Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Tafakkur
O'zbekiston – buyuk allomalar yurti
18.11.2011 01:25

Yaqinda O'zbekiston Milliy ensiklopediyasini ko'zdan kechirayotganimda, ustozim, taniqli faylasuf olim, akademik Muzaffar Xayrullayev haqida ma`lumot berilgan sahifa yana bir bor e`tiborimni tortdi. Bu yerda yana bir bor deyishimga sabab, ushbu nashr chop etilgandan beri bu sahifa men uchun tanish bo'lib qolgan. Shunga qaramasdan har gal ustozning nurli siymosi o'ziga tortaveradi, binobarin, xayolimda u kishi bilan bog'liq shirin xotiralar uyg'onaveradi.

Akademik Muzaffar Xayrullayev samarali ilmiy-ijodiy faoliyatining aksar yillari asosan O'zbekiston Fanlar akademiyasining Falsafa va huquq hamda Sharqshunoslik institutlari bilan chambarchas bog'liq kechdi. Keng jamoatchilik yaxshi biladi, ustoz uzoq yillar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida direktor lavozimida faoliyat ko'rsatdi. Men ham mazkur institutda aspiranturani tugatib, arab tarixchisi Ibn Arabshohning Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan «Ajoyib al-maqdur fi tarix Taymur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») nomli asari asosida fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan edim. Shundan keyin qariyb yigirma yil mobaynida ToshDU (hozirgi O'zMU)da va turli idoralarda ishlaganimdan so'ng 1995 yilning may oyidan Sharqshunoslik institutida yetakchi ilmiy xodim sifatida ishlay boshladim. Bu paytda Muzaffar Xayrullayev institutda direktor bo'lib faoliyat ko'rsatar, mamlakatimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligini o'tkazish bo'yicha qizg'in tayyorgarlik ishlari ketayotgan edi.

O'sha kezlarda men Amir Temur hayoti va faoliyatiga doir arab tilida yozilgan o'n beshdan ortiq manbalarni o'rganib, shular asosida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishni mo'ljallab yurgan edim. Shunday kunlarning birida domla meni huzuriga chaqirib, ilmiy ishlarim va rejalarim haqida so'rab-surishtirdi. Men yuqorida qayd etilgan mavzu bo'yicha ilmiy ishlarimni davom ettirsam, degan fikr­ni bildirdim. Ustoz meni diqqat bilan eshitdilar-da, biroz o'ylanib turgach, vazminlik bilan gap boshladilar: «Ma`qul, ushbu mavzu bo'yicha ishlasangiz ham yaxshi bir ish bo'ladi. Hozircha Amir Temur va Temuriylar davri bo'yicha mamlakatimiz miqyosida bir necha olimlar izlanishlar olib bormoqda. Yaxshi bilasiz, birgina institutimizning o'zida Bo'rivoy Ahmedov, Asomiddin O'rinboyev, Turg'un Fayziyev, Dilorom Yusupova, Omonulla Bo'riyev, Ashraf Ahmedov, Fulom Karimov va bir necha nafar yoshlar ayni shu davr bilan bog'liq bo'lgan manbalar ustida ilmiy tadqiqotlar olib borayotirlar. Lekin men anchadan buyon o'ylab yurgan bir fikr ham bor. Mustaqillik sharofati bilan mamlakatimizda diniy bag'rikenglikka alohida e`tibor ko'rsatilayapti. Yaxshi bilasizki, islomiy ilm­lar, xususan, tafsir, hadis, fiqh va kalom ilmlari bo'yicha yurtimizdan ko'plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning nomlari va qoldirgan boy ilmiy-ma`naviy, diniy meroslari butun dunyoga mashhur. Lekin sobiq tuzumning siyosati tufayli sho'ro davrida diniy ilmlar bo'yicha qimmatli asarlar yaratgan olimlarimizga munosabat butunlay salbiy edi. Shu bois ularning hayotlari ham, qoldirgan boy meroslari ham mutlaqo o'rganilmadi. Vaholanki, ular xorijda, xususan, arab mamlakatlarida ko'p o'rganilgan. Mana endi mustaqilligimiz bergan ulkan imkoniyatlardan foydalanib, ana shu allomalarimizning hayot va faoliyatini chuqur o'rganib, xalqimizga yetkazish payti keldi. Siz Movarounnahr va Xurosondan yetishib chiqqan buyuk muhaddislarning hadis ilmi sohasidagi samarali faoliyati haqida tadqiqot olib borsangiz, yaxshi doktorlik ishi bo'lar edi».

