![]() |
![]() |
![]() |
To`rtinchi hokimiyat
Vodiylik jurnalistlar bilan uchrashuv
18.11.2011 01:09
Axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib, global maydonda axborot xurujlari
tobora avj olib borayotgan ayni bir paytda
ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy
hayotda faolligi va tezkorligini ta`minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu
borada, eng avvalo, jurnalist
kadrlarning ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, kasbiy malaka va mahoratini oshirish eng
muhim vazifalardan sanaladi. O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi tomonidan amalga oshirib kelinayotgan «Respublika hududiy bosma ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning markaziy nashrlarda malakasini oshirish» loyihasi ana shunday maqsad va vazifalarga yo'naltirilgani bilan e`tiborlidir. Shu kunga qadar mazkur loyiha doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Sirdaryo, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning yurtimiz markaziy nashrlarida malaka va mahoratini oshirishga erishildi. O'tayotgan haftada esa Andijon, Namangan, Farg'ona viloyatidan tashrif buyurgan jurnalistlar mazkur loyihaning navbatdagi ishtirokchilari bo'lishdi. Loyiha doirasida dastlab jurnalistlar uchun Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va O'zbekiston ekologik harakati xodimlari bilan davra suhbati tashkil etildi. Uchrashuv ishtirokchilariga Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining keng qamrovli faoliyati, ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va demokratlashtirish jarayonlarini monitoring qilish loyihasi haqida batafsil ma`lumot berildi. Shundan so'ng vodiylik jurnalistlar O'zbekiston ekologik harakati tomonidan mamlakatimizda va mintaqamizda ekologik xavfsizlikni ta`minlash yo'lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Ekoharakatning o'z dasturiy vazifalaridan kelib chiqib atrof-muhit muhofazasi, sog'lom muhit yaratish orqali aholi salomatligini mustahkamlash yo'lida olib borilayotgan chora-tadbirlar uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Xususan, qayd etilganidek, keyingi paytda Ekoharakat va uning amaliy hamkorlari tomonidan mamlakatimizda muqobil energiya tizimini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotir. Boisi amaldagi neft, gaz va ko'mirdan foydalanish orqali energiya ishlab chiqarish zaxiralari sayyoramizda cheklanganini hisobga olsak, quyosh va shamol energiyasidan foydalanish orqali ham ishlab chiqarish, ham aholining elektr energiyasiga bo'lgan talabini qondirish eng istiqbolli hisoblanadi. O'zbekistonni butun dunyo quyoshli diyor sifatida tanishi va mamlakatimizda bir yilda quyosh 300 kundan ortiq charaqlab turishini, juda ko'plab shamol yo'llari mavjudligini hisobga olsak, bunday arzon va qulay energiya zaxiralaridan cheklanmagan miqdorda foydalanish mumkin. Ana shuni hisobga olgan holda O'zbekiston ekologik harakati va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi mamlakatimizda muqobil yoqilg'i va energiyadan foydalanish Milliy strategiyasi va Davlat dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Ushbu yo'nalishda Ekoharakat o'zining hamkorlari bilan so'nggi paytda bu borada dastlabki amaliy qadamlarni tashlayotir. Mamlakatimizda quyosh va shamol energiyasidan foydalanuvchilar, bunday arzon va qulay vositalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar soni tobora oshib borayapti. Bu borada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, xorij tajribasi keng o'rganilmoqda. Poytaxtimizdagi Ekoharakatning hamkori bo'lgan «Mir Solar» mas`uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan quyosh energiyasidan foydalanish vositalari haqidagi ma`lumotlar uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Farg'ona vodiysidan kelgan jurnalistlar, shuningdek, O'zbekiston ekologik harakatining ushbu yo'nalishdagi yana bir hamkori – Toshkentdagi «Intellekt dialog» korxonasiga tashrif buyurishib, bu yerda quyosh va shamol energiyasidan foydalanish uskunalari ishlab chiqarish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Loyiha ishtirokchilarining navbatdagi tashrifi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan markaziy nashrlar tahririyatlariga uyushtirildi. — Ushbu uchrashuvda «Xalq so'zi» — «Narodnoye slova»», «Qishloq hayoti», «O'zbekiston ovozi» — «Golos Uzbekistana», «Hurriyat», «Turkiston», «Molodyoj Uzbekistana», «Jamiyat», «Ma`rifat» — «Uchitel Uzbekistana», «Oila va jamiyat», «O'zbekiston adabiyoti va san`ati» kabi bir qator yetakchi nashrlar, shuningdek, O'zbekiston Milliy axborot agentligi, «UzReport.com» kabi mediatuzilmalar faoliyati bilan yaqindan tanishdik, — deydi «Namangan sadosi» gazetasi muxbiri Oqiljon Dadaboyev. — Bu jarayonda gazeta dizayni, maqolalarning sifati va ta`sirchanligini oshirishda yangicha ijodiy yondashuvlar, bu boradagi ijodiy yutuqlar bilan o'rtoqlashdik. O'ylaymanki, hamkasblarimiz bilan bo'lgan bu uchrashuv o'zaro tajriba almashish, ijodiy salohiyatimizni yanada yuksaltirish, milliy jurnalistika sohasida qo'lga kiritilayotgan yutuqlarni ommalashtirishda o'ziga xos mahorat maktabi vazifasini o'taydi. Aytish joiz, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari Qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ochiqligini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining o'rni va roli» mavzuidagi davra suhbati loyiha doirasidagi eng muhim tadbirlardan biri bo'ldi. Bugun mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari sohasidagi amaldagi qonunchilik tizimi va uni yanada takomillashtirish, milliy matbuotimiz sifat va ta`sirchanligini oshirish, jurnalistlarning ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi fikr-mulohazalar, qizg'in bahs va munozalarga boy bo'lgan ushbu tadbir jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, loyiha doirasida malakali jurnalistlar ishtirokida o'tkazilgan seminar-treninglarda ishtirokchilar «to'rtinchi hokimiyat»ni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, uning fuqarolik jamiyati tizimidagi o'rni, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar ochiqligi, oshkoraligini ta`minlashdagi faolligini kuchaytirish, umuman olganda, milliy axborot makonini rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan o'zaro fikr almashdilar. Ishtirokchilar, shuningdek, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti hamda O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetlarida ham bo'lib, mazkur oliy ta`lim muassalarida malakali jurnalist kadrlarni tayyorlash bo'yicha olib borilayotgan ta`lim-tarbiya jarayoni bilan bevosita tanishdilar. Bugun loyiha doirasida jurnalistlar «O'zbekiston» mehmonxonasida o'tkaziladigan «Ommaviy axborot vositalari moliyaviy barqarorligi va iqtisodiy erkinligini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari»ga bag'ishlangan ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etadilar. Feruza MIRZAKOMILOVA, «Jamiyat» muxbiri 45 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|