![]() |
![]() |
![]() |
Tafakkur
Buyuklik timsollari
03.01.2012 16:54
Xalqimiz dunyo tarixida ilm-fan salohiyati, san`ati, madaniyati va beqiyos vatanparvarligi bilan munosib o'ringa ega. Eng qadimgi davrlardan to hozirgacha Vatan tushunchasi xalqimiz ongu tafakkurida ulug' qadriyat sifatida shakllangani bilan faxrlanamiz. Ayniqsa, mustaqillikka erishganimizdan keyin ona Vatan haqidagi tushunchamiz tamoman yangi mazmun va mohiyat kasb etdi. Ozodlikning huzurbaxsh nasimlari bu diyorda yashovchi barcha kishilarni kindik qoni to'kilgan zamin tuyg'usini yanada teranroq anglashga undadi. Faylasuflardan biri «Ma`rifatli xalqlarning haqiqiy jasorati Vatan yo'lida qurbon bo'lishga hozir ekanliklarida aks etadi», degan edi. Xalqimizning sodiq farzandlari ham vatanparvarligi bilan o'z nomini tarix sahifalariga abadiy muhrlab qo'ygan. Mirzo Ulug'bek bobomiz aytganidek, hatto buyuklikning o'zi ham ular oldida ta`zimdadir. Bunday qahramonlar toabad xalqimizning aziz farzandlari bo'lib qoladilar. Qahramonlar o'z xalqining ma`naviy qismati bo'lib tug'iladi va ruhi abadiy e`zozda yashaydi, degan gap bejiz aytilmagan. Qahramonlar bobida dunyo xalqlari oldida yuzimiz yorug', g'ururimiz baland. ... 1221 yilning kuzida Chingizxon qo'shinlari besh-olti oylik qamaldan so'ng Xorazm poytaxti Urganch shahrini bosib oladi. Shahar mudofaasiga 76 yoshli shayx Najmiddin Kubro rahbarlik qiladi. Suvsiz va oziq-ovqatsiz qolgan shahar mudofaachilari dushman oldida ojiz qolsa-da, o'z tug'ilgan yerlarini dushmanga jangsiz bermaydilar. Tengsiz va omonsiz jang boshlanadi. Najmiddin Kubro hazratlari mudofaachilarning oldingi safida dushman yalovbardorlariga tashlanib raqib yalovini tuproqqa qorishtirib, dushmanning bir necha nayzasidan halok bo'ladi. Bosqinchilarga nisbatan nafrat shu qadar kuchli ediki, dushman shayxning jonsiz qo'llaridan o'z bayrog'ini tortib ololmaydilar. Uning panjalarini kesib ilkidan bayrog'ini oladilar. Shu qahramonlik tufayli shayxga «Shahidlar shohi» nisbati beriladi. Darvoqe, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Chingizxon qamaldan oldin shayx Najmiddin Kubroga o'z elchilarini yuborib, shayx hazratlari va uning shogirdlariga omonlik berishini va`da qilgan. Biroq Najmiddin Kubroning Vatanga bo'lgan muhabbati shu qadar kuchli ediki, bu taklifni keskin rad etib, yurt ozodligi yo'lida bemisl qahramonlik ko'rsatib halok bo'ldi. Biz ana shunday buyuk insonlarning avlodlarimiz. QAHRAMONLARNI ANGLASh ZARURATI Mustaqillik yillarida milliy qahramonlarimizning muborak nomlari tiklandi, ko'chalar, madaniy-ma`rifiy muassasalarga ularning nomi berildi, yodgorlik va haykallar o'rnatildi, tarixiy obidalar qad rostladi. «Amir Temur», «Jaloliddin Manguberdi» ordenlari ta`sis etildi. Davlat siyosati darajasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Ammo bu borada qilinadigan ishlar ham hali talaygina. Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» kitobida shunday so'zlarni o'qiymiz: «Albatta, bu masala bo'yicha ijtimoiy fanlar sohasida ma`lum ishlar qilinmoqda, ammo xolisona aytadigan bo'lsak, bu borada chop etilgan ko'pchilik darsliklar, o'quv qo'llanmalari, ommabop adabiyotlarning ham, aksariyat soha mutaxassislarining ham saviyasi talab darajasida emasligini qayd etishga majburmiz. Bunday noxush holatlarga barham berish vaqti keldi». Darhaqiqat, umumta`lim maktablari uchun tuzilgan «O'zbekiston tarixi» darsliklarida milliy qahramonlarimiz Alp Er To'nga, Shiroq, To'maris, Spitamen, Muqanna, shayx Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur haqidagi ma`lumotlar qoniqarli darajada emas. Masalan, Jaloliddin Manguberdining yuksak harbiy iste`dod sohibi ekani namoyon bo'lgan Parvon va Sind janglari to'g'risida nihoyatda kam ma`lumot berilgan. Bu tarixiy shaxsning hayot yo'li ham yetarlicha yoritilmagan. Fikrimizcha, farzandlarimizga Jaloliddin Manguberdi yoki boshqa qahramonlarimiz haqida, hech bo'lmaganda, ikki-uch dars soatlari ajratish o'quvchilar