Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Tafakkur
Buyuklikning tamal toshi
09.01.2012 10:16

O’zining betakror san`ati, beqiyos aqlu zakovati hamda yuksak iste`dodi bilan hayratlanarli go'zallik yaratgan, nafosat olamida ezgulik, yaxshilik bilan nom qoldirishdek ajoyib saodatga musharraf bo'lgan Sharqning mashhur siymolaridan biri Kamolid­din Behzoddir. Uning shaxsi va ijodiga muxlis bo'lgan nafis tasviriy san`at shinavandalari uni «Sharq Rafaeli» deb atagani bejiz emas. Zero, Kamoliddin Behzod ham, uning uslubida Hirot, Buxoro, Tabriz singari yirik madaniyat markazlarida XVI-XVII asrlarda yashab ijod qilgan o'nlab iste`dodli naqqoshlar ham Sharq xalqlarining, shu jumladan, O'rta Osiyo xalqlarining boy va serqirra madaniy merosini qimmatbaho durdonalar bilan boyitdilar.

1455 yilda Hirotda hunarmand oilasida dunyoga kelgan Kamoliddin Behzodning serqirra ijodi to'g'risida gapirganda, albatta, u yashagan va ungacha bo'lgan davr tasviriy san`ati, u paytlardagi madaniy hayot, buyuk musavvirning ustozlari haqida ham aytib o'tish maqsadga muvofiqdir.

Ma`lumki, Behzod ota-onasidan juda erta ajralgan. Uni Mirak Naqqosh o'z tarbiyasiga olib, voyaga yetkazadi va o'zining Hirotdagi «Nigoristoni»da (san`at akademiyasida) unga naqqoshlik sir-sinoatlarini o'rgata boshlaydi. O'z davrinipg mashhur rassomi, miniatyurachi Mirak Naqqosh yaratgan ijodiy muhit yosh Behzod ijodiga beqiyos ta`sir ko'rsatgani shubhasizdir.

XV asr Hirot adabiy, badiiy-ilmiy, san`at va madaniyat olamida paydo bo'lgan juda ko'p shaxslar singari Kamoliddin Behzodning ham ijodiy kamolotida ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy shaxsi hal qiluvchi rol o'ynagani ko'plab manbalarda alohida qayd etib o'tilgan. Xo'sh, ulug' musavvirning ijodiy kamolotga erishishida yana qanday tarixiy shart-sharoitlar, omillar mavjud bo'lgan, u tarbiya topgan «Nigoriston» musavvirlik maktabi o'zining qanday tarixiy ildizlariga ega edi?

Shu o'rinda eng avvalo, XIV-XV asrlar Samar­qanddagi nafis tasviriy san`at maktabi xususida to'xtalib o'tish joiz. Bu haqda Yevropa va Sharq san`atshunos olimlari ham ma`lumotlar yozib qoldirganlar. Afsuski, bu davr Samar­qand maktabiga mansub tasviriy san`at namunalari juda kam saqlanib qolgan.

Ma`lumki, Movarounnahr xalqlari tomonidan XIV asrda mo'g'ullar istilosiga qarshi olib borilgan uzluksiz va shiddatli kurashlar yetuk sarkarda Amir Temur boshchiligidagi mustaqil yirik markazlashgan davlatning tashkil topishi bilan yakunlandi. Manbalarda qayd etilganidek, «U zabt etgan mamlakatlardan faqat moddiy boyliklarnigina emas, balki juda ko'p hunarmandlar, san`at ahli va olimlarni Movarounnahrga olib keladi va mamlakatni obod etishda ular mehnatidan foydalanadi».

XIV-XV asrlarda O'rta Osiyo xalqlari tarixida o'ziga xos iqtisodiy-madaniy ko'tarinkilik ro'y beradi. Bu davrni biz hozir Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzodga o'xshash juda ko'p iste`dodli ijodkorlar, olimlar, mutafakkirlar, san`atkorlar nomi bilan bog'liq bo'lgan Uyg'onish (Renessans) davri deb ataymiz.

