Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Tafakkur
«Olam ahli, bilingizkim...»
02.02.2012 22:08

Davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy siymosi xususida to'xtalib, «Agar bu ulug' zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir» deya ta`kidlaydi. Bu bejiz emas, albatta. Zotan, hazrat Navoiyning bebaho va betakror merosi milliy va umuminsoniy mezonlar silsilasida hech mubolag'asiz noyob hodisadir.

Milliy adabiyotimizning ravnaq topishida, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma`naviyati, didi va dunyoqarashini yuksaltirishda buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy asarlarining o'rni va ahamiyati beqiyos. Ona tilimizning keng imkoniyatlarini butun dunyoga tarannum etgan Navoiy ijodida ulug'langan insonparvarlik, ezgulik, saxovat, mehr-muruvvat, tinchliksevarlik kabi o'lmas g'oyalar bugun jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida o'zining yorqin ifodasini topmoqda. Shuningdek, Navoiy merosini milliy, tarixiy, ma`naviy qadriyatlarimizni tiklash, adabiy-badiiy va tarbiyaviy ahamiyatini namoyon etish jihatidan puxta o'rganish va talqin etish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. E`tiborli jihati shundaki, bu jarayonda ulug' bobomiz tarannum etgan ezgu g'oyalar mazmun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbiga chuqur singdirishga alohida e`tibor qaratilayotir. Milliy o'zlikni anglash, xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish, jamiyatimizda bag'rikenglik, ahillik, o'zaro hurmat muhitini mustahkamlashda, eng muhimi, yoshlarni har jihatdan barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda bu katta ahamiyat kasb etmoqda.

Olam ahli, bilingizkim,

                         ish emas dushmanlig',

Yor o'lung bir-biringizgaki,

                                ish erur yorlig' ish.

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomi bilan yuritiluvchi Milliy bog'da savlat to'kib turgan Navoiy bobomiz haykali gumbaziga yozib qo'yilgan birgina mana shu bayt misolida biz Navoiy ijodining ahamiyatini, buyuk qudratini his qilishimiz mumkin. Bunday quyma satrlarda ilgari surilgan  umumbashariy g'oyalar bizning qalbimizga, ongu shuurimizga naqadar yaqin va qadrli ekanligini dildan his qilar ekanmiz, oradan besh yuz yil o'tgan bo'lsa ham xuddi bugungi kun uchun yozilgandek tassurot qoldiradi.

Shoira ABSALOMOVA,

tarix fani o'qituvchisi

 

46 marta o`qilgan