Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

To`rtinchi hokimiyat
Davr va jarayon ko'zgusi
30.01.2012 15:31

Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanishlar jarayonining samaralari ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham o'z aksini topmoqda. Ayni paytda yurtimizdagi yetakchi nashrlardan biri hisoblangan «Jamiyat va boshqaruv» jurnalining mas`ul muharriri Ko'paysin Aliyeva bilan mazkur nashrning bugungi islohotlar jarayonini yoritishdagi ishtiroki, qolaversa, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda rahbar kadrlarning o'rni xususida atroflicha suhbatlashdik.

- Mamlakatimiz istiqlolining o'tgan yigirma yili chinakam tiklanish va bemisl bunyodkorlik davri bo'ldi, - deydi Ko'paysin Aliyeva. -  O'zbek milliy davlatchiligining tiklanishi, milliy g'oya va mafkuraning shakllanishi har bir shaxsning o'zligini anglashga, jamiyatning chinakam ongli bunyodkori bo'lib maydonga chiqishiga zamin yaratdi. Ajdodlar merosiga, ma`naviy ildizlarimizga yangicha munosabat, shuningdek, bugungi kunda komil inson tarbiyasi yo'lida olib borilayotgan izchil islohotlar har bir  shaxsning ma`naviy kamoloti sari keng yo'l ochmoqda.

Ayniqsa, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilayotgan e`tibor va g'amxo'rlik, inson huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatimiz bo'ylab olib borilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, umuman, bugun har bir jabhada erishayotgan muvaffaqiyat va yutuqlarimizning jahon hamjamiyati tomonidan e`tirof etilayotgani yurtdoshlarimizda buyuk istiqbolga, tanlagan yo'limizning to'g'riligiga bo'lgan ishonchning yanada mustahkamlanishida muhim omil bo'layotir.

Bu jarayonga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi muassisligida chop etib kelinayotgan «Jamiyat va boshqaruv» jurnali ham baholi qudrat o'z ulushini qo'shib kelmoqda. Zotan, davlatchilik nazariyasi, jamiyatning demokratik qurilishi, demokratiya va huquqiy madaniyat, bozor munosabatlari, milliy tarixiy meros, davlat va ma`naviyat, davlat va hokimiyat tizimlari, boshqaruv san`ati, jamoat tashkilotlari hamda davlat va  hokimiyat organlari o'rtasidagi munosabatlar, shuning­dek, sud-huquq tizimidagi islohotlarni yoritish, boshqaruv tajribalarini o'rganish, targ'ib etish, davlat va boshqaruv tizimini takomillashtirishga hissa qo'shish jurnalning asosiy  faoliyat yo'nalishlari  hisoblanadi.

Shu bois uning  asosiy o'quvchilari siyosat, iqtisodiyot hamda biznes boshqaruvi vakillaridan iborat bo'lib, jurnal sahifalaridagi turli ruknlar orqali mazkur sohalarga oid siyosiy, ilmiy, ma`rifiy maqolalar muntazam nashr etilmoqda. Xususan, «Mustaqillik odimlari», «Geosiyosat», «Jarayon», «Bugungi kunning muammolari», «Iqtisod va hayot» kabi ruknlarda siyosat, iqtisodiyotdagi nazariy va amaliy yangiliklar yoritib borilsa,  «Millat ma`naviyati», «Bugungi kun rahbari», «Oliy mezonlar», «O'zlikni anglash», «Ajdodlar merosi» «Tafakkur tarixi» kabi ruknlarda yetakchi yoki rahbar shaxs ega bo'lishi lozim bo'lgan fazilatlar, salohiyat va dunyoqarash kabi jihatlarni o'zida aks ettirgan maqolalarga alohida urg'u beriladi. «Milliy davlatchilik: kecha va bugun», «Xorij tajribasi», O'zbekiston va jahon» kabi ruknlarda esa mamlakatimiz va xorijda davlat qurilishi, kadr­lar tayyorlash borasida to'plangan tajribalarni ommalashtirishga intilamiz. Siyosat, falsafa, iqtisodiyot, davlatchilik tarixi kabi sohalarda izlanishlar olib borayotgan olim va tad­qiqotchilarning ilmiy maqolalari «Tad­qiqot, kashfiyot, axborot» rukni ostidagi maqolalarda keng jamoatchilik e`tiboriga taqdim etib kelinmoqda.

Aytish joiz, tinimsiz izlanish, astoydil qilingan sa`y-harakatlar istiqbolda o'z samarasini beradi. Shu ma`noda, o'tgan 2011 yil mazkur tahririyat jamoasi faoliyatida o'ziga xos ijodiy yutuqlar va muvaffaqiyatlar davri sifatida alohida iz qoldirdi.

- Xabaringiz bor,  «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb nom olgan 2011 yilda butun mamlakatimiz bo'ylab iqtisodiyotimizda tobora yirik ulushga ega bo'lib borayotgan sermahsul soha vakillari -  tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, ular mehnati samaradorligini yanada yuksaltirish yo'lida bir qator ishlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, - deydi Ko'paysin Aliyeva. - «Jamiyat va bosh­qaruv» jurnali ham taniqli iqtisodchilar, olimlar va keng jamoatchilikning  bu yo'nalishdagi islohotlar jarayoni va ularning samarasiga oid fikr-mulohazalarini muntazam chop etib bordi.