Ustoz bilan bo'lib o'tgan shu suhbatdan keyin men doktorlik dissertatsiyam sifatida «Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan o'rni» mavzusini oldim va domla ilmiy maslahatchi bo'lishga rozilik berdi.

Mustaqilligimiz sharofati bilan boy va ko'hna tariximiz, bundan necha ming yillar oldin yashab, o'z asarlariyu muhim ta`limotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo'shgan ko'plab buyuk allomalarimizning hayoti va ular qoldirgan boy ilmiy-ma`naviy merosni o'rganishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ko'plab allomalarimiz tavallud sanalari keng nishonlanib, yubiley tantanalari o'tkazildi. Jumladan, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom Abu Mansur, al-Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Xoja Ahrori Valiy, Bahouddin Naqsh­band va Abduxoliq Fij­du­voniylarning yubileylari dunyo miqyosida keng nishonlandi.

Tabarruk zaminimizdan yetishib chiqqan bu buyuk zotlarning hayoti va asarlari sobiq tuzum davrida mutlaqo o'rganilmagani hammamizga yaxshi ma`lum. Mustaqillik yillarida ana shu yo'nalishda amalga oshirilgan e`tiborga molik ishlar tufayli  tilimizda «O'zbekiston — buyuk allomalar yurti» degan g'oyatda qutlug' bir ibora yuzaga keldi. Bu xayrli ishlarda mamlakatimizning ko'plab ilmiy muassasalari samarali faoliyat olib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 23 maydagi Qaroriga muvofiq, Samarqand shahri yaqinidagi Xartang qishlog'ida hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasining yonida Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil etildi. Markaz tomonidan  ulug' ajdodlarimizning hayoti va benazir ilmiy-ma`naviy merosini o'rganish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, «O'zbekiston — buyuk allomalar yurti» nomli asarning birinchi jildi nashr etilib (unga qirqta allomaning hayoti va faoliyati haqidagi ma`lumotlar kiritilgan), hozirgi vaqtda to'plamning ikkinchi jildi ustida ishlar qizg'in olib borilayapti.

Shu o'rinda bir mulohaza. Mana shunday ulug' ishda ustoz Muzaffar Xayrullayevning ham hissasi bor. Gap shundaki, bundan qariyb ellik yil muqaddam ustoz diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyning hayoti va ilmiy-falsafiy merosi hamda dunyoqarashini o'rganish bilan uning dunyo ilm-fani rivojida tutgan o'rnini ko'rsatgan edi.

Mustaqillik yillarida ham ustoz bu yo'nalishda tahsinga loyiq ishlarni amalga oshirdi. Chunonchi, bundan qariyb o'n olti yil muqaddam Muzaffar Xayrullayevning tashabbusi bilan nashr etilgan «Buyuk siymolar, allomalar» deb atalgan uchta risolada yuzga yaqin Markaziy Osiyolik  mashhur siymolar, allomalar, adiblar haqida qimmatli ma`lumotlar berilgan edi. Bu risolalar ilmiy doiralar va keng jamoatchilik tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi va 2001 yilda ushbu uchta risola qayta ishlanib, «Ma`naviyat yulduzlari» nomi bilan yirik, yaxlit bir asar sifatida nashr etildi. Ilmiy va amaliy jihatdan g'oyatda foydali bo'lgan bu asarlar akademik Muzaffar Xayrullayev qoldirgan boy ilmiy meros sifatida xalqimizning dunyoqarashi, ilmini oshirish va ma`naviyatini yuksaltirishdek ezgu maqsadga xizmat qilishda beqiyos ahamiyatga egaligi bilan qadrlidir.

Ubaydulla UVATOV,

Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori,

tarix fanlari doktori, professor

107 marta o`qilgan