Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

To`rtinchi hokimiyat
XIII xalqaro ko'rgazma
30.09.2011 13:55

Joriy yilning 28 sentyabr kuni poytaxtimizdagi «O'zekspomarkaz» ko'rgazmalar majmuasida matbaachilik, noshirlik, reklama, dizayn kabi sohalar hamda kanselariya mahsulotlarining XIII xalqaro ko'rgazmasi ochildi. Unda 80 ga yaqin yurtimiz va xorij kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Ko'rgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad - yurtimiz aholisi va xalqaro hamjamiyatni milliy ommaviy axborot vositalarimiz salohiyati, nashriyot va matbaa bozorining ravnaqi hamda kichik biznes vakillarining eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.

Ko'rgazmada matbaachilik texnologiyalari, ixcham poligrafiya asbob-uskunalari, nashriyot va reklama ishi uchun zarur jihozlar namoyish etilmoqda. Ularning aksariyati qog'ozni tejashi, yuqori samaradorligi bilan ishtirokchilar e`tiborini tortmoqda.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga qaratilayotgan ulkan e`tibor samarasida reklama industriyasi va poligrafiya yo'nalishida faoliyat yuritayotgan xususiy korxonalar soni ham ortmoqda.

- An`anaviy poligrafiya ko'rgazmasida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz, - deydi poytaxtimizdagi «Izzatilla-Print» xususiy korxonasi vakili Husan Tolipov. - Korxonamizda qog'oz uchun qoplar, shuningdek, reklama va kanselariya mahsulotlari tayyorlanadi.

Xalqaro ko'rgazma doirasida 28 sentyabr kuni «O'zbekiston matbuoti» milliy forumi va ko'rgazmasi ochildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O'zbekiston matbuot va axborot agentligi, O'zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Aytish joizki, mamlakatimizni demokratik yangilash, modernizatsiya va isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining o'rni beqiyos. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan milliy matbuot va ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jurnalist kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda mingdan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda axborot almashinuvini izchil yo'lga qo'yish, internet jurnalistikasini jadal rivojlantirish, aholining axborotga bo'lgan ehtiyojini to'laroq qondirishga alohida e`tibor qaratilayotir.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, o'nga yaqin qonun hujjatlari fuqarolarning so'z erkinligiga doir huquqlarini ro'yobga chiqarish, axborotning muhofaza qilinishi, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta`minlashda muhim kafolat bo'lib xizmat qilmoqda. Sohaga oid qonun hujjatlarining bugungi davr ruhiga hamohang tarzda takomillashib borayotgani ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, sohadagi demokratik islohotlarni tobora chuqurlashtirishda muhim omil bo'lmoqda.

Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, soha rivoji yo'lida ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik natijasida keyingi o'n yilning o'zida bosma ommaviy axborot vositalarining soni 2 barobar, elektron ommaviy axborot vositalarining soni esa 7 barobar oshdi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida axborot sohasini davr ruhiga hamohang tarzda isloh etish, jurnalistlarning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur huquqiy-tashkiliy, moddiy va ma`naviy imkoniyatlarni yaratishga oid masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Bu soha xodimlaridan mas`uliyatni, ijtimoiy-ma`naviy burchni astoydil his etishni, Vatanimiz, xalqimiz manfaatlarining tom ma`nodagi himoyachilari bo'lishni, yangilanish jarayonlarining mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka xolisona, tezkor va ishonchli tarzda yetkazishni talab etadi.

Ko'rgazmada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yuzga yaqin bosma ommaviy axborot vositalari, axborot agentliklari o'z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

Shuningdek, forumda matbuot va so'z erkinligini ta`minlash yo'llari, davlat tomonidan ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash (O'zbekiston misolida) hamda yurtimizda mustaqil elektron ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish kabi dolzarb mavzularda ma`ruzalar tinglandi.

Xalqaro ko'rgazma 30 sentabrga qadar davom etadi va unda ishtirokchilar nashriyot-poligrafiya sanoati yutuqlari bilan yaqindan tanishish bilan birga zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish imkoniga ham ega bo'ladi.

Jasur KENGBOYEV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

 

61 marta o`qilgan