![]() |
![]() |
![]() |
To`rtinchi hokimiyat
Kelajakka yo'l ochgan orzu
02.02.2012 21:49
Har bir inson hayotda ezgu orzu-maqsadlar bilan yashaydi. Bu tushunchalar ertanggi kunga umid va ishonch beradi, hayotga ishtiyoqni oshiradi. Mahoratli telejurnalist Zamira Muqodirova ham ana shunday ishonch va ishtiyoq bilan bolaligidanoq o'z orzulari ro'yobi yo'lida astoydil mehnat qilib, tinimsiz izlanib kelmoqda. - Inson orzu-istaklari beg'ubor bolalik faslida, ayniqsa, tizginsiz bo'ladi, - deydi suhbatdoshimiz. - Men ham ana shu bolalik orzusi bilan bugungi kunda hayotimning, faoliyatimning ajralmas qismiga aylangan jurnalistikaga ilk qadamni qo'yganman. «Men sehrgar bo'lganimda» sarlavhali birinchi maqolam sira yodimdan chiqmaydi. U gazetada e`lon qilinganda sakkizinchi sinfda o'qirdim. Bu kasbga bo'lgan qiziqishim, mehrim meni 1975 yilda hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining (o'sha vaqtda Toshkent davlat universiteti) jurnalistika fakultetiga yetakladi. Tahsil jarayonida gazeta, radio va televideniyeda amaliyot o'tab, tanlagan kasbimga bo'lgan qiziqish yanada kuchaydi. O'qishni tamomlagach, Toshkent televideniyesida ish faoliyatimni boshladim va bu yerdagi jonkuyar insonlarning qo'llab-quvvatlashi bilan «Oila», «Hayot risolasi», «Shukuh» singari mualliflik ko'rsatuvlarini tayyorladim. «Oila» telejurnali salkam o'n yil ekranga chiqdi. Bu ko'rsatuv o'zining ommabopligi, shuningdek, rang-barang sahifalarga boyligi bilan muxlislar e`tiborini qozondi. Hech esimdan chiqmaydi, ko'rsatuvning «Oqibat» mavzuiga bag'ishlangan sonidan so'ng uch mingdan ortiq maktublar olganmiz. Ushbu ko'rsatuvlarning jonli chiqishida menga ustozlarim Safar O'tanov, Omina Karimova, va Oysha To'rayevalar yaqindan yordam berishgan. Zamira opa jurnalistikani kasb emas, umr mazmuni deb bildi, bor shijoatini shu sohaga bag'ishladi. Qariyb 32 yillik faoliyati televiyedeniye bilan chambarchas kechgan suhbatdoshimiz ayni paytda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O'zbekiston» telekanali «Axborot» informatsion-tahliliy dasturlar bosh muharririyatining rus tahririyatida samarali faoliyat ko'rsatmoqda. - Axborot janrida ijod qiladigan jurnalist har bir yangilikni doimo sinchkovlik bilan kuzatib turishi kerak, - deydi Zamira Muqodirova. - Chunki u yuz bergan voqea-hodisalar haqida tinglovchiga, tomoshabinga birinchi bo'lib xabar beradi, shu bois unda mas`uliyat ham shunga yarasha bo'ladi. Mening «Axborot»da har tomonlama shakllanishimda Gulnora Mahkamova, Boris Babayev, Bobur Alixonov singari ustoz-jurnalistlarning xizmati juda katta bo'lgan. Shuni aytish lozimki, axborot beruvchi, avvalo, tezkor hamda xolis bo'lmog'i shart. U sustkashlikka, loqaydlikka yo'l qo'yishi mumkin emas. Ta`kidlash joizki, bugun hayotimizga yangidan-yangi texnologiyalar tezkorlik bilan kirib kelmoqda. Xususan, yaqinda mamlakatimizda MDH davlatlari orasida birinchi bo'lib HD formatidagi yerusti uzatish telekanali foydalanishga topshirildi. Bu esa biz telejurnalistlarga qulay imkoniyatlar yaratish bilan bir qatorda yanada tezkor va samarali ishlashni taqozo etmoqda. - Zamira opa jamoamizdagi yoshlarning eng yaqin do'sti, ustozi hisoblanadi, - deydi telejurnalist Ruhina Bogouddinova. - U kishi ish o'rganish uchun kelgan har bir yosh kadrga qo'lidan kelgancha yordam beradi. Bizni telejurnalist bo'lib shakllanishimizda Zamira Muqodirovaning xizmati beqiyos. Zamira opa nafaqat ishda, balki oilada ham ibratga loyiq inson. U mehribon ona, suyukli yor, nabiralarining sevimli buvisidir. - Oila jamiyatning kichik bo'g'ini hisoblanadi, - deydi suhbatdoshimiz. - Oilalarni mustahkamlaydigan an`analar: kattalarga hurmat, kichiklarga e`tibor singari muhim tarbiya omillari borki, bunda har bir oila a`zosi alohida o'ringa ega. Joriy yilning davlatimiz rahbari tomonidan «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi xalqimizda azaldan qaror topgan ana shu ezgu an`analar bardavomligi, qadriyatlar bezavolligining o'ziga xos namunasidir. Oiladagi tinchlik-totuvlik, xotirjamlik, eng avvalo, har bir ota-onaning ma`naviyatiga ko'p jihatdan bog'liq, deb o'ylayman. Sababi yuksak ma`naviyatli, dunyoqarashi keng oila boshliqlarigina barkamol, yetuk farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazadi. O'zaro hurmat-e`tibor va mehr-oqibat esa oila deb atalmish qo'rg'onni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ha, bir-birini e`zozlash, mehr-muhabbat, ahillik, bahamjihatlik kishilarni baxtu saodatga eltadi. Bugun ana shunday o'y-fikrlar bilan yashayotgan, o'z oilasi va kasbdoshlari orasida hurmat-e`tiborga, baxtga musharraf bo'lgan Zamira Muqodirovadek fidoyi, jonkuyar insonlarning hayot va ijod yo'li har tomonlama ibratga munosibdir. Feruza XO'JAEVA,
«Jamiyat» muxbiri 21 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|