Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Sport
Dzyudo ustalari Toshkentda
15.09.2011 22:43

O’tgan hafta gimnastika bo'yicha nufuzli musobaqalarni o'tkazgan poytaxtimiz bugundan e`tiboran dzyudo bo'yicha erkaklar va xotin-qizlar o'rtasida jahon kubogi musobaqalariga mezbonlik qiladi. Ushbu musobaqa 19 sentyabrgacha davom etib, unda 20 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan 300 dan ortiq sportchi o'zaro kuch sinashadi.

Bu yilgi musobaqalar O'zbekiston dzyudo federatsiyasi, O'zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi, Sharq yakkakurashlari va jang san`atlarini rivojlantirish markazi kabi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.

 Ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etish maqsadida mamlakatimiz dzyudo bo'yicha terma jamoasi a`zolari Chirchiq shahrida joylashgan sport bazada o'quv-mashg'ulot yig'inlarida tajriba va mahoratini oshirdi.

O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Armen Bagdasarovning ta`kidlashicha, jahon kubogi Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) musobaqalar taqvimidan joy olgan nufuzli turnir bo'lib, unda sportchilar sov­rinli o'rinlar va 2012 yili Londonda bo'ladigan XXX yozgi Olimpiyada o'yinlarida qatnashish huquqini beradigan reyting ochkolari uchun kurashadi. Musobaqa erkaklar va xotin-qizlar o'rtasida yetti vazn toifasida bo'lib o'tadi.

Ta`kidlash joizki, Parij shahrida o'tkazilgan jahon chempionatidan so'ng Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Kongressida Pekin Olimpiadasi sov­rindori Rishod Sobirov jahonning bugungi kundagi eng kuchli dzyudochisi, O'zbekiston terma jamoasi ustozi Andrey Shturbabin esa eng  mohir murabbiy, deb e`tirof etilgan.

Ulug'bek MIRZAAHMEDOV

tayyorladi.

 

 

70 marta o`qilgan