Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Siyosiy partiyalar
Rejali ish mohiyati
30.01.2012 15:17

Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb e`lon qilingan 2011 yilda yurtimizda barcha jabhada beqiyos yutuqlar qo'lga kiritildi. Ijtimoiy-siyosiy hayotimizda katta o'zgarishlar bo'ldi. Bunga, avvalo, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida ko'zda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosi hamda davlatimiz rahbarining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan qo'shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da ilgari surilgan g'oyalarni ro'yobga chiqarish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar tufayli erishildi.

O'zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ham ana shunday islohotlar ijrosini ta`minlash borasida o'z Nizomi va saylovoldi dasturi doirasida muayyan ishlarni amalga oshirdi. Xususan, partiyaning Toshkent shahar Kengashi yakuniga yetgan yilda yuqorida ta`kidlangan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgan ko'plab ishlarni amalga oshirdi, tadbirlar uyushtirdi.

2011 yilda O'zbekiston «Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi o'zining asosiy e`tiborini partiyaning jamiyatdagi mavqeini ko'tarish, a`zolari va tarafdorlari sonini ko'paytirish, ularning siyosiy va huquqiy bilimini boyitish, pirovardida ularning jamiyatdagi ijtimoiy-siyo­siy faolligini kuchaytirishga qaratib keldi, shu bilan birga davlat siyo­satini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratdi.

O'zbekiston mustaqilligini mustahkamlash borasida demokratik jarayonlarni jadallashtirish va huquqiy davlat barpo etish borasida Vatanga sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlarni tarbiyalash va fuqarolarning o'z qonuniy huquqlarini, burchlarini anglashga ko'maklashish, shuningdek, siyosiy ongi, madaniyatini yuksaltirish maqsadida shahar va tuman Kengashlari tomonidan jami 600 dan ortiq siyosiy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar tashkil etilgan  bo'lib,  ularda 30  mingdan  ziyod  kishi qatnashdi.

Tadbirlar faqat ma`ruza tarzida emas, balki seminar, seminar-trening, ochiq muloqot, badiiy ko'rinish, ko'rgazma va boshqa qator yo'nalishlarda o'tkazildi. «O'zbekiston «Adolat» SDP demokratik islohotlarning yangi bosqichida», «Siyosiy partiyalarda kadrlar tayyorlash sifatini yanada takomillashtirish masalalari», «Jamiyatni demokratlashtirish va chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda siyosiy partiyalarning faollligini oshirish masalalari» va boshqa dolzarb mavzularda o'quv seminar-trening­lar tashkil etildi.

Yurtimiz va xalqaro ahamiyatga molik muhim sanalar, bayramlar munosabati bilan qator anjuman, seminar, davra suhbatlari, madaniy-ma`rifiy tadbirlar ham ko'tarinki ruhda uyushtirildi. Ayniqsa, «Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!» shiori ostida nishonlangan O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 20 yillik yubiley bayramiga alohida tayyorgarlik ko'rgan O'zbekis­ton «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi mazkur tarixiy sanaga bag'ishlangan keng ko'lamdagi tadbirlarning tashkilotchisi bo'ldi.

Xususan, 21-25 aprel kunlari Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida «Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!» shiori ostida «Mehring bilan yashayman, Vatan!» deb nomlangan yirik ko'rgazma tashkil etildi. 2011 yilning 11 may sanasida davlatimiz mustaqilligining 20 yilligiga bag'ishlab, «O'zbekiston «Adolat» SDP demokratik islohotlarning yangi bosqichida» mavzuida o'quv seminar tashkil etildi. Istiqlolimizning qutlug' to'yi munosabati bilan 11 avgust kuni Chilonzor tumanining Kichik Xirmontepa mahallasida istiqomat qilayotgan 63 nafar kam ta`minlangan oilalar vakillariga moddiy ko'mak ko'rsatilib, sov­g'a-salom ulashildi. Shuningdek, 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizning barcha tumanlarida «Sen yolg'iz emassan» mavzuida tadbirlar o'tkazildi.

Xalqaro bag'rikenglik kuni, Xal­qaro nogironlar kuni, Xalqaro OITS­ga qarshi kurashish kuni kabi ko'plab ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bayramlar partiya tashkilotlari e`tiborida bo'ldi. 

Har bir siyosiy partiyaning samarali faoliyat yuritishi ko'p jihatdan deputatlik korpusining qay darajada salohiyatga egaligiga bog'liq. Shu ma`noda, O'zbekiston «Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi o'z deputatlarining salohiyatidan unumli foydalanib kelmoqda.

Ma`lumki, 2009 yil xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga bo'lib o'tgan saylovda shahar partiya Kengashidan 60 nafar nomzod ko'rsatilgan bo'lib, ulardan 11 nafari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati etib saylangan. Bugungi kunda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida 10 nafar deputatdan iborat bo'lgan partiya deputatlik guruhi faoliyat yuritmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi barcha doimiy komissiyalarga partiya deputatlik guruhi a`zolari saylangan. Guruh a`zolari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tarkibidagi komissiyalar ishida faol qatnashib kelmoqda. Buni 2011 yil mobaynida o'n nafar deputat ishtirokida yuzlab tadbirlar, xususan, saylovchilar bilan uchrashuvlar, davra suhbati, seminar, yig'ilish va ommaviy tadbirlar tashkil etilgani misolida ham ko'rishimiz mumkin. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining har bir sessiyasidan so'ng partiya deputatlik guruhi a`zolari chiqishlar qilib, o'z taklif va tashabbuslarini ilgari surib, sessiyada ko'rilgan masalalarga o'z munosabatini bildirib kelmoqda. Bu borada deputatlarimizning ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlari ham diqqatga molikdir. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a`zolarining har birining fuqarolarni qabul qilish xonasi mavjud. O'tgan davr mobaynida deputatlarimiz ko'plab fuqarolarning muayyan muammolar bo'yicha ariza, shikoyat va murojaatlarini o'rganib chiqib, muammolar yechimiga imkon qadar hissa qo'shdi. Shuningdek, ular partiya shahar Kengashi, davlat hokimiyati vakillik organi qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarorlari ijrosini nazorat qilish jarayonida faol ishtirok etib kelmoqdalar. Bundan tashqari, har bir deputat o'z tumanidagi partiya tashkiloti rahbari bilan partiya ishini yanada takomillashtirish borasida o'zaro hamkorlik va hamjihatlik asosida faoliyat yuritib kelayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Umuman olganda, partiya deputatlik guruhining boshqa a`zolari ham o'zi a`zo bo'lgan doimiy komissiyalarda va o'z saylov okruglari faoliyatida ishtirok etib, fuqarolarning har bir murojaatini e`tibordan chetda qoldirmay chuqur o'rganib, ularga yechim topishda muntazam ravishda faol­lik ko'rsatib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi Prezidentimiz tomonidan «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilingan 2012 yilda ham partiya ustavi, saylov­oldi dasturi, asosiy maqsad-vazifalari hamda qabul qilinajak Davlat dasturida ko'zda tutiladigan vazifalar ijrosi yo'lida sobit­qadamlik bilan faoliyat yuritadi. Kelgusi yil faoliyati uchun tuzilayotgan rejaga muvofiq tadbirlar sifati va qamroviga yanada katta e`tibor qaratadi.

Parida PARMANOVA,

O'zbekiston «Adolat»

sotsial-demokratik partiyasi

Toshkent shahar Kengashi raisi

21 marta o`qilgan