Bilamizki, XIV-XV asrlarda Samarqandda jadal sur`atlar bilan turli madaniy inshootlar, binolar qurila boshlagan. Bu qurilishlarda Hindiston, Eron, Iroq, Kavkazorti mamlakatlari, xullas, Amir Temur hukmronligi ostida bo'lgan barcha o'lkalardan kelgan me`morlar, hunarmandlar, ustalar, san`atkorlar ishtirok etgani tabiiy. O'sha davrda Samarqand va Movarounnahrning boshqa mintaqalarida bunyod etilgan juda ko'p hashamatli tarixiy-madaniy obidalarda O'rta Osiyo xalqlaridan tashqari butun Yaqin va O'rta Sharq xalqlarining o'ziga xos boy, sermazmun badiiy-estetik merosining sintezi, uyg'unligi mavjud edi, desak mubolag'a bo'lmas.

Bu davrdagi iqtisodiy-madaniy taraqqiyot jarayonida madaniyat va san`atning boshqa turlari orasida nafis tasviriy san`at ham benihoya rivojlangandi. Shu o'rinda Samarqanddagi XIV-XV asrlar nafis tasviriy san`at namunalaridan ba`zi birlarini keltirib o'tish maqsadga muvofikdir.

1. Ilmi nujum (astronomiya)ga oid noma`lum ilmiy kitob nusxasiga ishlangan tasvirlar. Manbalarda ta`kidlanishicha, bu qo'lyozma kitob hozir Fransiya poytaxti Parij shahridagi milliy kutubxonada saqlanayapti. Yevropalik olimlar bu nusxa XV asrning birinchi yarmida yozilgan bo'lib, Samarqand maktabiga mansub bo'lsa kerak, degan farazni ilgari surmoqdalar. Doktor Moris S. Dimondning fikricha, mazkur qo'lyozma kitob Movarounnahr hokimi, Shoxruh Mirzoning o'g'li, Samarqanddagi ulkan rasadxonaning asoschisi Mirzo Ulug'bekning hozirgacha topilmay kelayotgan mashhur va o'ta boy kutubxonasiga mansubdir.

2. Osmoniy jismlar va yulduzlar tasvirlangan ellikdan ortiq rasmlar majmuasi. Mazkur to'plam hozir Metro­politen (AQSh) muzeyida saqlanmoqda. Ushbu majmuadagi tasvirlar rangi, yasalish uslubi va boshqa ba`zi bir o'ziga xos xususiyatlari, Ulug'bek zamonasida Samar­qandda ishlanganidan dalolat beradi.

3. «Shohnoma» asarining birinchi nusxasiga noma`lum rassom tomonidan ishlangan tasvirlar. Mazkur nusxa hijriy 772 (milodiy 1370) yilda noma`lum hattot tomo­nidan ko'chirilgani haqida ma`lumotlar bor.

4. «Shohnoma»ning ikkinchi bir nusxasiga noma`lum rassom tomonidan ishlangan miniatyuralar. Mazkur nusxa hijriy 786 (milodiy 1393) yilda noma`lum hattot tomoni­dan ko'chirilgan.

5. «Shohnoma» asarining uchinchi nusxasiga noma`­lum rassom tomonidan ishlangan miniatyuralar. Mazkur nusxa hijriy 800 (milodiy 1397) yilda noma`lum hattot tomonidan ko'chirilgan bo'lib, hozir uning bir qismi Britaniya muzeyida, yana bir qismi esa Londondagi Chester Biti majmuasida saqlanmoqda.

6. Bir murakkadagi (albomdagi) ikki tasvir. Murakkadagi ikkala suratni ham samar­qandlik mashhur musavvir Abdulhay ishlagan. Uning birinchisida o'rdak va ikkinchisida jang sahnasi o'ta mohirlik bilan tasvirlangan. Maz­kur murakka hozir Berlin muzeyida saqlanmoqda.

7. Sa`diyning «Guliston» asari nusxasiga ishlan­gan tasvirlar. O'sha tasvirlardan biri miniatyurachi Ab­dulhay qalamiga mansubdir.

8. Noma`lum bir tazkiraga ishlangan o'n ikkita tasvir. Mazkur tazkira 1398 yilda Mansur ibn Muhammad ibn Baraka ibn Baxtiyor Barbaxoniy tomonidan ko'chirilgan bo'­lib, u hozir Istanbuldagi (Turkiya) «Musulmon san`ati» saroyida saqlanmoqda. San`atshunos olimlarning fikriga qaraganda, mazkur o'n ikki suratning hammasi XIV-XV asrlarda Samarqandda ishlangan.

