![]() |
![]() |
![]() |
To`rtinchi hokimiyat
Parlament veb-sayti: yangilik, imkoniyat, taraqqiyot
03.01.2012 16:57
Internetning axborot olamida tutgan o'rni va ahamiyati nihoyatda beqiyos. Bu mo'`jiza qisqa vaqt ichida shakllandi va shiddatli tarzda butun dunyoni zabt etmoqda. Tabiiyki, internetdek ulkan virtual maydondan birinchilardan bo'lib ommaviy axborot vositalari ham foydalana boshladi. Shu tariqa on-layn jurnalistika vujudga keldi. Alohida ta`kidlash joizki, internet jurnalistikasi O'zbekistonga ayni mustaqillik yillarida kirib keldi, ommalashdi, taraqqiy topdi. Bu jarayon o'z-o'zidan amalga oshmadi, albatta. Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish masalasiga davlat tomonida alohida e`tibor qaratilgani tufayli mazkur soha jadal taraqqiy etdi. Ta`kidlab o'tish joizki, istiqlol yillarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada takomillashtirish va uning huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 mayda qabul qilingan «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to'g'risida»gi Farmoni, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to'g'risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to'g'risida»gi qonunlari alohida ahamiyat kasb etdi. Bugungi kunda internetning jadal rivoji nafaqat jurnalistika sohasida, balki jamiyatning barcha jabhasida yangiliklarga yo'l ochmoqda. Qator davlat va nodavlat tashkilotlar hamda muassasalar veb-saytlarining faoliyati ana shu fikrimizning yaqqol dalilidir. Hozirda «UZ» milliy domeni hududida ro'yxatga olingan internet-resurslar soni deyarli 13 mingga yetgan. Milliy domenda Davlat boshqaruv organlari bo'limi alohida ahamiyatga ega bo'lib, unda davlat tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari o'rin olgan. Xususan, www.parliament.gov.uz - O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti hisoblanadi. Mazkur veb-sayt o'ziga xos ko'rinishi, dizayni, ma`lumotlar bazasi bilan alohida ajralib turadi. Shuningdek, keng jamoatchilik uchun o'zbek, rus va ingliz tillarida axborotlar arxivi mavjudligi foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratadi. 2011 yil sentyabr oyida www.parliament.gov.uzning yangi versiyasi ish boshladi. Hozirgi kunda saytga kiruvchilar soni o'rtacha hisobda kuniga 500 nafarni tashkil etadi. Veb-sayt «Bosh sahifa», «Konstitutsiya», «O'zbekiston Respublikasi qonunlari», «Me`yoriy-huquqiy hujjatlar», «Qonunchilik palatasi ish rejasi» kabi bo'limlardan tashkil topgan. Shuningdek, veb-saytda foydalanuvchilarni qiziqtirishi mumkin bo'lgan boshqa ma`lumotlar arxivi ham o'rin olgan. «Parlament tarixi», «Qonunchilik palatasi tarkibi», «Tadbirlar», «Qonunchilik faoliyati», «Nazorat-tahlil faoliyati», «Xalqaro faoliyat», «Axborot-tahliliy hujjatlar», «Matbuot xizmati», «On-layn ekskursiya» va «Fotoreportaj» kabi bo'limlar bunga yaqqol misol bo'la oladi. Saytning «Qonunchilik palatasi tarkibi» bo'limiga kirgan o'quvchi Qonunchilik palatasi Kengashi, Qonunchilik palatasi Devoni, fraksiyalar, deputatlar guruhi, qo'mitalar, komissiyalar va ayni paytda deputatlar haqida batafsil ma`lumot olish imkoniga ega. Tabiiyki, bunday imkoniyat saytdan foydalanuvchilar siyosiy ongini oshirishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, veb-saytda auditoriya bilan interfaol aloqa yo'lga qo'yilgan bo'lib, veb-sahifalar orqali har bir fuqaro o'z hududidan saylangan deputat siyosiy faoliyati, ilmiy va ijodiy izlanishlari haqida to'liq ma`lumotga ega bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, fuqarolar on-layn aloqa xizmati orqali parlament faoliyati yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarini jo'natishi va belgilangan muddatda javob olishi mumkin. www.parliament.gov.uzning «Matbuot xizmati» bo'limida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yetarlicha imkoniyatlar mujassam. Ushbu bo'limda akkreditatsiya tartibi, akrreditatsiyadan o'tgan jurnalistlar haqidagi ma`lumotlar, parlament quyi palatasida o'tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ham muntazam ravishda tanishib borish mumkin. Shuningdek, saytda qidiruv tizimi mavjud ekani yana bir qulaylikdan dalolatdir. Xulosa qilib aytish joizki, davlat tashkilotlari faoliyati haqidagi axborotlarni jamoatchilikka o'z vaqtida yetkazishda veb-saytlarning o'rni katta. Shu ma`noda mamlakatimiz parlamenti faoliyatining shaffofligi va qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini ommaga yetkazishda, targ'ib qilishda boshqa ommaviy axborot vositalari qatorida parlamentning rasmiy veb-sayti ham eng tezkor axborot manbai vazifasini o'tamoqda. Dilrabo JUMATOVA, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti tadqiqotchisi 36 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|