![]() |
![]() |
![]() |
Sport
Orzularga hamohang intilish
03.01.2012 17:17
Hasan Rahimboyev bolaligidan sportchi bo'lishni, g'alabalarga erishishni diliga tugib yurardi. Sportning taekvondo turi, ayniqsa, uni qiziqtirib qo'ygandi. O'sha kunlari mahalladoshining kurash bo'yicha Osiyo chempionatida birinchi o'rinni qo'lga kiritgani sportchi bo'lish istagini ikki karra oshirdi. - Albatta, sportga bo'lgan qiziqishning o'zi kifoya qilmaydi, - deydi Hasan Rahimboyev. - Ya`ni, har bir yoshning sportchi bo'lib shakllanishida, eng avvalo, oilaviy muhitning o'rni katta. Yaxshi eslayman, sport bilan shug'ullanish uchun ba`zi sport anjomlarini sotib oldim, qolganlarini esa uy sharoitida o'zim qo'ldan yasaganman. Dadam bu harakatlarimni zimdan kuzatib yurgan ekan. Bir kuni keldi-da, qo'limdan yetaklab «JAR» sport sog'lomlashtirish majmuasiga olib bordi. U yerda taekvondo bo'yicha ilk murabbiyim Baxtiyor Isroilov bilan tanishtirdi. Ana shundan boshlab sportning shu turi bilan muntazam shug'ullana boshladim. Bolakayning mashg'ulotlarga jiddiy qarashi, o'z ustida tinmay ishlashi, matonati har qanday qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yenga olishi ko'pchilikning e`tibor va e`tirofiga sazovor bo'ldi. O'sha kezlari Hasan o'zining tengqurlari bilan bahslarga kirishar ekan, asosan ularni ochkolar bo'yicha mag'lub etardi. Bu esa uni tez fursatda taekvondoning ancha-muncha sir-asrorlarini o'zlashtirganidan dalolat berardi. Shu bilan birga, u turli musobaqalarda ham g'alabalarni qo'lga kirita boshladi. Xususan, 12 yoshida Guliston shahrida o'tkazilgan O'zbekiston kubogi musobaqasida 30 kilogramm vazn toifasida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Shu ilk g'alaba yosh sportchining o'ziga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Ikki yildan so'ng Jizzax shahrida o'tkazilgan mamlakat kubogi bahsida yana zafar quchib, oltin medal bilan taqdirlandi. 2007-2008 yillarda poytaxtimizda bo'lib o'tgan mamlakat chempionatida tag'in ikki marta g'alaba qozonib, uch karra O'zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'ldi. Shu o'rinda aytish o'rinliki, mamlakatimizda davlatimiz tomonidan yoshlarning sportning barcha turlari bilan shug'ullanishi uchun zarur shart-shroitlar yaratildi. Zamonaviy sport inshootlar, maydonlar qurildi. Ana shunday e`tibor esa yoshlarning jahon maydonlarida g'oliblik shohsupasidan joy olishga zamin yaratdi. - Mamlakat miqyosidagi chempionat bahslaridagi muvaffaqiyatlardan tashqari, xalqaro turnirlarda ham munosib qatnashdim, - deydi Hasan Rahimboyev. - 2007 yil Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahrida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari qatnashgan xalqaro turnirda 54 kilogramm vazn toifasida birinchi o'rinni qo'lga kiritdim. Bir yil o'tib, poytaxtimiz mezbonlik qilgan Amir Temur kubogi bahsida ham zafar quchdim. Bundan tashqari, yaqinda Sochi shahrida bo'lib o'tgan xalqaro turnirda ham mamlakatimiz sharafini himoya qildim. 64 kilogramm vazn toifasida birinchi o'ringa sazovor bo'ldim. Yoshlarimiz erishayotgan bunday muvaffaqiyatlar o'z-o'zidan amalga oshayotgani yo'q, albatta. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Prezidentimiz tomonidan yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash borasida, ulug' niyatlarni ro'yobga chiqarishning muhim omillari - ilm-fan, ta`lim, san`at va sport sohalarini tubdan isloh qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Sport sohasida qo'lga kiritgan yutuqlarimiz xususida gap ketganda, ko'plab misollarni keltirish mumkin. Hattoki, o'zbekistonlik taekvondo ustalarining mahoratini ushbu sport turi vatani hisoblanmish Janubiy koreyalik mutaxassislar ham tan olgani so'zimiz dalilidir. - Ana shunday e`tirofni har gal Janubiy Koreyaga borganimizda bot-bot eshitamiz, - deydi murabbiy Baxtiyor Isroilov. - Albatta, bunday e`tirof ko'nglimizni tog'dek ko'taradi. Ilk bor jahon chempionatlarida ishtirok eta boshlaganimizda raqiblarimiz bizga unchalik e`tibor berishmas, to'g'rirog'i, sportchilar tili bilan aytganda «mensimaslik» holatlari uchrab turardi. Bugun esa tamolila boshqa vaziyatni kuzatish mumkin. Dunyo ahli o'zbekistonlik sportchilar nimalarga qodir ekanini angladi. Endilikda raqiblar sportchilarimizdan hayiqib turishadi. Hasan Rahimboyev ham o'zining mahorati, bahslarga shiddat bilan kira olishi tufayli ko'plab raqiblarini dog'da qoldiradi. U vaziyatni to'g'ri baholay oladi, o'gitlarimni amalda to'liq qo'llay oladi. Ayniqsa, ochkolar bo'yicha yutqazayotgan paytida ham vaziyatdan chiqib, g'alaba qozongan paytlar ko'p bo'lgan. Bundan tashqari, u tatamidagi chiroyli bahslari orqali, ya`ni taekvondodagi ayrim murakkab harakatlari bilan ham ko'pchilik sport ixlosmandlari yodida qolgan. Bugungi kunda Hasan Rahimboyevning o'zi ham o'smirlarga ustozlik qilmoqda. Aniqrog'i, u «JAR» sport sog'lomlashtirish majmuasida bo'lajak jahon chempionlarini tayyorlashda munosib hissa qo'shib kelmoqda. - Ustozlik qilish ham murakkab jarayon ekan, - deydi suhbatdoshimiz. - Ayni paytda musobaqalarga tayyorgarlikni bir zum bo'lsa-da, to'xtatganim yo'q. Xususan, bo'lib o'tishi kutilayotgan bir necha xalqaro hamda mamlakat musobaqalarida munosib qatnashish uchun tinimsiz mashq qilmoqdaman. Rufat NE`MATOV, «Jamiyat» muxbiri 40 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|