![]() |
![]() |
![]() |
Tafakkur
"Unutmas meni bog'im"
09.09.2011 00:32
Hayot bardavom, umr esa o'tkinchidir. Faqatgina ezgu amallar bilan boyitilgan sermazmun umr sohiblarigagina barhayotlik nasib etadi. Bunday insonlarning nomi va yodi ular bu dunyodan o'tgandan keyin ham yashab qoladi. Taniqli huqushunos olim Ikrom Zokirov ana shunday baxtga musharraf umr sohiblaridan bir edi. Hayotning shunday falsafasi bor: baland cho'qqini zabt etishni orzu qilgan kishi qiynalib, mashaqqatlar chekib, shu cho'qqiga chiqqanda qarshisida undan ham balandroq cho'qqilar borligini ko'radi va qalbida ana o'sha cho'qqilarni ham zabt etish niyati tug'iladi. Shu ma`noda, dastavval huquqshunoslik yo'nalishida o'qishni orzu qilgan Ikrom Zokirov izlanishlari samarasi o'laroq, mohir pedagog, taniqli olim, yuridik fanlari doktori, professor darajasiga erishishga muvaffaq bo'ldi. U Toshkent Davlat yuridik institutida talabalikdan Fuqarolik huquqi kafedrasi mudirigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi. Orzu-maqsadlari yo'lida sobitqadamlik bilan oldinga intildi, kuch-g'ayrat va shijoatini ilm o'rganishga bag'ishladi. Ikrom Zokirov o'zining huquqshunos bo'lib yetishishida, olim bo'lib shakllanishida mehnati singan insonlar, ayniqsa, ustozlari Soli Rajabov, Otaboy Eshonov, Hadicha Sulaymonova kabi taniqli huquqshunos olimlarning har biri haqida har gal zavqu-shavq bilan gapirardi. Uning o'zi ham aspiranturada o'qish bilan birga Fuqarolik huquqi kafedrasida o'qituvchilik qilayotgan kezlardanoq ilmiy izlanishlarga astoydil bel bog'ladi. Huquq fanining chuqur bilimdoni bo'lgan bu insonning har bir darsi tolibi ilmlar bilim va dunyoqarashini boyitardi. Ikrom Zokirov pedagoglik faoliyati davomida universitetning jamoat ishlarida ham g'ayrat-shijoat bilan qatnashib, o'quv-tarbiya ishlarining saviyasini ko'tarishga o'zining munosib hissasini qo'shdi. Qator o'quv qo'llanmalari yaratdi. Ayniqsa, o'tgan asrning 70-yillari uning ilmiy izlanishlari jarayonida alohida ahamiyat kasb etdi. Bu davrda u ilmiy jurnallarda dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan muntazam ishtirok etdi, o'quv qo'llanmalari tayyorladi. Shuningdek, 1976 yil uning ilmiy izlanishlari, mehnati samarasi o'laroq fuqarolik huquqi fani bo'yicha ilk bor o'zbek tilida darslik yaratildi. Mamlakatimiz mustaqillikni qo'lga kiritgach, bozor munosabatlariga o'tish yurtimizda fuqarolik huquqi fani bo'yicha yaratilgan darsliklarni yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Ikrom Zokirov mazkur fanning birinchi qismi bo'yicha darslik yaratishni o'z zimmasiga oldi. 1996 yilda ushbu darslik chop etildi. Uning ikkinchi qismi mualliflar jamoasi tomonidan tayyorlanib, nashr ettirildi va maxsus mukofotga sazovor bo'ldi. Shogirdlar tayyorlash Ikrom Zokirov faoliyatining asosiy yo'nalishiga aylangan edi. Taniqli olim talabalarga, shogirdlariga har doim hurmat bilan qarovchi, har qanday vaziyatda ham ular bilan xushmuomilalikda ish ko'rishi bilan jamoadoshlari, izdoshlari orasida alohida hurmat qozongandi. Bu haqda so'z ketganda, u tabiatidagi bu xislatni ustozlaridan "yuqqan"ligini ta`kidlardi. "Bu dunyoda insondan nima qoladi? Yaxshilik, faqat yaxshilik qoladi. Odamlarga qo'lingizdan kelgancha yaxshilik qiling". Ustoz bu so'zlarni shogirdlariga ko'p bora uqtirar, eng muhimi, o'zi ana shu e`tiqodga qat`iy amal qilardi. Ustoz huquq yo'nalishi bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lish bilan birga so'z zargari ham edi. U kishi tahsil va ish jarayonida shunday chiroyli jumlalarni qo'llar ediki, kishi chiroyli lutfiga beixtiyor maftun bo'lib qolardi. Bir gal topshiriqlarni o'z vaqtida ustoz aytgandek bajarganimda, "Qiz bolaning sochlarini jamalak qilib o'rib qo'ygandek ishlar qilasiz, kam bo'lmang" degan lutfi hanuzgacha yodimda saqlanib qolgan. Ikrom Zokirov nafaqat ilmiy faoliyati, balki oilaviy hayoti bilan ham ibratga, havasga arzigulik inson edi. Uning turmush o'rtog'i huqushunoslik fanlari doktori, professor Mamlakat Vosiqova sud-huquq sohasida samarali faoliyat yuritdi. O'z davrida O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi tizimi takomiliga munosib hissa qo'shgan bu olima ayol nomi mamlakatimiz mustaqillikni qo'lga kiritgach, YuNYeSKO qarori bilan "Jahonga mashhur ayollar" to'plamiga kiritilgan. Hayot quvonch va tashvishlari, qolaversa, ilm-fan mashaqqatlarini hammaslak, hamfikrlikda yengib o'tgan bu insonlarning ibratga loyiq umr yo'li, ilmiy faoliyatini bugun ularning farzandlari, shuningdek, minglab shogirdlari munosib davom ettirib kelayotir. Arofat NURIDDINOVA, huquqshunos 88 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|