Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Sport
«Sermahsul juftlik»: O'zbekiston o'smirlar terma jamoasining chorak final yo'llanmasiga hissa qo'shdi
01.07.2011 10:14

Xabaringiz bor, Meksikada futbol bo'yicha 17 yoshgacha bo'lgan o'smirlar o'rtasida jahon chempionati bo'lib o'tmoqda. Ayni paytda turnirning pley-off bosqichi bahslari boshlangan. Mazkur turnirda ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz nimchorak finalda Osiyo Futbol Konfederatsiyasining yana bir vakili Avstraliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.

O'yinning 11-daqiqasida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi sardori Abbosbek Mahsitaliyev hisobni ochdi. Birinchi bo'lim so'nggida esa hujumchimiz Timur Hakimov hisobni 2:0 ga yetkazdi. Aytish joizki, ko'plab mutaxassislar ushbu futbolchilarimizni «sermahsul juftlik» deb atashmoqda. Chunki, mazkur uchrashuvdan so'ng  futbolchilarimizning har biri hisobidagi gollar soni uchtaga yetib, ular sermahsul o'yinchilar qatorida qayd etilmoqda.

Ikkinchi bo'lim o'zbekistonlik futbolchilarning to'liq ustunligida o'tdi. O'yinning 66-daqiqasida Avstraliya terma jamoasi sardori Luk Chepman o'z darvozasini ishg'ol qilgan bo'lsa, uchrashuv yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganda Davlatbek Yorbekov so'nggi gol muallifiga aylandi. Natijada hisob 4:0 bo'ldi.

Ta`kidlash kerakki, o'smirlar terma jamoamizning turnirdagi ishonchli o'yinlari yosh futbolchilarimizga dunyoning ko'zga ko'ringan jamoalarining qiziqishini oshirmoqda.

O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi 3 iyul kuni Monterey shahrida Urugvay termasi bilan o'yinga tushadi. O'smirlarimizga ushbu uchrashuvda chiroyli o'yin va, albatta, yaxshi natija tilab qolamiz.

Xurshid NIG'MATOV

 

 

122 marta o`qilgan