![]() |
![]() |
![]() |
To`rtinchi hokimiyat
Adabiy tanqid ham ijoddir
02.02.2012 21:52
Ba`zan e`tiborimizni tortgan maqolani o'qib, «Yaxshi yozilibdi, saqlab qo'yish kerak ekan» degan fikrga boramiz. Ammo ayrim hollarda o'sha asraganimizni topolmay qolamiz. Oradan ma`lum vaqt o'tgach, o'sha maqolani topganimizda go'yoki yombi topganday suyunamiz. Bu fikrlar yaqinda nashr etilgan «O'zbek adabiy tanqidi» deb nomlangan antologiya bilan tanishib chiqayotganimizda yana bir bor xayolimizdan o'tdi. Zotan, mazkur antologiyada o'quvchilik va talabalik chog'larimizda o'qigan, saqlab qo'ygan, ba`zi sabablarga ko'ra yo'qotib qo'ygan maqolalarni jamuljam holatda ko'rib, ko'nglimizga yorug'lik indi. Keng kitobxonlar ommasi, filolog talabalar, tadqiqotchilar va mutaxassislarga mo'ljallangan antologiyada o'tgan XX asrda ijod qilgan va ijodining ilk pallasini shu asrda boshlagan qator munaqqidlarning turli davrlarda yozgan maqolalari jamlangan. - Xabaringiz bor, bundan avval o'zbek she`riyati va hikoyachiligiga bag'ishlangan antologiyalar nashr etildi, - deydi filologiya fanlari doktori, mazkur antologiyani tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi Bahodir Karimov. - O'zbek adabiy tanqidchiligiga bag'ishlangan ushbu kitob avvalgi sa`y-harakatlarimizning uzviy davomi sifatida dunyoga keldi. Ijodkor shaxsiyati va uning asariga qiziqish, badiyatini, g'oyasini anglash va anglatishga intilish, san`atning go'zal namunalarini targ'ib-tashviq qilish barcha zamonlarga xos adabiy-estetik hodisadir. Zero, sohir so'z har kimning ko'nglini zavqlantirib, ruhiy bir uyg'oqlikka sabab bo'ladi. Bu hol ortidan yangi so'z va mavzu paydo bo'ladi, munosabat yuzaga keladi. Kezi kelganda aytish o'rinliki, istiqlol adabiyotshunoslarga o'z-o'zini taftish qilish, o'tilgan yo'llariga bir nazar tashlash uchun keng imkon berdi. Eng muhimi shundaki, badiiy asarni turli usullarda tadqiq qilish, biografik, psixologik, immanet va struktural talqin etish jarayonlari kuchaydi va bu jihatlar o'ziga xos xususiyatlari bilan adabiy tadqiqotlarda, maqolalarda o'z aksini topdi. Endi bevosita mazkur antologiyani tuzish jarayoni xususida aytadigan bo'lsak, unda o'qishga loyiq, o'quvchining, bo'lajak adabiyotshunosning didini tarbiyalashi mumkin bo'lgan eng muhim adabiy-tanqidiy maqolalar to'plandi. Bunda adabiy tanqid ham ijoddir, degan tamoyilga asoslanib, fan nomzodi yoki fan doktori degan ilmiy unvonga mezon sifatida qaralmadi. Bir so'z bilan aytganda, «O'zbek adabiy tanqidi» antologiyasi o'quvchini ko'pgina munaqqidlar siymosi, qisqacha ijodiy faoliyati, ayrim maqolalari bilan yaqindan tanishtirib, pirovardida o'zbek adabiy tanqidi tarixi yuzasidan muayyan tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Sanobar AZIZOVA 25 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|