Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Tafakkur
Oilaga qo'yilgan haykal
22.09.2011 22:26

Qarshi shahrining bosh maydonida qad rostlab turgan ulug'vor yodgorlik allaqachon qarshiliklar va viloyat mehmonlari uchun ziyoratgohga aylanib ulgurgan. Bu yerga har kuni yuzlab kishilar tashrif buyurib, monumental majmua poyiga gullar qo'yadilar.

«Qarshi shahrining 2700 yilligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov janobi oliylari tomonidan «El-yurt tayanchi» haykalining ochilishi Qarshi shahri obidachiligiga munosib tuhfa va shahar yubileyiga o'rnatilgan yodgorlik bo'ldi, - deb yozgan edi monumentning ochilish marosimiga tashrif buyurgan YuNYeSKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Maykl Barri Leyn. - Tarix to'fonlariga qaramasdan mashaqqatlarga sabot bilan turib bergan va istiqlolga erishgan mehnatsevar Qashqadaryo va butun O'zbekiston xalqining ramzi bo'lmish ushbu haykaldagi har bir qiyofa o'ziga xoslikni ifoda etadi».

Shundan buyon bu yerga har kuni qanchadan qancha odamlar kelib-ketmoqda, muazzam obidadan hayratga tushib, o'z taassurotlarini ifoda etmoqda. Haykalni ziyorat qilganlar Istiqlol tufayli inson qadr-qimmati naqadar yuksalib borayotganini yana bir bor qalbdan his etib, o'zlarining dil so'zlarini izhor etadilar.

...Shu yil bahorda o'rta maktabni tamomlaganimizning 50 yilligini nishonladik. Bir-birlari bilan yarim asrdan so'ng diydorlashgan sinfdoshlarimiz dastavval «El-yurt tayanchi» monumentiga gul qo'yish istagini bildirishdi. Yodgorlikni ziyorat qilar ekanmiz, sobiq o'qituvchimiz, Xalq ta`limi a`lochisi Fayzulla  Haydarov ko'nglidagi gaplarni shunday ifoda etdi:

- Oddiy o'zbek oilasi timsoli naqadar ulug'vor aks ettirilgani  meni juda hayratga soldi. Ota siymosiga bir nazar tashlang. Yoki ona, o'g'il va qiz siymolari  ham kishida unutilmas taassurot qoldiradi. Bu timsollarda mehnatkash xalq  qiyofasi, hayoti aks etib turibdi. Yodgorlik ijodkorlarining aqlu zakovatiga, iste`dodiga qoyil qoldim.

Mazkur badiiy obida Qarshi shahrining 2700 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbarining ko'rsatmasi va g'oyalari asosida  shahrimizning qoq markazida mehnatkash xalq sharafiga bunyod etilgan. Majmuaning shakl-shamoyili va qiyofasida qanday ma`no-mazmun mujassamlashgan?

«Bunga javob bitta, - degan edi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov monumentning ochilishiga bag'ishlangan tantanali marosimda so'zlagan nutqida. - Ming yillar oldin mana shu mo'`tabar zaminda ildiz otib, Ollohning marhamati va ne`mati, o'zining og'ir va mashaqqatli mehnati  bilan shu yurtni obod etgan, hayotni tebratgan - bu inson va  bu insonni tarbiyalagan oila va xalqdir.

Biz ana shu ezgu g'oyani tomirlari teran va baquvvat, har qanday suron va to'fonlarga bas kelib, yengilmasdan yashab kelayotgan azamat va qudratli xalqimiz hayotining negizi bo'lmish oddiy o'zbek oilasi timsolida ifoda etishga qaror qildik. Lo'nda qilib aytadigan bo'lsak, bu hayotning og'ir yukini o'z yelkasida ko'tarib kelayotgan, hayot boqiyligini ta`minlaydigan insonlar siymosini mujassam etgan mana shu go'zal badiiy obida aynan shu tariqa dunyoga keldi».

E`tibor bersangiz, haykal poyidagi tegirmon toshi bamisoli hayot gardishi kabi shiddat bilan aylanib, zamon, davr tinimsiz o'zgarib borishini anglatib turadi. Tegirmon toshi uzra esa bir-birini asrab-avaylab, bir-biriga yelkadosh bo'lib, o'z ona zaminida mustahkam turgan, yurtimizni butun dunyoga tanitgan, har qanday mushkul vaziyatda ham o'ziga ishonib yashayotgan, xalqimizning tayanchi va suyanchi bo'lgan mehnatkash oila tasviri mujassam etilgan.

- Shu vaqtgacha jahonning biron-bir mamlakatida hali oilaga haykal qo'yilmagan edi, - deydi qashqadaryolik faylasuf olim Abdurahim Erkayev. - Bu ish Prezidentimizning tashabbusi bilan birinchi bo'lib Qarshida amalga oshirildi.

Darhaqiqat, mazkur majmua mehnatkash xalqimizga bo'lgan chuqur hurmat va ehtirom ramzidir. Oila boshlig'i bo'lmish ota siymosida butun kuch-quvvati, mehrini oilasi va farzand­lariga, el-yurtiga baxshida etgan, qo'li qadoq, bag'rikeng, fidoyi va zahmatkash inson qiyofasi, ona timsolida esa munis va mehribon o'zbek ayoli namoyon bo'lib turibdi.

Hayotga katta ishonch bilan kirib kelayotgan, ilm-ma`rifatga tashna navqiron yigit - o'g'il siymosida otalar ishini munosib davom ettirishga qodir, azmu shijoatli yosh avlod vakilini, ona bag'ridagi navnihol qizcha tasviri orqali esa oilaning fayzu ko'rki, baxt va go'zallik ramzi, hayot davomchisi bo'lgan o'zbek qizini ko'ramiz.

...Haykal poyiga gulchambar qo'yib, monumentning chuqur ma`no va teran mazmuni haqida o'ylab mushohada qilarkanmiz,  u hayotimizdagi eng oliy qadriyat bo'lmish insonni ulug'lashdek talab va mezonga har tomonlama javob beradigan mustaqillik qadriyatlaridan biri ekanligiga imon keltirdik. Bir ozdan so'ng bizning o'rnimizni talaba-yoshlar egalladi. Maydonga gul ko'tarib kirib kelayotgan ziyoratchilarning keti uzilmaydi...

Mahmud PIRMATOV,

Jurnalist

 

 

102 marta o`qilgan