![]() |
![]() |
![]() |
To`rtinchi hokimiyat
Jurnalistlar media oromgohi
09.09.2011 00:33
Toshkent viloyatining "Bo'ston" dam olish maskanida "O'zbekiston madaniyati va san`ati forumi" jamg'armasi, O'zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda "Kelajak ovozi" yoshlar tashabbuslari markazi tomonidan yosh jurnalistlar uchun "Kelajak ovozi-2011" media o'quv oromgohi tashkil etildi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan jurnalistika sohasiga qiziquvchi 50 dan ziyod yoshlar qatnashdi. Yaqinda mazkur o'quv yakuniga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi. Unda oromgoh ishtirokchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Aytish joiz, ikkinchi marotaba o'tkazilayotgan media oromgohning asosiy maqsadi qo'liga endigina qalam olib, jurnalistika sohasini o'zining kasbiga aylantirishni maqsad qilgan yoki bu borada yetarlicha ma`lumot va tajribaga ega bo'lmagan yosh jurnalistlarni qo'llab-quvvatlash, ularning sohaga doir bilimini boyitishdan iboratdir. Mazkur media oromgohda ishtirokchilar jurnalistikaning nafaqat matbuot yo'nalishi, balki internet jurnalistikasi va dizayni borasida ham bilim olish imkoniga ega bo'lishdi. Ushbu mashg'ulotlarni yuqori saviyada o'tkazish maqsadida ishtirokchilar guruhlarga bo'lindi. Har bir guruhga malakali mutaxassislar biriktirildi. Mutaxassislar yoshlarga muayyan yo'nalish va mavzular bo'yicha saboq berishdi. Shuningdek, tashkil etilgan seminar-treninglar nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki xalqaro tajribaga ega mutaxassislar tomonidan ham olib borildi. - Mazkur oromgohda bilimimni yanada boyitishga muvaffaq bo'ldim, - deydi media o'quv oromgohi ishtirokchisi Muhrim A`zamxo'jayev. - O'quv mashg'ulotlar interfaol tarzda o'tkazilgani esa ayni muddao bo'ldi. Shu bilan birga maqolalarimizni gazetalarda chop etish jarayonlarida bevosita ishtirok etdik. Bundan tashqari, internet sahifalarini dizayn qilish, maqola joylashtirish, blog yaratish borasida ham muhim ma`lumotlarga ega bo'ldik. Anjumanda bosma matbuot guruhi ishtirokchilari "Kelajak press" matbuot markazlarining bir yillik ish rejasini, "Kelajak ovozi" gazetasining yangi formatdagi ko'rinishi, sahifalarining tuzilishi va mazmuni, umuman olganda, ushbu nashrning yangi konsepsiyasini yig'ilganlarga tanishtirishdi. Internet jurnalistikasi guruhi qatnashchilari esa internet saytlarida o'z bloglarini yuritish, surat, video va audio-roliklarni sifatli tayyorlash, shaxsiy sahifa hamda maqolalarni joylashtirish bo'yicha ham o'z blog va saytlarini tengdoshlari e`tiboriga taqdim etdi. Eslatib o'tamiz, media oromgoh ilk bor 2010 yilda "O'zbekiston madaniyati va san`ati forumi" jamg'armasi, "Kelajak ovozi" yoshlar tashabbuslari markazi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida Toshkent viloyatida tashkil etilgan edi. Xalqaro mutaxassislar va yurtimizda faoliyat yurituvchi tajribali jurnalistlar tomonidan olib borilgan seminar mashg'ulotlari samarasi o'laroq, www.sporim.uz sayti yaratilgan. Shu bilan birga "Kelajak ovozi" gazetasida yangi sahifalar yo'lga qo'yilib, ularda nashr etilgan maqolalarning saviyasida ijobiy o'zgarishlar kuzatilgani mutaxassislar tomonidan alohida ta`kidlangan edi. Mazkur tadbir yakunida media oromgoh ishtirokchilari orasida faollik ko'rsatgan yoshlar diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Rufat NE`MATOV, "Jamiyat" muxbiri 60 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|