Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Siyosiy partiyalar
Orzular ro'yobiga xizmat qilish saodati
09.01.2012 10:27

Kuchli iqtisodiy salohiyatga ega Toshkent viloyatining mamlakatimiz taraqqiyotidagi ulushini yuksaltirishda yoshlarning ham alohida o'rni bor. Shu bois tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyat kengashi faoliyatida ayni jihatga alohida e`tibor qaratiladi.

Raqamlarga murojaat etadigan bo'lsak, viloyat miqyosida jami partiya a`zolarining 11 ming nafardan ko'prog'i, ya`ni 49 foizi yoshlardir. Ularning 2 ming 166 nafarini 18-24 yoshdagilar, 3 ming 359 nafarini esa 25-34 yoshdagilar tashkil etadi. Shu ma`noda viloyatdagi yoshlar bilan ishlash bo'limlari O'zLiDePning Toshkent vohasidagi yoshlar siyosatini yurituvchi institut sifatida o'z faoliyatini yanada jonlantirishi va takomillashtirishi muhim ahamiyatga ega.

- Faollarimiz doim yoshlar bilan ishlashga katta e`tibor qaratishadi, - deydi O'zLiDeP Toshkent viloyati O'rtachirchiq tuman Kengashi raisining yoshlar masalalri bo'yicha o'rinbosari Javohir Yunusov. - Bo'limimiz yoshlar bilan ishlaganda imkon qadar barcha qatlam va soha vakillarini qamrab olishga harakat qiladi. Qator maktab va kollejlarda ham yoshlar ma`naviyatini, siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning ma`rifiy tarbiyasiga ko'maklashishga qaratilgan turli tadbir va kechalar uyushtirib boramiz. Jumladan, tumandagi Qishloq xo'jalik kasb-hunar kollejida, Pedagogika va xizmat ko'rsatish kollejida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Konsepsiyaning mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalarni yoshlar o'rtasida targ'ib etish maqsadida davra suhbatlari o'tkazildi. Ularda tuman Kengashi deputatlari, partiya faollari va albatta faol yoshlar ishtirok etishdi.

Bo'lim yoshlarni rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash uchun ular ichidan eng qobiliyatlilarini aniqlab, ularning salohiyatini rivojlantirishga intiladi. Bunda turli tanlovlar katta ahamiyatga ega bo'layapti. Masalan, tumandagi Qishloq xo'jalik kasb-hunar kollejida «Ishbilarmon o'quvchi» ko'rik-tanlovining tuman bosqichi o'tkazildi. Unda tuman Ijtimoiy iqtisodiyot kasb-hunar kolleji talabalari Shahboz Yaxshiboyev va Shahzod Abdurazzoqov hamda tuman Pedagogika va xizmat ko'rsatish kasb-hunar kolleji talabasi Dildora O'lmasova birinchi o'rinni egallab, viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo'llanmaga ega bo'ldi. Bu kabi tadbirlar yangi iqtidor egalarini kashf etishga yordam berayotir.

Yoshlarning boshini qovushtirishda turli jamoat ishlari ham muhim ahamiyatga ega. Jumladan, partiyaning tuman kengashi tashabbusi bilan yakuniga yetgan yilning aprel oyida «Mustaqillikning 20 yilligiga 20 tupdan ko'chat ekamiz!» shiori ostida ommaviy hashar o'tkazildi.

Aholi bandligini ta`minlash va yangi ish o'rinlarini yaratish masalasi ham doimiy e`tiborda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida yaratilgan qulay huquqiy imkoniyatlardan unumli foydalangan holda amalga oshirilgan ko'pgina loyiha va aksiyalar o'rtachirchiqlik yoshlarda tadbirkorlikka qiziqish uyg'otish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy tashbbuslarini qo'llab-quvvatlash, ijodiy qobiliyat va salohiyatini yuzaga  chiqarishga, iqtisodiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo'ldi. Masalan, O'zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo'limi tashabbusi bilan Toshkent davlat agrar universitetida o'tkazilgan «Diplom bilan biznesga» deb nomlangan o'quv seminarida O'rtachirchiq tumanidan o'nta kollej bitiruvchi talabalari  ishtirok etib, ularning barchasi imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlarni qo'lga kiritishdi. Ulardan ikki nafari allaqachon kreditni olib, tadbirkorlikni boshlab yuborishdi. Xususan, Muzaffar Karimov 5,5 million so'mlik imtiyozli kredit asosida xususiy tadbirkorlikni yo'lga qo'ymoqchi. Uning do'sti Saydulloh Ahmedovning esa avvaldan bog'dorchilikka ishtiyoqi baland edi.

- Bog' barpo etish mening ezgu orzuim, - deydi yosh tadbirkor-bog'bon Saydulloh Ahmedov. - Sir emas, keyingi yillarda yurtimizda bog'lar tashkil etishga katta e`tibor qaratilmoqda, bog'dorchilik uchun yirik yer maydonlari ajratilmoqda. Chunki bog'lar maydonini kengaytirish iqlimni yumshatishi, dekorativ xususiyatlarga ega bo'lishi bilan birga, ichki bozorda mevalar turi va miqdorining ko'payishiga, pirovardida dasturxonimiz to'kin-sochinligiga, ushbu mahsulotlar narxining barqarorlashuviga, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga xizmat qiladi. «Mikrokreditbank»dan olgan 5,5 million so'mlik kredit evaziga yuqori navli mevali daraxt ko'chatlari ekishni rejalashtirganman. Chunki bir tup pakana olma daraxti boshqa nav­larga nisbatan 4-5 barobar hosildor bo'ladi. Qolversa, ularning parvarishi ham kam mehnat talab qiladi, tez hosilga kiradi, kasallikka chidamli. Eng asosiysi, pastak daraxt mevalarini terib olish oson, maxsus texnikaga ehtiyoj sezilmaydi. Meva terish jarayonida daraxt shoxlari va meva kurtaklari sinishining oldi olinadi. 

Mamlakatimizda yoshlar uchun, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bir sharoitda partiya kengashlarining Yoshlar bilan ishlash bo'limlari yigit-qizlarning yaqin yordamchisi va maslahatgo'yiga aylanayotgani, ularga mavjud shart-sharoitlardan to'g'ri foydalanish bo'yicha yo'l-yo'riq ko'rsatayotgani, amaliy yordam berayotgani ko'zlangan maqsadga erishishda muhim omil bo'layotir. Zero, Yoshlar bilan ishlash bo'limlari faoliyat samarasini o'tkazilgan tadbirlar soni hisobotlar bilan emas, balki bo'lim yordamida hayotda o'z yo'lini topayotgan yoshlar miqdori bilan o'lchash har jihatdan ahamiyatlidir.

Zopir QILICHYEV,

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi «Yoshlar qanoti» faoli

46 marta o`qilgan