Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Sport
Sportchiga e`tibor g'alabaga eltadi
21.10.2011 01:42

?uni kecha O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamda O'zbekiston Velosport federatsiyasi hamkorligida «O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiya kengashining respublikada velosportni rivojlantirish hamda Velosport federatsiyasining moddiy-texnik negizini mustahkamlashga munosib hissa qo'shish borasidagi faoliyati» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi xodimlari, Milliy Olimpiya qo'mitasi vakillari, velosport bo'yicha milliy terma jamoa a`zolari hamda jurna­list­lar ishtirok etdi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholini, ayniqsa yoshlarni sportga keng jalb etish, o'sib kelayotgan avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash masalalariga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, istiqlol yillarida eng zamonaviy stadionlar, sport majmualari va arenalari, suzish havzalari barpo etildi.

Aytish lozimki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 5 yanvarda qabul qilingan «O'zbekis­ton Respublikasi sportchilarining 2012 yil London(Buyuk Britaniya) shahrida bo'lib o'tadigan XXX yozgi Olimpiya va Paralimpiada o'yinlarida ishtirok etishga tayyorgarligi to'g'risida»gi Qarori barcha tegishli vazirlik va idoralar oldidagi asosiy vazifalarni belgilab berdi. Mazkur huquqiy hujjat, o'z navbatida Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga tayyorgarlik jarayonlarida muhim dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.

Shunga ko'ra, joriy yil boshida O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi O'zbekiston Velosport federatsiyasining bosh homiysi etib belgilandi. Bu esa mamlakatimizda sportning mazkur turini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aytish joiz, qisqa davr mobaynida O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan velosportni ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida velosport federatsiyasining hududiy bo'limlari tashkil etildi.

Anjumanda qayd etilganidek, bugungi kunda kasaba uyushmalari tizimidagi ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar va o'smirlar sport maktablarida velosport bo'yicha bo'linmalarni tashkil etish ishlari davom etmoqda. Xususan, Respublika Olimpiya zaxiralari sport maktabida tashkil etilgan velosport bo'linmasida 50 nafardan ziyod o'g'il-qiz ushbu sport turining sir-asrorlarini o'rganmoqda. Bundan tashqari, Xorazm viloyatida tashkil etilgan velosport maktabida 45 nafardan ziyod yosh sportchi ta`lim olmoqda.

Amalga oshirilayotgan izchil ishlar, chora-tadbirlar o'zining ijobiy natijasini bermoqda. Misol uchun O'zbekiston velosport bo'yicha milliy terma jamoasi shosse bo'yicha Osiyo reytingida munosib 3 o'rinni egalladi va Olimpiya o'yinlariga yana 2 ta yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Matbuot anjumani yakunida O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan O'zbekiston Velosport federatsiyasiga moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda yurtimizda velosportni rivojlantirish maqsadida 4 ta «Damas» rusumli avtomobil hamda 122 ta professional va mashq velosipedlari taqdim etildi.

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

47 marta o`qilgan