Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Tafakkur
«Naf`ing agar xalqqa beshakdurur»
02.02.2012 22:04

Yana bir necha kundan so'ng buyuk mutafakkir, g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavallud kunini keng nishonlaymiz. Aytish joizki, o'lmas asarlari orqali insonga, hayotga cheksiz muhabbat bilan to'lib-toshgan falsafiy o'gitlarini meros qoldirgan bu ulug' zot ijodi haqida juda ko'p so'z yuritilgan bo'lsa-da, unga nisbatan qiziqish aslo so'ngani yo'q. Zotan, ulug' bobomizning ijodi ummon qadar bepoyon bo'lib, har bayti hikmatli bir kitob.

Ahli donishlar buyuklar mangulikka daxldor deya naql etganlar. Asarlarida insoniylik, halollik, mard­lik, qanoat, adolat, vafo, muhabbat kabi azaliy va abadiy ezgu tushunchalarni ulug'lab, inson ma`naviyatiga hamisha soya solib kelgan riyo, e`tiqodsizlik, hasad, kibr kabi illatlarni keskin tanqid qilgan hazrat Navoiy ham abadiyatga daxldor boy ma`naviy xazinaga asos solib, milliy adabiyotimizning teng­siz namoyandasi sifatida buyuklar safidan joy oldi.

Alisher Navoiyning avloddan-avlodga o'tib, barhayot yashab kelayotgan asarlarida ezgulik, pok insoniy muhabbat, inson fazilatlarini ulug'lash, tinchlikka, do'stlikka da`vat, vijdon erkinligi singari g'oyalar turadi. Xususan, Navoiy «yaxshiroq bil ani ulus arokim, etsa ko'prak naf` ulusqa andin», der ekan, bu jarayonning uyg'unligini quyidagi mashhur satrida teran bir tarzda ifodalaydi:

Naf`ing agar xalqqa beshakdurur,

Bilki, bu naf` o'zungga ko'prakdurur.

Hazrat Navoiyning qariyb besh yarim asr muqaddam aytgan bu so'zlari bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q. Buning omillaridan biri sifatida shoir hayoti va faoliyatida so'z va amal birligi o'z aksini topganligida, desak yanglishmagan bo'lamiz. Zotan, tarixiy manbalarga ko'ra, «Xamsa» tuzgan sanoqli shoirlardan biri bo'lgan Navoiy juda kamtarona hayot kechirib, molu davlat va boyliklarini, yer maydonlaridan keladigan daromadlarni xalqqa bag'ishlagan.

Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asarida «yorug' joyda sha`m yoqqanni aqldan begona deydilar» degan hikmatomuz so'z bor. Ta`bir joiz bo'lsa, sobiq mustabid tuzum davrida hazrat bobomiz ijodidagi boy ma`no-mazmunni tushunish jarayonida shunday yondashildi, ya`ni Navoiyning asarlari o'sha davr­dagi hukmron mafkura mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda buzib talqin etildi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ulug' bobokalonimiz shaxsi va ijodiga munosabat tubdan o'zgarib, uning boy adabiy merosiga to'laqonli va haqqoniy yondashish imkoniga ega bo'ldik. Ayniqsa, bu jarayonda Navoiyning yigirma jildli mukammal asarlar to'plamining to'laligicha chop etilishi xalqimiz ma`naviy hayotida katta voqea bo'ldi.

Davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida ulug' bobokalonimizning siymosiga yuksak baho berar ekan, «Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg'usi bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko'p bahramand etsak, milliy ma`naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma`rifiy qurolga ega bo'lamiz», deya ta`kidlaydi

Darhaqiqat, ijodi ma`naviyat qomusi, hayoti, amalga oshirgan ezgu ishlari esa ibrat maktabi sifatida dunyo xalqlari tomonidan ham e`zozlanayotgan Navoiyning o'lmas ma`naviy merosi har bir kishi, shu jumladan, unib-o'sib kelayotgan yoshlar uchun mayoq bo'lishi shubhasiz. Aytish joizki, bugungi kunda boshlang'ich ta`limdayoq ulug' bobomizning asarlari o'rgatilmoqda, farzandlarimiz Alisher Navoiy hikmatlarini yod olib, xat-savod chiqarmoqda, oq-qorani tanimoqda. Shuningdek, maxsus dars soatlari tashkil etilib, mutafakkir bobomizning ijodiy merosi o'quvchilar tomonidan chuqur o'rganilmoqda. Navoiy ijodiga bag'ishlangan turkum ochiq darslar, uchrashuvlar esa bevosita yoshlarning shoir hayoti, faoliyati va ijodiga oid bilimlarini yanada boyishiga xizmat qilmoqda.

Roziya ASRAYEVA,

Toshkent bank kolleji o'qituvchisi

28 marta o`qilgan