Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Siyosiy partiyalar
Uch tomonlama hamkorlik
02.02.2012 22:00

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va partiyaning Toshkent shahar kengashi hamkorligida «Mustahkam va sog'lom oila - jamiyat taraqqiyotining tayanchi» mavzuida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda O'zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi va partiya Markaziy Kengashi vakillari, Xalq deputatlari Toshkent shahar va Olmazor tuman Kengashlaridagi deputatlik guruhlari rahbar va a`zolari, elektorat vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi.

- Fuqarolarning siyosiy bilimi, huquqiy madaniyatini yuksaltirishda jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining turli institutlari, xususan, siyosiy partiyalar muhim o'rin tutadi, - deydi O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o'rinbosari  Sharbat Abdullayeva. - Binobarin, aynan siyosiy partiyalar mohiyat-mazmuniga ko'ra, aholining qarashlari, orzu-istaklarini o'zida aks ettiradi, siyosiy jarayonlarda ularning pozitsiyasini ifodalaydi. Bugungi kunda yurtimizda jamiyatning mustahkam asosi bo'lgan oila institutini har tomonlama rivojlantirish, farovonligini ta`minlash orqali milliy o'ziga xoslik va an`analarimizga xos va mos ravishda keng ko'lamli amaliy ishlar qilinmoqda. Buning isboti sifatida joriy yilning mamlakatimizda «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinganini keltirishimiz mumkin. Shunday ekan,  oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ayniqsa, yosh oilalarga yaqindan ko'mak berishda partiya tashkilotlari, tibbiyot birlashmalari va mahallalar o'rtasidagi uch tomonlama hamkorlik muhim o'rin tutadi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O'zXDP frak­siya­si a`zosi Sattor Rahmatovning aytishicha, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzi oshishida barcha sohalardagi izchil islohotlar muhim asos bo'lmoqda. Buning yana bir mustahkam asosi sifatida istiqlol yillarida hayotga tatbiq qilinayotgan islohotlarning bosh maqsadi - erkin fuqarolik jamiyati barpo etish ekanligini ham ta`kidlash joiz. Buning uchun zarur huquqiy baza shakllantirilgan va ularni yanada takomillashtirish ustida ishlanmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan konsepsiyaga asosan Bosh qomusimizga kiritilgan o'zgartishlar amalda siyosiy partiyalarning yanada faol, islohotlarning asosiy ishtirokchisi bo'lishini ko'zda tutishi bilan ahamiyatlidir. Xususan, Mustahkam oila yilida ham elektorat va saylovchilarimiz manfaatlaridan kelib chiqib, faoliyatimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Buning uchun joylardagi partiya deputatlik guruhlari bilan hamkorlikni yanada jonlantirish muhim o'rin tutadi. 

- Istiqlol yillarida barcha sohalarda bo'lgani kabi aholi salomatligini mustahkamlash, buning uchun zarur bo'lgan barcha shart-sharoitlarni yaratishga davlatimiz tomonidan katta e`tibor qaratib kelinmoqda, - deydi Respublika ko'z kasalliklari klinikasi bosh shifokori, O'zXDP a`zosi Klara Valiyeva. - Samarali mehnat faoliyatini yo'lga qo'yish uchun zarur bo'lgan eng zamonaviy uskunalar xalqimizga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifat jihatidan yanada yuksalishida muhim omil bo'lmoqda. Kezi kelganda aytish joizki, har qanday xastalikning oldini olish sog'lom turmush tarziga qat`iy rivoya qilishga ko'p jihatdan bog'liq. Shu bois faoliyatimizda targ'ibot-tashviqot ishlariga alohida e`tibor qaratamiz. Bugungi tadbirda ta`kidlangan mahallalar va partiyaning joylardagi tashkilotlari, deputatlik guruhlari bilan hamkorlik masalasi mohiyatan muhim ahamiyatga ega ekanini e`tirof etish joiz.

Tadbirning yana bir ishtirokchisi Muattar Xolmatovaning ta`kidlashicha, aholi orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, onalik va bolalikni muhofazalash orqali barkamol avlod tarbiyasi jarayonini risoladagidek tashkil etish, qolaversa, oilalar farovonligini oshirish natijasida mustahkam oilani yuzaga keltirishda siyosiy partiyalar, mahalla va tibbiyot birlashmalarining o'rni, ahamiyati beqiyosdir. Zero har bir fuqaroning hayoti uchun muhim bo'lgan ijtimoiy islohotlarning yurtdoshlarimiz hayotida to'la aks etishida mahalla muhim vosita sanaladi.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zXDP Olmazor tuman kengashi raisi Kamoliddin Akromov turmush farovonligini oshirish, siyosiy-huquqiy, madaniy-ma`rifiy targ'ibot hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishda oilalar, xususan, yosh oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarning yangi bosqichga ko'tarilishida bevosita joylarda turli targ'ibot tadbirlari tashkil etish alohida ahamiyat kasb etishini qayd etib o'tdi. Uning fikricha, aholi turmush farovonligini oshirishda mehnatga layoqatli fuqarolarni doimiy ish o'rni bilan ta`minlash, qulay mehnat sharoiti yaratib berish muhim masaladir. Bu o'rinda partiya va mahallalar o'rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda o'zaro hamkorliknining huquqiy asosi, milliy qonunchiligimizdagi yangilanishlar, muhokama etilayotgan qonun loyihalarida mustahkam oilani shakl­lantirish masalalarining aks etishi kabi jihatlar xususida ham atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirda O'zXDPning islohotlarni amalga oshirishga ko'maklashish jarayonida tegishli tashkilotlar bilan o'zaro hamkorligi, ana shu hamkorlik natijasida elektorat manfaatlariga mos keluvchi amaliy ishlar ko'lamini izchillik bilan kengaytirib borishi masalasi ham atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, Parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan ijtimoiy masalalarga oid qonunlar va ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari xususida batafsil ma`lumot berildi.

Alisher RAVSHANOV,

O'zbekiston Xalq

demokratik partiyasi Matbuot xizmati xodimi

36 marta o`qilgan