tasavvurini yanada kengaytirib, ularning ona Vatanga bo'lgan muhabbatini oshirishga xizmat qiladi, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytiradi. Axir, Chingizxonday jahongirning o'zi Sind daryosi bo'yidagi mashhur jangda Jaloliddin Manguberdiga tan berib shunday degan edi: «Otadan dunyoda hali bunday o'g'il tug'ilmagan. U sahroda sher kabi g'olib jangchi, daryoda esa nahang kabi botir. Qanday qilsinki, hali hech kim taqdir bilan, hech bir majorada teng kelolmagan. Lekin u mardlikning dodini berdi». Jaloliddin Manguberdi jasoratini aholining ta`lim tizimi bilan bog'liq bo'lmagan qatlamlari orasida targ'ib etishda yana bir masalaga e`tibor qaratish joiz. Haligacha olimlarimiz Jaloliddin Manguberdining tavallud sanasini aniqlab berganlari yo'q. Agar xuddi Sohibqiron Amir Temurdek Jaloliddin Manguberdining ham tavallud sanasi aniq bo'lganida edi, xalqimizning barcha qatlamlari orasida uning shaxsi haqida yanada ko'plab ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o'tkazish imkoniyatiga ega bo'lur edik. Bu borada jo'yali takliflar ham bor. Modomiki, Jaloliddin Manguberdining tavallud sanasi aniq emas ekan, 1999 yil 5 noyabrda Xorazmda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi nishonlangan sana rasman u zotning tug'ilgan kuni sifatida nishonlansa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki shunday tajriba bor, 1993 yil sentyabrning uchinchi jumasida Buxoroda ulug' shayx Bahovuddin Naqshband tavalludining 675 yilligi nishonlandi. Shundan buyon har sentyabrning uchinchi jumasida Bahovuddin Naqshband kuni nishonlanadi. Yana bir mulohaza. Prezidentimiz rahbarligida Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur siymosi, surati va haykallari tarixiy manbalarga asoslanib yaratildi. Bu esa xalqimizning olqishiga sazovor bo'ldi. Zero, bu ikki tarixiy shaxs talqinida xalqimizning barcha vatanparvarlik fazilatlari aks etadi. Tarixiy qahramonlarimiz Shiroq, To'maris, Spitamen, Muqanna, Najmiddin Kubro suratlari har xil darslik va qo'llanmalarda turlicha ifodalanmoqda. Endi tarixchilar, arxeologlar, etnograflar, rassomlar va boshqa soha olimlari birgalikda, yuqorida nomlari zikr etilgan qahramonlarimizning bir to'xtamga kelingan siymosini yaratishsa, bu targ'ibot-tashviqot ishlarida juda katta samara bergan bo'lardi. Bundan tashqari, Alp Er To'nga, Shiroq, To'maris, Spitamen, Muqanna, shayx Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur siymolari bolalarimiz uchun mardlik, qahramonlik, jasurlik maktabi bo'lib qolayotgan ekan, bu ajdodlarimizning shonli hayot yo'llari haqida yuksak saviyadagi tarixiy badiiy filmlarni yaratish vaqti keldi. Muso Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy singari jahon tamadduniga ulkan hissa qo'shgan ulug' allomalarimiz va muqaddas islom dini ma`rifiy arkonlarini rivojlantirgan Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Burhoniddin Marg'inoniy, Imom Moturidiy, Bahovuddin Naqshband singari ulug'larimiz ham ma`naviy jasorat ko'rsatgan qahramonlar sirasiga kiradi. Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan asarida ma`naviy jasorat sohiblariga juda o'rinli baho bergan: «Yer yuzida barcha o'lmas obidalar, insoniyat hayotini tubdan o'zgartirib yuborgan jamiki ulug' kashfiyot va ixtirolar, mumtoz san`at va adabiyot durdonalari, mardlik va qahramonlik namunalari odamzodning aql-tafakkuri, salohiyati va ma`naviy jasorati mahsulidir. Shuning uchun ham bu yorug' olamda eng buyuk jasorat - bu ma`naviy jasorat, deb javob bersak, o'ylaymanki, yanglishmagan bo'lamiz». Darhaqiqat, mustaqillik yillarida xalqimiz barcha ulug'lari izzatini joyiga qo'ydi. Endigi vazifamiz barcha aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz bu ulug' qahramon va allomalarimiz hayotidan ibrat olib, ularning munosib davomchilari bo'lishi kerak. Shamsiddin JUMAYeV, Respublika Ma`naviyat targ'iboti markazi bo'lim boshlig'i
74 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|