Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Sport
O'zbek futbolining xalqaro e`tirofi
24.11.2011 23:07

23 noyabr kuni Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda futbol bo'yicha Osiyoning yil laureatlari e`lon qilindi. Ushbu tantanali marosimda yurtdoshlarimiz Server Jeparov, Ravshan Ermatov va Abduhamidulla Rasulov 2011 yili Osiyo futbolida tengsiz deb topildi.

Aytish joizki, Ravshan Ermatov yilning eng yaxshi hakami nomini to'rtinchi marta ketma-ket qo'lga kiritdi. Unga qanotdan yordam berib kelayotgan Abduhamidullo Rasulov esa — yilning eng yaxshi qanot hakami nomiga birinchi bor sazovor bo'ldi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov ikkinchi marta yilning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi. Eslatib o'tamiz, futbolchimiz 2008 yilda ham aynan mana shu nominatsiyada sovrinni qo'lga kiritgandi.

Shu kuni futbol bo'yicha O'zbekis­ton olimpiya terma jamoasi 2012 yili Londonda bo'ladigan XXX yozgi Olimpiya o'yinlari saralash musobaqasining uchinchi bosqichi ikkinchi uchrashuvini Birlashgan Arab Amirligi olimpiya terma jamoasiga qarshi o'tkazdilar. E`tiborlisi, futbolchilarimiz g'alabaga teng durangni qayd etishdi.  Vadim Abramov shogirdlari mehmonda to'p surishiga qaramasdan bir qator xavf­li vaziyatlarni yuzaga keltirdi, biroq kuchli tarkibga ega raqib jamoa darvozasiga yo'l topa olmadi. O'yin 0:0 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Shu tariqa O'zbekiston olimpiya terma jamoasi guruhdagi peshqadamlik mavqeini saqlab qoldi. 27 noyabr kuni futbolchilarimiz navbatdagi tur o'yinini safarda Avstraliya olimpiya terma jamoasiga qarshi o'tkazadi.

 

Xayrulla ASTANAQULOV

 

29 marta o`qilgan