Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Siyosiy partiyalar
Qonun loyihalari - jamoatchilik muhokamasida
18.12.2011 18:39

Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi jamiyatimizning bugungi va kelgusi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi dasturilamaldir. Konsepsiyada ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslari bugungi tezkor davr talab etayotgan o'ziga xos ehtiyoj va zaruratning hosilasi hamda 20 yil ichida mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinayotgan izchil islohotlarning mantiqiy davomidir.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari Konsepsiyada ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslar asosida tegishli qonunlar loyihalarini o'z vaqtida, sifatli ishlab chiqib, qabul qilish mas`uliyatini chuqur anglagan holda quyi palatadagi qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etmoqda. Bunda fraksiya o'z e`tiborini demokraktik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot boshqaruvini liberallashtirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakatini rivojlantirish  masalalariga, bir so'z bilan aytganda, mulkdorlar sinfini qo'llab-quvvatlashga qaratmoqda. 

O'zLiDeP fraksiyasi o'z faoliyatida konsepsiya doirasida ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarining jamoatchilik ishtirokida keng muhokamasini tashkil etishga ham jiddiy yondashmoqda. Ana shu maqsadda fraksiya tashabbusi bilan joriy yilning noyabr oyida yurtimizning turli hududlarida «O'zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklarining kafolatlari to'g'risida»gi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi va «Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag'ishlangan 20 ga yaqin davra suhbatlari, muloqotlar tashkil etildi.

Konsepsiya va «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan qonun loyihalari muhokamasiga keng aholi qatlamlarini faol jalb qilish ularning nafaqat sifatini oshirishga, balki kelgusida joylarda huquqni qo'llash amaliyoti borasidagi ishlarni yaxshilashga ijobiy ta`sir ko'rsatayotir. Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari vakillarining huquqiy madaniyati yuksalmoqda, qonun loyihalari ishlab chiqilishi jarayonida ularning manfaatlarini hisobga olish, davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik-oshkoralik ta`minlanmoqda. 

«O'zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklarining kafolatlari to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun loyihasi Namangan, Sirdaryo, Buxoro viloyatlarining shahar va tumanlarida jamoatchilik ishtirokida qizg'in muhokama qilindi. Ularda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish O'zbekis­tonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng miqyosli iqtisodiy islohotlarning eng muhim tarkibiy qismi ekanligi alohida ta`kidlandi. Mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi bugun 50 foizdan oshadi. Konsepsiya va Davlat dasturida u iqtisodiyotning real tarmoqlarida, avvalambor, sanoatda yetakchi o'rin egallashi zarurligi hamda shu maqsadda milliy qonunchilikni takomillashtirish vazifasi belgilangan.

Tadbirlarda mazkur qonun loyihasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi ulushini oshirishga, xususiy sektor sohasi vakillari  uchun  o'z faoliyatini tashkil etish va kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish uchun yanada katta imkoniyatlar hamda istiqbollar ochib berishi qayd etildi. O'zLiDePning parlamentdagi fraksiyasi a`zolari tadbir ishtirokchilariga tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag'batlantirish, uning sub`ektlari faoliyati uchun yanada ko'proq erkinlik berish, ularni tashkil qilish mexanizmlarini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasining asosiy maqsadlari haqida ma`lumot berdilar. Ishtirokchilar qizg'in muhokamalar davomida qonun loyihasini takomillashtirish bo'yicha o'z taklif-mulohazalarini bildirdilar.

Mazkur qonun loyihasidagi eng muhim yangiliklardan biri tadbirkorlik sub`ektining haqliligi prezumpsiyasi belgilanganidir. Endi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda, me`yoriy-huquqiy hujjatlardagi bartaraf etib bo'lmaydigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlar foydasiga talqin etilishi qonunchilik asosida mustahkamlanmoqda. Shuningdek, qonun loyihasida nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy-xo'jalik faoliyatiga aralashuvlarini qisqartirishga qaratilgan me`yorlar kiritilgan. Tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish, ular faoliyatini tekshirish hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari to'g'risidagi qonunchilikning boshqa me`yorlari belgilangan tartibini buzganlik uchun aybdor shaxsni javobgarlikka, shu jumladan, jinoiy javobgarlikka tortish me`yori belgilandi. 

