![]() |
![]() |
![]() |
Tafakkur
Ma`naviyat me`morlari
30.09.2011 13:51
Ilmu ma`rifat, ta`lim-tarbiya inson tafakkurining shakllanishi, ma`naviy kamolotida bosh mezon sanaladi. Zotan, ilmning ortishi, tarbiyaning mustahkamlanishi tafakkur va tasavvurga keng yo'l ochadi. Aqliy hamda ma`naviy kamolot, ma`rifatparvarlik muvaffaqiyati va ravnaqi esa jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Shu bois bugun mamlakatimizda tafakkuri boy, salohiyati yuksak barkamol avlodni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada ayniqsa, ta`lim tizimini takomillashtirish, sohaga ilg'or yutuqlarni izchil tatbiq etishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Aytish joiz, zamonaviy bilim va ko'nikmalarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazish, eng avvalo, o'qituvchi va murabbiylar zimmasiga katta mas`uliyat yuklaydi. Zotan, davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida ta`kidlaganidek: «Biz yurtimizda yangi avlod, yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek mas`uliyatli vazifani ado etishda birinchi galda ana shu mashaqqatli kasb egalariga suyanamiz va tayanamiz, ertaga o'rnimizga keladigan yoshlarimizning ma`naviy dunyosini shakllantirishda ularning xizmati naqadar beqiyos ekanini o'zimizga yaxshi tasavvur qilamiz». Shu bois mamlakatimizda bu sharafli kasb egalarining olijanob mehnati bugun har qachongidan ham yuksak qadr topmoqda. «...Hayot o'zi muallim...» Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdulla Ulug'ov bugungi kunda o'z hayotini ana shunday mas`uliyatli sohaga bag'ishlagan fidoyi, jonkuyar ustozlardan biridir. Ma`rifatparvar bu inson qariyb 30 yildan buyon Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida talabalarga saboq berib kelmoqda. - Bashariyat tarixida ovchilik, chorvachilik va dehqonchilik kasb-hunarlarning eng qadimiysi deb qaraladi, - deydi Abdulla Ulug'ov. - Qadimda ana shu kasb-korlar bilan shug'ullanish jarayonida kishilar bir-birining amallarini kuzatib, bilmaganlarini o'rgangan. Aslida hayotda har kim o'zi anglamagan tarzda shu taxlit bir-biriga ustoz, murabbiylik qiladi. Har bir odam katta yoshlilardan ham, kichik yoshlilardan ham nimanidir o'rganadi. Bir so'z bilan aytganda, hayot har qadamda bir-birimizga benihoya kerak ekanligimiz haqida saboq berib keladi. Demak, ustozlik insoniyatning ijtimoiy ehtiyoji tufayli ovchilik, chorvachilik, dehqonchilikdan ham avval paydo bo'lgan. Taqdir meni mana shunday ulug' kasb bilan siylaganidan behad mamnunman. Maktabda ham, universitetda ham jonkuyar, fidoyi ustozlardan saboq oldim. Birinchi ustozim Normo'min Rahimqulov o'qish, yozishni o'rgatish orqali ilm olishga qiziqish uyg'otgan bo'lsa, adabiyotga mehr qo'yishimda o'qituvchim Murod Ashurovning xizmatlari katta bo'ldi. Ustoz Murod Ashurov, Fafur Fulom, Maqsud Shayxzoda, Oybek, Mirtemir, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi shoirlar ijodidan talay she`rlarni yoddan aytib berganida har gal uning kuchli xotirasi, zehni, ayniqsa, ifodali she`r o'qishiga havasimiz kelardi. Uning darslarini qiziqish bilan kutardik. U kishi qattiqqo'l va talabchanligi bilan ham boshqa o'qituvchilardan ajralib turardi. Zotan, o'quvchiga mehr va e`tibor berish uni intilish, izlanishga ko'proq ruhlantirsa, talabchanlik bu boradagi mas`uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ulug’ sharaf, yuksak mas`uliyatAna shu ezgu a`molni faoliyatida qo'llab kelayotgan ustoz Abdulla Ulug'ov ta`lim sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, o'quv mashg'ulotlarni davlat ta`lim standartlari talablari darajasida tashkil etish borasidagi pedagoglik mahorati, kasbiga sadoqati, shuningdek, ilmiy-ijodiy faoliyati bilan hamkasblari hamda talaba-yoshlarga ibrat bo'lib kelmoqda. U ko'p yillik tajribaga ega bo'lishiga qaramay, bugungi ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga, har doim zamon bilan hamnafas bo'lishga