Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Sport
Hayajonli lahzalar yaqin
15.09.2011 22:43

Xabaringiz bor, joriy yilning 20 sentyabridan 27 sentyabrigacha  poytaxtimizda ilk marta Muaytay bo'yicha Jahon chempionati o'tkaziladi. Unda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan kelgan sportchilar qatnashib, sovrinli o'rinlar uchun bahslarga kirishadi.

Yaqinda poytaxtimizda mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O'zbekiston Respublikasi sharq yakkakurashlari va jang san`atlarini rivojlantirish markazi, Havaskor muaytaychilarning Xalqaro federatsiyasi, Osiyo professional va havaskor muaytaychilar federatsiyasi vakillari, ushbu sport turi bo'yicha mamlakatimiz sharafini himoya qiluvchi sportchilar, murabbiylar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Shu o'rinda aytib o'tish joizki, mamlakatimizda sportning muaytay turini keng yoyish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 1995 yilda O'zbekiston Muaytay federatsiyasi tashkil etildi. 2009 yilda esa federatsiya O'zbekiston Havaskor va professional muaytaychilar uyushmasiga aylantirildi. Aslini olganda, mazkur sport turi mamlakatimizda 1993 yildan boshlab ommalashib, shu yilning o'zida minglab yoshlar muaytay bilan shug'ullana boshladi. 1993 yilning o'zida murabbiylardan yuksak saboqlarni olgan yoshlarimiz Rossiya ligasida munosib qatnashib, chempionlikni qo'lga kiritdi. Shuningdek, 1994 yilda olti nafar sportchimiz Muaytay bo'yicha birinchi jahon chempionatida munosib ishtirok etib, nimalarga qodir ekanligini qo'lga kiritgan yutuqlari orqali namoyon etgandi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, 2011 yilgi Muaytay bo'yicha Jahon chempionatini Toshkentda o'tkazish bo'yicha qaror Taylandda Havaskorlarning xalqaro muaytay federatsiyasi (IFMA)ning yillik yig'ilishida qabul qilingan.

Eslatib o'tamiz, ushbu nufuzli musobaqaga mezbonlik qilish uchun 16 ta mamlakat o'z nomzodini ilgari surgandi. Shunga qaramay mazkur  Muaytay bo'yicha Jahon chempionatiga mezbon sifatida O'zbekiston tanlandi. Mutaxassislarning fikricha, poytaxtimizda 2010 yilda ushbu sport turi bo'yicha Osiyo ochiq chempionatining yuqori saviyada tashkil etilgani bu yilgi Muaytay bo'yicha Jahon chempionatining Toshkentda o'tishiga zamin yaratdi.

Ta`kidlash joizki, mazkur musobaqani yanada yuksak saviyada o'tkazish borasida hukumatimizning 2011 yilning 1 avgustida tegishli farmoyishi qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatga ko'ra bir qancha davlat tuzilmalari va idoralar O'zbekiston Havaskor va professional muaytaychilar uyushmasiga Muaytay bo'yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rish masalalarida har tomonlama ko'maklashishi nazarda tutilgan. Bunday huquqiy asos poytaxtimizda mazkur nufuzli sport bayramini yanada muvaffaqiyatli o'tishini ta`minlashi shubhasiz.

- Davlatimiz tomonidan yurtimizda o'tkazilayotgan sport bo'yicha Jahon chempionatlarini a`lo darajada o'tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib kelinmoqda, - deydi O'zbekiston Havaskor va professional muaytaychilar uyushmasi rahbari Sherzod Toshmatov. - Ayni paytda, mamlakatimizda muaytay sport turiga ham alohida e`tibor qaratildi. Shu bois, sportchilarimiz ushbu sport turi bo'yicha g'oliblar safidan joy olib kelmoqda. Xususan, raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 1993 yildan to bugungi kunga qadar  17 nafar jahon chempioni, 11 nafar Osiyo chempioni, 7 nafar Osiyo o'yinlari chempioni, 7 nafar Umumjahon o'yinlari chempionlari yetishib chiqdi, shuningdek, sportchilarimiz tomonidan 132 tadan ortiq turli darajadagi medallar qo'lga kiritildi.

Bundan tashqari, anjumanda qayd etilganidek, 2011 yilgi Muaytay bo'yicha Jahon chempionatiga eng kuchli sportchilarni saralab olish maqsadida Samarqand shahrida Muaytay bo'yicha respublika chempionati o'tkazildi. 250 dan ortiq sportchi qatnashgan chempionatdan eng kuchli jang ustalari saralab olindi.

- Har bir sportchining maqsadi milliy terma jamoadan joy olish va jahon chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritishdir, Samarqandda o'tkazilgan saralash bosqichida bor mahoratimni ishga solib, muhim bo'lgan g'alabalarni qo'lga kiritdim, - deydi milliy terma jamoamiz a`zosi Jobirbek Toshpo'latov. - Albatta, poytaxtimizda o'tkaziladigan jahon chempionatiga 70 dan ortiq mamlakatdan eng kuchli muaytaychilar keladi. Shu bois, hozirda biz yanada kuchli tayyorgarlik ko'rayapmiz. Aytish o'rinliki, mezbon sportchilardan yaxshi natijalar kutiladi. Shu bois, yuqori natijalarga erishishga harakat qilamiz.

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

56 marta o`qilgan