9. Samarqand hokimi Xalil Sulton (1405-1409) tas­virlangan ikki surat. Ulardan birida Samarqand qal`asini himoya qilish manzarasi tasvirlangan. Mazkur suratlar hozir Istanbuldagi «Yulduz» kutubxonasida saqlanmoqda.

10. Abdurahmon Jomiyning «Silsilat-o'z zahob» dostonidagi suratlar. Mazkur doston 1549 yilda ko'chirilgan. Hozir u Saltikov-Shchedrin nomidagi Sankt-Peterburg xalq kutub­xonasida saqlanmoqda. Mazkur qo'lyozma asardagi bir tas­vir samarqandlik musavvir Pir Ahmad Bog'ishamoliy mo'yqalamiga mansubdir.

11. Ulug'bek portreti. Mirzo Ulug'bekning mazkur tasviri Samarqanddagi nafis tasviriy san`at maktabiga mansub bo'lgan noma`lum rassom tomonidan ishlagan bo'lib, u hozir Vashing­tondagi Freya san`at saroyida saqlanayotir.

Manbalardan ko'rinib turibdiki, o'sha davrda Samarqandda nafaqat ilm-fan va madaniyat, balki yuksak darajadagi musavvirlik va hattotlik san`ati ham rivojlangan. Boisi XIV-XV asrlar Samarqandda ko'plab xorijlik va mahalliy ustalar, me`morlar, musavvirlar barakali ijod qilgan. Shulardan biri hozircha bizga faqat nomigina ma`lum bo'lgan Ustod Gung degan musavvir va naqqoshdir. Ma`lumki, Mirzo Ulug'bek davrida Samarqandda mohir rassom Ustod Jahongir yashab ijod etgan. U asli kelib chiqishi buxorolik bo'lib, Ustod Gungning shogirdi hisoblanar edi. Manbalarda Kamoliddin Behzodning ustozlaridan biri Pir Sayid Ahmad Tabriziy Ustod Jahongirning shogirdi ekani aytiladi. Shuningdek, Samarqanddagi nafis tasviriy san`at maktabi namoyandalaridan yana mohir naqqosh va musavvir Ustod Abdulhay (907x-1501 milodiy yilda Tabrizda vafot etgan) va uning shogirdlari Ahmad Bog'ishamoliy, Shayx Muhammad Tamimiylarni ham sanab o'tish o'rinlidir.

Ba`zi manbalarda bayon etilishicha, 1447 yilda Shoxruh Mirzo vafotidan so'ng Mirzo Ulug'bek tomonidan Mavlono Shahobiddin Abdullo, Mavlono Zahiriddin Asgar degan musavvirlar Hirotdan Samarqandga olib kelingan. Ular bosh­qa rassom va naqqoshlar bilan birgalikda Mirzo Ulug'bekning ulkan kutubxonasidagi eng mashhur tarixiy, adabiy, ilmiy-texnikaviy kitoblarni ajoyib tasvirlar bilan bezash ishlarini olib borganlar.

«Kamoliddin Behzod va uning naqqoshlik maktabi» kitobida ta`kidlanishicha, «Hirot naqqoshlik maktabi Temuriylar davridagi naqqoshlik maktabining muhim va ulkan sho'`basi (tarmog'i) bo'lib, hijriy sakkizinchi va to'qqizinchi (XIV-XV milodiy) asrlarda Temuriylar davrida bunyod etilgan eng mukammal, boy va go'zal naqqoshlik maktablaridan biri hisoblanadi».

Demak, Kamoliddin Behzod tomonidan yaratilgan nafis tasviriy san`at maktabi XIV-XV asrlarda Movarounnahrda vujudga kelgan Samarqand nafis tasviriy san`at maktabining tadrijiy davomi bo'lib, u bilan o'zaro mustahkam aloqada va bir-biriga o'zaro ta`sirda rivojlangan, deb aytishga to'la asosimiz bor.

Nurmon BERDIYEV,

O'zbekiston Badiiy akademiyasi

badiiy ijodkorlar uyushmasi a`zosi,

Erkin JABBOROV,

Qarshi davlat universiteti katta o'qituvchisi

 

92 marta o`qilgan