Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Tafakkur
Muzeylar - ma`naviyat chashmasi
30.01.2012 15:32

Mamlakatimizda xalqimizning boy tarixi, bebaho durdonalarini asrab kelajak avlodlarga yetkazib kelayotgan muzeylarga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, yer yuzining sayqali deya e`tirof etiladigan Samarqandda keyingi yillarda bu borada bir qator e`tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Dunyo tamadduniga munosib hissa qo'shgan qadimiy Samarqand shahri bejizga ochiq osmon ostidagi muzey deya e`tirof etilmaydi. Qadim shaharning har bir qarich yeri tarixiy sir-sinoatlarga boy. Mustaqillik sharofati tufayli sobiq sho'rolar tuzumi davrida oyoq osti qilingan tarixiy manbalar, osori-atiqalar qayta tiklanmoqda.

Bugun viloyatda faoliyat olib borayotgan Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me`moriy va badiiy muzey-qo'riqxonasi tasarrufida 8 ta muzey mavjud bo'lib, ularda 210 mingdan ziyod turli davrlarga oid eksponat saqlanmoqda. Ushbu muzey-qo'riqxonalardagi eksponatlar va o'tmishidan hikoya qiluvchi osori-atiqalar bilan yaqindan tanishish uchun har yili 800 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurib, bebaho durdonalardan bahramand bo'lmoqda.

E`tiborli jihati shundaki, keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor tufayli muzeylarga tashrif buyuruvchilarning soni ham yil sayin ko'paymoqda. Xususan, birgina o'tgan yili mazkur muzeyning 179 nafar tajribali xodimi tomonidan 10 mingdan ortiq chek ellik sayyohga namunali  xizmatlar ko'rsatildi.

Albatta, bu jarayonda olib borilayotgan targ'ibot-tashviqot ishlarining ham ahamiyati katta bo'layapti. Muzey qo'riqxona jamlanmasida saqlanayotgan 54 ming 222 ta eksponatga ilmiy-tavsif varaqalari yozilgan bo'lib, tizimdagi muzeylar va tarixiy yodgorliklar fondida saqlanayotgan muzey to'planmalari haqida ma`lumotlar beruvchi 10 ta turdagi buklet, yo'l ko'rsatish va afisha shaklidagi targ'ibot materiallari tayyorlandi. Shuningdek, «Mustaqillik eks­pozitsiyasi» ni tayyorlash uchun 5 ta konsepsiya, mavzuviy-ekspozitsion reja ishlab chiqildi va O'zbekiston tarixi, madaniyati, san`ati va tabiatiga doir 25 ta ma`ruza tayorlandi.

Muzey-qo'riqxonalarining Xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro hamkorligi samarasi ham o'z natijasini berayotir. Yaqinda Samarqand davlat birlashgan muzey qo'riqxonasi hamda YuNYeSKO­ning Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqot instituti bilan hamkorlikda «So'zana: Markaziy Osiyo bezakli kashtachiligi» nomli kitob ingliz tilida nashr etildi.

- Muzey-qo'riqxona fondiga keyingi ikki yil davomida 443 ta eksponat to'plandi, - deydi Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me`morchilik va badiy muzey-qo'riqxonasi bosh direktori Mahmud Boboyorov. - Ulardan 216 tasi asosiy, 227 tasi yordamchi muzey ashyolaridan iborat. Shundan 17 tasi arxeologiya, 44 tasi etnografiya, 18 tasi numizmatika, 202 ta, turli noyob hujjat va kitoblar, 154 ta yorliq, 7 ta foto va 1 ta rangtasvir ashyolari bo'lib, ular o'ziga xos jihatlari bilan muzeylar eks­pozitsiyasini boyitdi. Kezi kelganda aytish o'rinliki, viloyatimizda muzey qo'riqxonalar faoliyatini yanada takomillashtirib borish doimiy e`tiborda bo'lib kelmoqda. Masalan, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan yaqin kunlarda O'zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi jahon talablari darajasidagi muhtasham yangi binoda faoliyat boshlash arafasida turibdi. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan foydalanib muzeylar xodimlarining malakasini oshirishga ham alohida etibor qaratayapmiz.

