![]() |
![]() |
![]() |
Sport
Kuz kunlarida bahor nafasi
03.11.2011 21:48
Shu yilning yigirma to'qqizinchi oktyabr sanasi mamlakatimiz sporti tarixida zarhal harflar bilan bitildi. Qarshining «Nasaf» futbol klubi Osiyo futbol konfedaratsiyasining kubogi finalida «Quvayt SK» jamoasini mag'lub etib g'alaba qozondi. Shoirlar tilida ta`riflaganda, kuzning namxush bir kunida iliq bahor nafasidan ko'ngillarimiz yayradi. Menimcha, mazkur tarixiy kunda bo'lib o'tgan hal qiluvchi o'yinni faqatgina futbol ishqibozlari emas, balki yurtimizning barcha fuqarolari katta hayajon bilan kuzatdi. Hamma-hamma muzaffarlikka orzumand edi. Va nihoyat ezgu tilak amalga oshdi. Xayrixohlik, jipslik g'alaba keltirdi. Odatda biz har qanday o'yindan so'ng ham futbolchilarimizning mahoratini, ularning jismoniy tayyorgarligini muhokama qila boshlaymiz. Falabada jamoadagi ana shu xislatlar ahamiyatli bo'ldi, deb hisoblaymiz. Ayni paytda Qarshida kechgan hal qiluvchi o'yinda, menimcha, futbolchilarimizning ma`naviy yetuklik jihati ham muhim ahamiyat kasb etdi. Musobaqa chog'i matonat, oriyat, mas`uliyat kabi tuyg'ular futbolchilarimizning yuz-ko'zida, har bir harakatida namoyon bo'lib turdi. Zero, bularsiz Osiyoda dong'i ketgan, nomdor, ko'pgina xalqaro o'yinlarda tajriba to'plagan jamoani yengish mushkul edi. Shu o'rinda g'urur bilan ta`kidlash lozimki, «Nasaf»ning ushbu yorqin g'alabasi ortida yana bir g'alaba, mamlakatimiz sportining xalqaro mutaxassislar tomonidan tan olinishi, e`tirof etilishi turibdi. Buni mazkur nufuzli musobaqaning Qarshi shahrida o'tkazilishidan ham anglash mumkin. Jonajon shahrimizda bunyod etilgan, jahon andozalariga to'la javob beradigan sport majmualari, madaniy-maishiy inshootlar bizga Osiyo futbol konfedaratsiyasi kubogi uchun kechgan final uchrashuvida mezbonlik qilish huquqini berdi. - Mamlakatingizda sportga, ayniqsa, futbolga berilayotgan e`tiborni ko'rib chinakamiga hayratlandik, - deydi OFK tashkiliy guruhi a`zosi Anna Suxalin. - Hatto chekka tuman va qishloqlarda ham barcha qulayliklarga ega, xalqaro mezonlarga mos keladigan majmualar, maydonlarni ko'rdik. Bunday e`tibor o'z ijobiy natijasini bermoqda. Darhaqiqat, bu gaplarda jon bor. Bir necha yillardan buyon dzyudo bo'yicha ulkan muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan nomdor polvonimiz Abdulla Tangriyevning yaqinda Rossiyaning Tyumen shahrida mutlaq vazn toifasidagi dzyudochilari o'rtasida o'tkazilgan dunyo birinchiligida barcha raqiblarini mag'lubiyatga uchratib, jahon chempioni degan nomga sazovor bo'lishi ham ana shunday e`tibor samarasidir. 21 ta davlatdan 27 nafar eng sara polvonlar ishtirok etgan ushbu musobaqada hamyurtimizning g'olib bo'lishi «Nasaf» futbolchilarining erishgan g'alabasidan shodlikka to'lgan ko'ngillarimizga yana bir bor cheksiz g'urur va iftixor bag'ishladi. Albatta, mamlakatimizda sport sohasiga ko'rsatilayotgan e`tibordan maqsad faqatgina chempionlar chiqarish, turli nufuzli musobaqalarda g'olib bo'lish emas. Ko'zlangan ezgu maqsad - sog'lom, barkamol avlod taribyasidir. Buning uchun yoshlarni «ommaviy madaniyat»dan himoya qilib, ommaviy sportga jalb etish zarurati davlatimiz rahbari tomonidan ko'p bora ta`kidlanib, amaliy chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Aynan ushbu ezgu maqsad yo'lida Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan ishlar ham diqqatga sazavordir. Bugun viloyatning nafaqat markaziy shaharlarida, balki eng chekka tuman va qishloqlarida ham barpo etilayotgan sport majmualariga, bolalar mashg'ulot maydonchalariga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Misol tariqasida Guvalak qishlog'idagi Badiiy gimnastika markazini mamnuniyat bilan tilga olib o'tishni xohlardik. Bugun bu maskan yuzlab qishloq yoshlarining sevimli maskaniga aylanib ulgurgan. Ularning aksariyati respublika va xalqaro miqiyosdagi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, sovrinli o'rinlarni zabt etishgan. Ular orasida, ayniqsa, qizlarimizning ko'pligi dillarga quvonch bag'ishlaydi. Zero, qishloq xotin-qizlarini sportga, jismoniy tarbiya mashg'ulotlariga ommaviy jalb etish bugunning eng dolzarb masalalaridan biri bo'lib turibdi. «Masalaning muhim jihati shundaki, sport bilan shug'ullangan qiz bola ertaga ona bo'ladi, sog'lom zurriyodni dunyoga keltiradi. Ayni paytda o'z farzandiga sportga mehr tuyg'usini singdiradi», degan edi Prezidentimiz Islom Karimov joriy yilning fevral oyida bo'lib o'tgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig'ilishida. Bu so'zlar nechog'lik serhikmat ekanligini bugun hayotning o'zi isbotlab turibdi. Sportga bo'lgan mehr yosh avlodga ona suti bilan singdirilmoqda. Shu bois ham «Nasaf» futbol jamoasining tarixiy, yorqin g'alabasi nafaqat Qashqadaryo viloyatida, balki butun yurtimizda ulkan shodiyonaga, tantanali bayramga aylanib ketdi. Men shu yurtining bir farzandi sifatida sportdagi bunday zafarli yurishlar bardavom bo'lishini istab qolaman.
Shohida EShMAMATOVA, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti
qoshidagi «Nuriston»
akademik litseyi o'quvchisi 38 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|