E`tirof etish o'rinliki, jamoamiz Fan va texnologiyalar markazining «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va dunyoqarashini shakl­lantirishda milliy istiqlol g'oyasining o'rni va roli», «Jamiyatni demokratlashtirish va modernizatsiyalash, barkamol shaxs ma`naviyatini shakllantirishning zamonaviy talablariga javob beradigan ijtimoiy-gumanitar yunalishdagi fanlar o'quv majmualarini yaratish va chop etish» loyihalari doirasida belgilangan vazifalarni samarali yakunladi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratilgan «Fuqarolik jamiyatini barpo etish sharoitida jamiyatning demokratik qurilishi mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlarini kengroq yoritish»  mavzuidagi grant loyihasini ham muvaffaqiyatli amalga  oshirdi. 

Shu o'rinda aytish joizki, 2011 yil Ko'paysin Aliyeva uchun ham yutuq va muvaffaqiyatlarga  boy bo'ldi. U ilmiy-ijodiy izlanishlari, samarali mehnat faoliyati uchun «O'zbekiston mustaqilligiga 20 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, milliy ta`lim tizimi taraqqiyotidagi munosib hissasi, xususan, o'quv darsliklar va ilmiy qo'llanmalar yaratishdagi  faol ishtiroki uchun O'zbekiston Respublikasi  Xalq ta`limi vazirligi tomonidan «Xalq ta`limi a`lochisi» ko'krak nishoniga sazovor bo'ldi.

- Kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda   ijtimoiy hayotning turli bo'g'inlarida xizmat qilayotgan rahbar kadrlar faoliyati muhim o'rin tutadi, - deydi Ko'paysin Aliyeva. - Shu bois men rahbar kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ularning ma`naviy dunyosini yanada boyitish,  shaxs va jamiyat manfaatlari uyg'unligiga erishish uchun lozim bo'lgan fazilatlarni shakllantirish masalasini o'rganyap­man. Shu kunga qadar bu mavzuga oid bir qator ilmiy maqolalarim e`lon qilindi, shuningdek, «Rahbar ma`naviyati», «Rahbar: ma`naviyat va manfaatlar mushtarakligi» nomli ilmiy kitob va qo'llanmam nashr etildi. Tadqiqotlarimda «manfaat», «ma`naviyat» tushunchalari talqini, shaxs ma`naviyatida ularning tutgan o'rni, shaxs va jamiyat manfaatlarini uy­g'unlashtirishda Farb hamda Sharqdagi tarixiy tajriba, zamonaviy davlatchilikda rahbar kadrlar tarbiyasi xususida izlanishlar olib borayapman. Tadqiqotdan ko'zlangan maqsad ana shu tajribalardan milliy rahbar kadrlar tarbiyalashda foydalanishga mumkin bo'lgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishdir. 

Yutuq va muvaffaqiyatlar, ularga munosib rag'bat va e`tibor yanada yuksak marralar sari undaydi. Shu ma`noda, «Jamiyat va boshqaruv» jurnali jamoasi yangi yilni  ham g'ayrat va shijoat, yangi ijodiy rejalar  bilan boshladi.

- Aytish joiz, bugun mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta`minlash, axborot sohasini rivojlantirishga katta e`tibor qaratilib, «to'rtinchi hokimiyat»ning jamiyat va davlat hayotidagi o'rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2011 yil 31 dekabrda e`lon qilingan «Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo'shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to'g'risida»gi Qarori bu boradagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirish yo'lidagi yana bir muhim qadam bo'ldi, - deydi suhbatdoshimiz. - Albatta, mazkur Qaror ijrosi joriy yilda faoliyatimiz samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, deb o'ylayman. Joriy yilda, shuningdek, jurnalimizning shakllanib ulgurgan yo'nalishlarini rivojlantirish barobarida jamiyatimiz poydevori bo'lgan oila mustahkamlanishida davlat va nodavlat tashkilotlari ishtiroki mavzulariga alohida ahamiyat qaratamiz. Jamiyatimizni tubdan isloh qilish borasida davlatimiz rahbarining «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish konsepsiyasi»da ilgari surilgan ustuvor yo'nalishlar, ulkan maqsad va muddaolarni ro'yobga chiqarish yuzasidan taniqli siyosat arboblari, mutaxassis olimlar bilan suhbatlar e`lon qilishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, jurnal sahifalarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan, bugungi kunda mamlakatimizdagi nufuzli vazirlik va idoralarda, yirik korxona hamda muassasalarda, boshqa turli tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida, mas`ul vazifalarda ishlab, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shayotgan sobiq tinglovchilar faoliyatiga oid maqolalarni muntazam chop etishni ko'zda tutayapmiz.

Bir so'z bilan aytganda, «Jamiyat va boshqaruv» jurnali ijodiy jamoa­si bu yil ham o'z oldiga qo'ygan maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirib, xalqimiz hayotidagi o'zgarish va yangilanishlar, islohotlar jarayonini keng yoritishda davom etadi.

 Basandabonu JALILOVA,

jurnalist

91 marta o`qilgan