![]() |
![]() |
![]() |
Tafakkur
Ortda qolgan iz yaxshi
26.08.2011 15:16
«Ustoz otangdek ulug'». Ushbu naql bejiz aytilmagan. Chunki qadim-qadimdan xalqimiz ustoz va murabbiylarni e`zozlab, qadrlab keladi. Ularning o'gitlari avloddan-avlodlarga o'tib kelmoqda. Yosh avlod tarbiyasi yo'lida mehnat qilgan o'lmas taronalari bilan elimiz dilidan joy olgan mohir san`atkor, folklor yo'nalishidagi mashhur «Shalola» dastasiga asos solgan xalq maorifi a`lochisi Zikrilla Umarov ana shunday ustozlardan biri edi. Surxondaryo viloyati Boysun tumani Yangiobod qishlog'ida tavallud topgan bu o'qituvchi-murabbiy umri davomida ko'plab shogirdlar qatorida yozuvchi va adiblarning ham kamolga yetishishida benazir hissa qo'shdi. O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev, O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, taniqli adib Erkin A`zamov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan xalq maorifi xodimi Bahriddin Ravshanov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan tibbiyot xodimi Berdi Normatov, qishloq xo'jaligi fanlar nomzodi Izzat Qahhorov, Mo'`sin Sattorov va ko'plab boshqa soha vakillaridan shogirdlar yetishtirdi. Zikrilla Umarov 1951 yilda O'rta Osiyo Davlat universitetini tamomlagan surxondaryolik ilk bitiruvchi hamda oliy ma`lumotli birinchi pedagog hisoblanadi. U o'qishni tamomlab Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 1-maktabda o'zbek tili va adabiyoti fanidan dars berib, o'qituvchilik faoliyatini boshlagan. 1952 yildan ushbu maktab direktori, 1957-1959 yillarda Termiz tumani xalq maorifi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritish asnosida o'ziga xos pedagoglar sulolasini shakllantirdi. - Men Zikrilla Umarov domlani yaxshi bilaman, - deydi jurnalist Rustam Rahmonov. - 1946 yildan boshlab biz filologiya fakultetida birga tahsil olganmiz. U O'zbekiston Qahramoni, taniqli olim Ozod Sharofiddinov, akademiklardan Muzaffar Xayrullayev, Erkin Yusupov, No'`mon Qurbonov, adiba Saida Zunnunova hamda Sharofat Qo'shboyeva singari kursdoshlardan iborat guruhimizning sardori edi. Zikrilla odamoxun murabbiy, sodiq do'st, yaxshi ulfat, oilaparvar inson va musiqa shinavandasi edi. So'z va ohangga moyillik Ustoz Zikrilla Umarov musiqa va san`atdan maxsus saboq olmagan bo'lsa-da, tug'ma iste`dodi tufayli barcha musiqa asboblarini qoyilmaqom chalardi. U kishining she`riyat va musiqaga qiziqishi yuqori bo'lgani bois adabiyot hamda musiqa faniga alohida mehr qo'ygan edi. Shu sababli 1966 yilda domla Boysun tumanida musiqa maktabini tashkil etdi hamda ushbu musiqa dargohida 12 yil davomida rahbarlik qildi. Ustoz butun kuch-g'ayratini Boysun san`atini rivojlantirishga va uni xalqqa tanitishga sarfladi. Mazkur musiqa maktabida ilk bor «Dutorchi qizlar» guruhini tashkil etib, tumanda birinchi marta qizlarning ommaviy «Lola» raqsini sahnalashtirdi. O'sha paytning o'zida Boysun tumanidagi 2-maktabda «Funcha» bolalar folklor ansamblini tuzdi. Shu o'rinda aytish joizki, ustoz o'tgan asrning 60-yillarida «Shalola» xalq dastasini tashkil etib, mamlakatimizda va chet ellarda uning shuhrat qozonishiga o'z hissasini qo'shgan. Boysunning qadimiy xalq qo'shiqlari, raqslari, o'ziga xos urf-odatlarini namoyish etishda va ansambl repertuarini boyitish borasida ko'p izlandi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san`atkorlardan Sayyora Qoziyeva, Sayyora Qosimova, xushovoz hofizlardan Umid Turobov, Davron Abdurahimov, Naim Oripov, Salom Husanov, Hanifa Salimova, Gulnora Qoziyeva, Sharbon Hamdamov, Ra`no Navro'zova, Sanobar Akromova singari san`atkorlar 1980 yilgacha «Chashma», «Marhabo, talantlar», «Davramizga marhabo», «Zehn» kabi bir qator respublika tanlovlarida o'z mahoratini namoyon qilib, nafaqat Boysun, balki butun Surxondaryo san`atini mamlakatimiz bo'ylab taratdi. Ustoz Boysunda ilk bor «Chiroq» raqsini sahnalashtirdi. Shuningdek, «Shalola» deb nomlangan kuy bastaladi. E`tiborli jihati shundaki, 1975 yil Polshada jahonning 16 ta davlatidan tashrif buyurgan 25 ta folklor ansambllari ko'rik-tanlovi bo'lib o'tgan. Mazkur «Tog'li o'lkalar» XII jahon festivalida «Shalola» dastasi faxrli ikkinchi o'ringa munosib deb topilgan hamda «Kumush bolta» sovrinini ko'lga kiritgan. Ustoz Zikrilla Umarov esa festivalning «Abadiy alanga» mukofotiga sazovor bo'ldi. «Shalola» dastasi nafaqat O'zbekistonda, balki Polsha, Fransiya, Buyuk Britaniya, Afg'oniston, Turkiya va Rossiya singari mamlakatlarda ham o'zbek milliy kuy-qo'shiqlarini namoyish etgan. Bugungi kunda ham mazkur dasta yurtimizda o'tkazilayotgan ko'plab ko'rik-tanlovlarda, san`at anjumanlarida yurtdoshlarimiz hamda xorijiy mehmonlar e`tirofiga sazovor bo'lib kelmoqda. Ezgulik ortidagi nom Boysun tumani azal-azaldan madaniyat beshigi bo'lib kelgan. Xalq og'zaki ijodining eng nodir namunalari, umrboqiy ohanglar, marosim bilan bog'liq kuy-qo'shiqlar shu ko'hna va navqiron zaminda vujudga kelgan. Shu bois Boysun zamini san`ati YuNYeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy va og'zaki madaniyat merosi sifatida dunyodagi 19 ta hududdan biri sifatida e`tirof etildi. Shu o'rinda aytish joizki, bor kuch-g'ayratini Boysun san`atini rivojlantirishga va uni xalqqa tanitishga sarflagan Zikrilla Umarovning bunda hissasi katta bo'ldi. Zikrilla Umarov ona yurt, shu muqaddas zaminga mehru muhabbati baland inson edi. Yaqinda ustozni xotirlab, u tug'ilib-o'sgan Boysun tumanida kecha tashkil etildi. Unda ustozning do'stlari, shogirdlari, qarindoshlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar, san`atkorlar ishtirok etib, uni XX asr «Boysun san`atining chinakam darg'asi» sifatida e`tirof etishdi, xotirlashdi. Basandabonu JALILOVA
126 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|