Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

To`rtinchi hokimiyat
Borliqni asl ranglarda ko'rish imkoniyati oshmoqda
09.01.2012 10:14

Ma`lumki, bugungi davrda kundalik hayotimizga yangidan-yangi texnologiyalar tezkorlik bilan kirib kelmoqda. Aytish joiz, mustaqil davlat sifatida jahon sivilizatsiyasining muhim bir bo'g'iniga aylanib borayotgan O'zbekistonda ham zamonaviy texnologiyalarni joriy etish jarayoni jadallik bilan kechmoqda. Xususan, mamlakatimizda MDH mamlakatlari orasida birinchi bo'lib HD formatidagi yerusti uzatish telekanalining foydalanishga topshirilishi fikrimiz isbotidir.

Ta`kidlash o'rinliki, HD (High-Definition) yuksak aniqlik televideniyesi bo'lib, u tasvirni yuksak darajada tiniqlashtiruvchi, odatdagi televideniye tasvir hajmini kengaytiruvchi, rang va tovushni kodlash bo'yicha eng yangi raqamli texnologiyalardan foydalanuvchi yuqori sifatli televideniye standartlari to'plamidir. Bundan tashqari, ushbu yangi televideniyeda tasvir va tovushni uzatish uchun ma`lumotlar oqimini siqishga asoslangan to'liq raqamli texnologiyalar qo'llaniladi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, «Uz.HD» (yuqori sifatli televideniye)ning ishga tushirilishi yurtimizda televideniyeni rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi.

Islohotlar samarasi

Albatta, bu muvafaqqiyatga osonlikcha erishilgani yo'q. Bu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2015 yilda nihoyasiga yetkazish belgilangan  raqamli yerusti televideniyesiga o'tish bo'yicha kompleks dastur muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ta`kidlash o'rinliki, ushbu dastur bo'yicha O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi korxonalari Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha hududlarida raqamli televideniyeni izchil va bosqichma-bosqich joriy etish ishlarini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda televizor yoki raqamli tyuner xarid qilgan Toshkent shahri va Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Andijon, Namangan, Farg'ona, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida istiqomat qilayotgan kishilar yuqori sifatli tasvirga ega 12 ta teledasturni tomosha qilishi mumkin. Ulardan 7 tasi mamlakatimiz teledasturlaridir. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, hozirgi vaqtda O'zbekiston aholisining 36,7 foizi raqamli televideniyedan foydalanmoqda.

Farqi nimada?

«Uz.HD» kanali yurtdoshlarimizga teledas­turlarni mutlaqo yangi formatda ko'rish imkonini yaratadi. Uning hozirgi anolog formatdagi televideniyedan asosiy farqlaridan biri shundaki, teleekranda sodir bo'layotgan har bir harakat, rang-tasvir va eng mayda detallarni ham ko'rish mumkin. Shuningdek, yangi ko'rinishdagi telekanalda tegishli ovoz chiqarish uskunalari mavjud. «Uz.HD» kanalidan foydalanishni istovchilar «HD» formatga moslashtirilgan LCD va plazmali televizorlar yoki raqamli tyuner xarid qilishlari kerak bo'ladi.

Bugungi kunda asosan, Amerika Qo'shma Shtatlari va Yaponiyada keng ommalashgan, ko'pchilik yurtdoshlarimizning qiziqishiga sabab bo'layotgan HDTV (High-Definition television) standart televideniyedan tasvirning yuqori o'lchami bilan farqlanadi. Xususan, PAL tizimi uchun standart televideniye o'lchami  720x576 bo'lsa, HDTV da  1920x1080 (1080i)ga teng. Bu standart televideniyega qaraganda tasvir 5 marotaba yirikligini yoki 5 marotaba tiniqligini anglatadi. Yana bir tafovutli jihati shundaki, HDTV da ekran tomonlari 16:9 ni tashkil etsa, standart televideniyeda bu ko'rsatkich 4:3.

Ma`lumot o'rnida aytish o'rinliki, yuqori sifatli televideniye shinavandalari televizor xarid qilish chog'ida «HD Ready» va «Full HD» yorliqlar bilan yuzma-yuz keladi. «HD Ready»  yorlig'i 1280x720 nuqtali o'lchamdan kam bo'lmagan televizorlarga, «Full HD» yorlig'i esa yirik o'lchamli 1920x1080 pikselli televizorlarga o'rnatiladi. Ayni paytda sotuvda «HD Ready»  720p va «Full HD» 1080i yorliqli televizorlarni ko'plab uchratish mumkin.

Ahamiyati katta

O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «O'zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport» kanallari yoniga o'ta sifatli tasvir va ovozni ta`minlovchi «Uz.HD» kanalining qo'shilishi «oynai jahon»ning imkoniyatini yanada oshirmoqda. «Uz.HD» telekanali O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Mediamarkazi imkoniyatlaridan samarali foydalanishda ham muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu telekanal efirini mazmunan boyitish post-prodakshn tamo­yili asosida eng yaxshi mavzulardagi dasturlar turkumi va O'zbekistonning diqqatga sazovor joylari va betakror tabiati, madaniyat, tarix, san`atning turli yo'nalishlariga bag'ishlangan bir martalik dasturlar, ilmiy-ommabop, hujjatli filmlar, milliy teleseriallar, dramatik va musiqali sahna asarlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Teledasturlar kechayu kunduz uzatiladi. Ko'rsatuvlar dasturi turli tomoshabinlar auditoriyalari qiziqishlarini hisobga olgan holda shakllantiriladi. Hozircha Toshkent shahriga to'liq, Toshkent viloyatiga qisman uzatilishi mo'ljallanayotgan telekanal kelajakda yurtimizning barcha hududlariga uzatish rejalashtirilgan.

Eshniyoz QAYUMOV,

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o'qituvchisi

 

48 marta o`qilgan