![]() |
![]() |
![]() |
Siyosiy partiyalar
Siyosiy va huquqiy madaniyat: o'zaro ta`sir jarayonida bir-birini to'ldirib, boyitib boraveradi
18.12.2011 19:33
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan dasturiy ma`ruzasida mamlakatimizning istiqboldagi taraqqiyotini o'zida aks ettiruvchi qator vazifalarni belgilab bergan edi. Xususan, ma`ruzada: «Jamiyatning demokratiya yo'lidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati, ko'p jihatdan, odamlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasiga bog'liqdir. Yuksak huquqiy madaniyat - demokratik jamiyat poydevori va huquqiy tizimning yetuklik ko'rsatkichidir. Shu munosabat bilan, bugungi siyosiy-huquqiy voqealikni hisobga olgan holda, mamlakatimizda huquqiy ta`lim va ma`rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar targ'ibotini tubdan yaxshilashga yo'naltirilgan maqsadli keng ko'lamli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarur. Ushbu dasturning amalga oshirilishi aholining inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo'lishi, fuqarolarda qonunga itoatkorlik tuyg'usining yanada ortishini ta`minlaydi», - deb qayd etib o'tgan edi. O’zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va uning parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi jamiyatda siyosiy va huquqiy madaniyatni yuksaltirish yo'lida ayni shu nuqtai nazardan faoliyat ko'rsatmoqda, deyish mumkin. Erkinlik, adolatlilik va birdamlik g'oyalarini ilgari surayotgan «Adolat» SDP ijtimoiy adolatga hamda qonun ustuvorligiga asoslangan, barcha fuqarolar qonun oldida teng bo'lgan, o'z konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini bemalol amalga oshiradigan huquqiy davlat qurilishini maqsad etgan. Partiya deputatlik korpusining huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining qonuniy asoslarini yanada takomillashtirish, jumladan, advokatura institutining huquq va vakolatlarini kengaytirish bo'yicha yangi qonun hujjatlarining qabul qilinishida faol ishtirok etib kelayotgani buning yaqqol dalilidir. Istiqlolning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishni o'z oldiga asosiy maqsad etib qo'ygani bejiz emas. Mustaqillikning o'tgan 20 yili biz uchun erishilgan muvaffaqiyatlardan tegishli xulosalar chiqarib, kelgusi rejalarni belgilashda arzigulik yillar bo'ldi, desak, xato qilmagan bo'lamiz. Zero, yutuq va tajribalar endilikda jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy asoslarini isloh etishga, fuqarolar turmush tarzini, ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, demokratik islohotlar hamda modernizatsiya jarayonlari jamiyatda siyosiy va huquqiy madaniyatning yuksalishiga ijobiy ta`sir ko'rsatmoqda. Aytish kerak, jamiyatimiz hayotida siyosiy, huquqiy madaniyat tushunchasining ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar davrida siyosiy va huquqiy madaniyatning o'rnini hech narsa bilan tenglashtirib bo'lmaydi. Siyosiy madaniyat umumiy madaniyatning muhim ko'rinishi bo'lib, u har bir fuqaroning ichki va tashqi siyosatni idrok eta bilishida, tahlil qila olish qobiliyatida, o'z xatti-harakatini mustaqil belgilashi va amalga oshirishida namoyon bo'ladi. Umuman olganda, siyosiy madaniyat insonning siyosiy hodisalar haqidagi tasavvurlari, xulqi yoki siyosiy hokimiyat sub`ekti sifatidagi faoliyatining ko'rinishi bo'lib, u shaxsning siyosiy faoliyat ko'nikmalarini qay darajada egallaganini ko'rsatadi. Har bir inson siyosiy jihatdan faol fuqaroga aylanish jarayonida ijtimoiy-madaniy tizimning asosiy xususiyatlarini o'zida uyg'unlashtirib boradi. Umume`tirof etilgan siyosiy-madaniy qadriyatlar, xulq-atvor andozalari hamda an`analar fuqarolarni yagona siyosiy tizim atrofida birlashtiradi, bir jamiyatni boshqa jamiyatdan farqlaydi. Kishilar siyosiy madaniyat negizida yagona davlat fuqarolari ekanini anglab yetadi. Shu bilan birga, siyosiy madaniyat jamiyat a`zolarida vatanparvarlik tuyg'usini qaror toptiruvchi kuch ekani bilan ham ahamiyatlidir. Ta`kidlash joizki, siyosiy madaniyat muntazam rivojlanib boruvchi dinamik hodisa hisoblanadi. Jamiyatda kechayotgan turli siyosiy jarayonlar bilan bir qatorda fuqaroning siyosiy faolligi hamda siyosiy madaniyati ham yuksalib boradi. Shu o'rinda ta`kidlash o'rinliki, 2009 yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo'lib o'tgan saylov bunga yorqin misoldir. Ushbu