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub`ektlari uchun bozorlarda teng sharoitlar yaratish zaruratidan kelib chiqib, qonun loyihasiga nosog'lom raqobatga yo'l qo'ymaslik, tadbirkorlarning xomashyo, alohida tovarlar va xizmatlardan keng foydalanishlarini ta`minlash, tadbirkorlik sub`ektlari mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish bo'yicha ushbu maqsadlarga ixtisoslashgan markazlar va tashqi savdo kompaniyalar tuzish to'g'risidagi moddalar kiritilgan.

Shuningdek, davlat buyurtmasini olish ham qonunchilik asosida mustahkamlanmoqda. Jumladan, birinchidan, davlat idoralari tadbirkorlik sub`ektlari orasida davlat ehtiyojlari uchun ishlab chiqarish va yetkazib berish buyurtmalarini joylashtirishga doir choralarni ko'rmoqda, ikkinchidan, davlat xaridlari bo'yicha tanlovlarni o'tkazishda boshqa teng sharoitlar qatorida xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga ham alohida e`tibor qaratiladi. Qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to'g'risidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan qator boshqa me`yorlar ham ko'zda tutilgan.

Konsepsiyada bayon etilgan qonunchilik tashabbuslariga muvofiq ishlab chiqilgan «Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida»gi qonun loyihasi esa Qoraqalpog'iston Respublikasining Konliko'l tumanida, Termiz, Andijon, Jizzax shaharlarida o'tkazilgan tadbirlarda muhokamalar markazida bo'ldi.

Ta`kidlanganidek, bu qonun loyihasida oilaviy tadbirkorlik oila a`zolarining umumiy yoki ulushli mulki asosida hamda ularning bevosita mehnati ishtirokida tashkil qilingan oilaviy korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan xo'jalik faoliyatining alohida tashkiliy-huquqiy shakli sifatida ko'rib chiqilmoqda. Oilaviy korxona o'z faoliyatini yuridik shaxs­ni tashkil qilgan holda amalga oshiradi va nafaqat er-xotinlar umumiy mulk bazasida, balki mehnat qilish yoshiga yetgan, qarindoshlik munosabatlaridagi boshqa oila a`zolari ham unda ishtirok etishi mumkin. Oilaviy korxona davlat tomonidan belgilangan namunadagi ariza va ta`sis shartnomasi asosida soddalashtirilgan tartibda xabar berish tamoyili bo'yicha ro'yxatga olinadi. Bunda iste`mol tovarlarini ishlab chiqarish va sotish, xizmat va servis xizmatlarini ko'rsatish, tadbirkorlik oilaviy korxonaning asosiy faoliyat sohalari hisoblanadi. Oilaviy korxonalar mikrofirmalar va kichik korxonalar kabi, biroq soddalashtirilgan shaklda moliyaviy hujjat va statistika hisobotini yuritadi.

Jamoatchilik muhokamalarida qonun loyihasida oilaviy korxona a`zolari o'rtasida o'zaro mehnat munosabatlari ular tomonidan mehnat haqidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan yollanma ishchilar bilan o'zaro munosabat sifatida tartibga solinishi  va boshqa me`yorlar ko'zda tutilayotgani haqida tegishli tushuntirishlar berildi. Oilaviy korxonalar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan buyumlar ro'yxatiga ko'ra, hunar­mand­chilik, badiiy hunarmandchilik va amaliy san`at buyumlarini sotishdan olgan daromad bo'yicha yagona soliq to'lovlaridan ozod etiladi.

O'zLiDeP nuqtai nazariga ko'ra, «O'zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklarining kafolatlari to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi va «Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida»gi qonun loyihalari juda dolzarb bo'lib, hozirgi davr talablariga to'liq javob beradi. Ularning qabul qilinishi va amalga oshirilishi nafaqat Konsepsiya va «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish, balki umuman O'zbekiston iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirish, uning dunyo bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa O'zLiDeP Saylovoldi dasturida belgilangan eng ustuvor vazifalardan biridir.

Shuhrat ORIPOV,

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi

Matbuot xizmati rahbari

 

59 marta o`qilgan