intiladi. - Hayot haqiqati shuni ko'rsatadiki, ta`lim-tarbiya borasida ustoz, murabbiy o'rnini hech kim bosolmaydi, - deydi suhbatdoshimiz. - Ziyoli, o'qimishli ota-ona ham, hatto ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan pedagog ham farzandining ta`lim-tarbiyasini muallimlarga ishonib topshirishi bejizga emas. Zero, muallim ilm-ma`rifat orqali insonni hayot maktabiga tayyorlaydi. Sinfda, auditoriyada barchaga bir xil saboq beriladi, ammo o'quvchi, talabalarning darslarni har xil darajada o'zlashtirishi ham bor gap. Albatta, bunda muallim o'z sohasining bilimdoni bo'lishi, pedagoglik mahorati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Agar o'qituvchi mahoratli, fidoyi bo'lsa - o'quvchi, talabalarni o'z sohasiga qiziqtira oladi. Sohasiga astoydil mehr qo'ygan mutaxassislar esa jamiyat barqaror taraqqiyoti istiqbolini ta`minlaydi. Men universitetda tahsil olgan kezlarim Fulom Karimov, Subutoy Dolimov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Norboy Xudoyberganov, Abdug'afur Rasulov, Tal`at Solihov, Muhammadnosir Saidov kabi adabiyotshunos, Ayub Fulomov, Shavkat Rahmatullayev singari tilshunos olimlarning saboqlaridan bahramand bo'lib, ulardan o'z kasbiga sadoqatni, fidoyilikni o'rgandim. Bugun faoliyatim davomida erishgan va erishayotgan muvaffaqiyatlarim, yutuqlarimni ana shu fidoyi ustozlarim yaratgan maktabdan olgan saboqlarim, ular «yuqtirgan» fazilatlar bilan bog'layman. Abdulla Ulug'ov nafaqat pedagoglik faoliyati, balki adabiy-badiiy jarayonlarning faol kuzatuvchisi, qolaversa, ishtirokchisi sifatida adabiy-tanqidiy, ilmiy-nazariy, publitsistik maqolalari, esselari bilan ham bugungi adabiyotshunoslikka munosib hissa qo'shib kelmoqda. Uning «Hozirgi o'zbek qissachiligi», «Qissachiligimiz qirralari», «Adabiyotshunoslikka kirish», «Inson ibratga intiladi», «Asl asarlar sehri», «Vatan - jon va tan» kabi kitoblari, «Eng baxtli kun», «Shayx Najmiddin Kubro» drammalari, «Sho'rtepadagi sho'rlik» kabi hikoyalari adabiyotimiz maydonida o'ziga xos o'rin va mavqega ega bo'ldi. U o'zining ikki yuzdan ortiq adabiy-tanqidiy maqolalarida hozirgi adabiy jarayon, xususan, she`riyatda, roman, qissa, hikoyalarda bugungi kun kishilarining dunyoqarashi, ruhiy-ma`naviy olami haqida dadil fikrlar bildirib kelayotir. Uning adabiy-tanqidiy mushohadalari markazida doimo adabiy qahramon muammosi turadi. Badiiy asarlarda inson obrazi talqini, adabiy qahramonlar timsolida kishilarning tashqi qiyofasi va ichki olami aks ettirilishi, ijodkorning badiiy mahorati u tadqiq va tahlil etadigan mavzularning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Malakali pedagogning barkamol avlodni tarbiyalash yo'lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatlari o'z samarasini bermoqda. Bugun uning ilm va ijod yo'lidan borayotgan izdoshlari jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shib kelayapti. Davlatimiz rahbarining O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yilligi munosabati bilan fan, ta`lim, sog'liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san`at, ma`naviyat, ma`rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risidagi Farmoniga binoan Abdulla Ulug'ov «Do'stlik» ordeni bilan taqdirlandi. - Muallim bergan saboq har bir odamning bir umrlik mulkiga aylanadi, - deydi Abdulla Ulug'ov. - U qancha ko'p bilim o'rgatgani sayin o'z ilm xazinasi boyib, shogirdlari safi kengayib boraveradi. O'qituvchi boshqa kasb vakillaridan ko'proq izlanishi, har doim harakatda bo'lishi, astoydil mehnat qilishi lozim. Chunki uning zimmasiga insonni ma`nan kamol toptirish, tarbiyalash vazifasi yuklatilgan. Boshqacha aytganda, muallim va murabbiylarni millat ma`naviyatining me`morlari deb atash mumkin. Me`mor qanchalik mohir bo'lsa, inshoot shunchalik mustahkam, ko'rkam va ulug'vor bo'ladi. Feruza MIRZAKOMILOVA, «Jamiyat» muxbiri
129 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|