siyosiy jarayonda saylovchilar ro'yxatiga kiritilgan 17 milliondan ortiq fuqaroning saylash va saylanish huquqlaridan to'la foydalanishi, konstitutsiyaviy burchlarini ado etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Saylovning mamlakat va xalq hayotidagi ahamiyati targ'ibot-tashviqot ishlari orqali aholiga keng yetkazildi. Natijada, fuqarolar mazkur muhim siyosiy tadbirda faol qatnashib, o'z fuqarolik burchini faollik bilan ado etganiga guvoh bo'ldik. Huquqiy madaniyat mamlakat rivojida muhim o'rin tutadi. Huquqiy madaniyat shaxsiy e`tiqodlarga emas, balki qonunga asoslanib harakat qilish qobiliyatidir. Agar fuqarolarning huquqiy savodxonligi shakllangan bo'lsa, yangi siyosiy me`yorlar hamda qonunlarni osonlik bilan o'zlashtirish uchun imkon yaratiladi. Har bir shaxsning huquqiy madaniyati jamiyat huquqiy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida, jamiyat taraqqiyotini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Natijada, jamiyatda O'zbekiston «Adolat» SDP g'oyalaridan biri - ijtimoiy adolatli tuzum qaror topadi va bu jamiyatning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi omillardan sanaladi. Shuni ham alohida ta`kidlash kerakki, siyosiy, huquqiy madaniyat avvalo oilada shakllanadi. Oilada yo'lga qo'yilgan oqilona tarbiyaviy muhit, siyosiy-huquqiy ko'nikmalar farzandlarning ma`nan yetuk, teran aql-idrok va sog'lom dunyoqarash sohibi bo'lib voyaga yetishlarida katta o'rin tutadi. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, turli nohush jinoyatlarning aksariyati qonunni yaxshi bilmaydigan, huquqiy ongi past oilada voyaga yetganlar tomonidan sodir etilmoqda. Ana shu nuqtai nazardan O'zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi deputatlari, partiya faollari olimlar, ekspertlar bilan hamkorlikda aholining inson huquq va erkinliklariga chuqur hurmat bilan yondashishga qaratilgan munosabatlarini yanada mustahkamlashga yo'naltirilgan me`yoriy-huquqiy hujjatlarni hamda inson huquqlari madaniyatini yanada oshirish va mustahkamlash borasidagi tegishli hujjatlarni ishlab chiqishda yanada faol ishtirok etadi. Yunon faylasufi Arastu axloqiy fazilatlar va illatlarni tavsiflar ekan, ijobiy fazilat sifatida jasurlik, mo'`tadillik, saxiylik, muloyimlik, haqgo'ylik, adolatli bo'lish kabilarni keltirib o'tadi. Qo'rqoqlik, isrofgarchilik, o'zini tiya bilmaslik, ehtiyotsizlik, xasislik, maqtanchoqlik, qo'pollik, takabburlik, mol-dunyoga berilish kabi xususiyatlarni esa illat sifatida tilga oladi. Shu bilan birga, u ma`naviy yuksak va to'g'ri fikrlovchi kishini axloqiy hamda huquqiy jihatdan yetuk kishi deb hisoblaydi. Biz so'z yuritayotgan siyosiy va huquqiy madaniyatning o'zaro uzviyligini huquqshunoslar ham, siyosatshunoslar ham e`tirof etishadi. Chunki huquqiy madaniyat jamiyat hayoti negizlari hamda qonunlarini idrok etishni mustahkamlasa, siyosiy madaniyat huquqiy madaniyatni yanada takomillashtiradi. Muxtasar aytganda, siyosiy va huquqiy madaniyat o'zaro ta`sir jarayonida bir-birini to'ldirib, boyitib boraveradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning muvaffaqiyati xuddi shu jihatlar bilan ham fuqarolar siyosiy ongi va huquqiy madaniyati darajasiga bog'liqdir. Shu nuqtai nazardan takror aytish joiz, yurtimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar va demokratik jarayonlarda fuqarolarning siyosiy-huquqiy faolligi muhim rol o'ynaydi. Boshqa partiyalardan farqli o'laroq, o'zining saylovoldi dasturida bu boradagi vazifalarni aniq belgilab olgani O'zbekiston «Adolat» SDP mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlarni takomillashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashning amaliy shakl va uslublarini ishlab chiqish, fuqarolar huquq-erkinliklarini sudda himoya qilish samaradorligini oshirish tarafdori bo'lib kelmoqda. Bu yo'lda partiya O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo'jalik sudi, O'zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi, Bosh prokuraturasi, Adliya Ichki ishlar vazirligi, Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi, Advokatlar palatasi va boshqa davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib kelayotgani o'zining natijalarini berishi shubhasizdir. Toshpo'lat MATIBOYEV, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati
51 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|