Bugun sodir bo'layotgan yangilik va voqeliklar ertaga tarixga aylanadi. Ushbu haqiqatni teran anglagan muzey xodimlari muhim yangilik va hodisalar aks etgan fotofiksatsiya bazasini yaratishdi. Hozirda 400 ga yaqin suratlar fotofiksatsiya qilinib, kompyuterlarga joylashtirilgan. Bundan tash­qari, turli davrlarga oid 6 ming dona shishali negativlar YuNYeSKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda raqamlashtirildi. Bu o'z o'zidan ma`lumki, raqamlashtirilgan har bir muzey ashyosi mazkur nufuzli tashkilot ro'yxatiga kiritilganligidan dalolat beradi.

2011 yilda etnografiya fondi qayta ko'rikdan o'tkazilib, unda saqlanayotgan 58 mingdan ziyod eksponatlar xatlovdan o'tkazildi va maxsus veb-sayt yaratildi. Ayni paytda Mirzo Ulug'bek rasadxonasi majmuasi veb-saytini yangilash va buyuk bobokalonimiz muzeyining virtual shaklini yaratish bo'yicha qizg'in ish olib borilmoqda. Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur maqbarasi avvallari «Go'ri Amir» nomi bilan atalib kelinardi. Muzey qo'riqxona ilmiy xodimlari millatimizning buyuk siymosi Sohib­qiron bobomiz va boshqa bir qator tarixiy shaxslar qabrlari joylashgan ushbu maqbarani «Amir Temur maqbarasi» deb atash tashabbusi bilan chiqishdi. Bu tashabbus keng jamoatchilik hamda davlatimiz tomonidan qo'llab-quvvatlandi.

- Barchamizga ma`lumki, o'sib kelayotgan yosh avlodning qiziqishlari chegara bilmaydi, - deydi Mahmud Boboyorov. - Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda xodimlarimiz viloyatda Bolalar va o'smirlar muzeyini tashkil etish tashabbusi bilan chiqishdi. Ushbu tashabbus loyihasiga ko'ra, bolalardagi qiziqish inobatga olinib, mazkur muzeyda eksponatlarni qo'l bilan ushlab ko'rish, uni bemalol tomosha qilish imkoniyati yaratiladi. Tarixiy muzeylarda esa bunday imkoniyat yo'q. Eksponatlar tomoshabinlar tomonidan joyidan ko'zg'atilishi mumkin emas. Hozirda Bolalar va o'smirlar muzeyini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar joriy yil yakuniga qadar o'z nihoyasiga yetkazilishi ko'zda tutilmoqda. Shuningdek, Samarqand shahridagi muzey qo'riqxona hisobida turadigan tarixiy obidalarni saqlash, muhofaza etish va undan foydalanishni yaxshilash maqsadida XIX asrda bunyod etilgan Yangi Xayrobod, Maxdumi Xorazmiy, Said Islom mahalla masjidlarida turli mavzularda muzeylashtirish loyihalari ishlab chiqilmoqda. Ortda qolgan har bir kun tarix, degan ekan buyuk allomalardan biri. Mamlakatimizda har ikki yilda o'tkazib kelinayotgan «Sharq taronalari» xal­qaro musiqa festevali ham o'zining boy tarixini yaratishga ulgurdi. Jamoamiz ayni paytda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali ekspozitsiyasini yaratish ustida ham ish olib borishayotir.

Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizning barcha joylarida bo'lgani kabi Samarqandda ham muzeylarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, fondlardagi eksponatlarni yanada boyitish, muzeylarga tashrif buyuruvchilar va sayyohlarga namunali hamda sifatli xizmat ko'rsatish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar esa o'tmish va bugunning nafasini  aks ettirib, kelajak orzularga keng yo'l ochadi.

Shuhrat QARShIYeV,

«Jamiyat» muxbiri

43 marta o`qilgan