masalalar sessiyalar kun tartibiga kiritildi.

Shu bilan birga, joylardagi ayrim mahalliy tashkilotlar va deputatlik birlashmalarining bu masalalarga mas`uliyat bilan yondashishi zarurligi ham alohida ta`kidlandi. Bu borada Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida alohida tuman va shahar Kengashlaridagi O'zXDP deputatlik guruhlari tomonidan partiyaning Amaliy harakatlar dasturida qo'yilgan vazifalarni hal qilishda mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalana olinmayotgani kabi holatlar ham atroflicha tahlil etildi.

Partiyaning «Istiqbol» yoshlar va «Faol ayollar» qanotlari faoliyati ham tanqidiy tahlil etildi. Plenumda partiya matbuoti xususida so'z borar ekan, partiyalararo ochiq bahsni kuchaytirish masalasiga e`tiborni kuchaytirish darkorligi qayd etildi. Ta`kidlandiki, bu kabi munozaralar avvalo, siyosiy partiyalar pozitsiyasini taqqoslash, ularning ijtimoiy jihatdan ahamiyatli turli masalalar bo'yicha nuqtai nazarini solishtirish, baholash xususiyatiga ega bo'lishi lozim.  

Plenum so'ngida ko'rib chiqilgan barcha masalalar bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Hasan MO'MINOV,

«Jamiyat» muxbiri

47 marta o`qilgan