Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Uchinchi sektor
Beg'ubor faslning san`at dunyosi
24.12.2011 13:55

San`at dunyosiga hayrat, quvonch va shodliklar bilan qadam qo'yayotgan bolajonlarga o'zgacha ilhom bag'ishlayotgan «Yangi avlod» bolalar ijodiyoti festivali bu yil ham ko'plab yangi nom, yangi iste`dodlarni kashf etdi. «Istiqlol» san`at saroyida bo'lib o'tgan mazkur tanlov sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimiga bag'ishlangan kechada san`atning rangin dunyosi bolajonlarning betakror kuy va qo'shiqlarida yanada o'zgacha joziba kasb etdi.

«O'zbekiston madaniyati va san`ati forumi» jamg'armasi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, «Kamalak» bolalar tashkiloti hamkorligida o'tkazib kelinayotgan ushbu festivalning yakuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ta`lim-tarbiya, madaniyat va san`at namoyandalari, festivalning final bosqichi ishtirokchilari, ularning murabbiylari, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mumtoz va milliy cholg'u, vokal, raqs, tasviriy va amaliy san`at, adabiyot hamda teatr ssenariysi yo'nalishlarida 6 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan yosh iste`dodlarga o'z qobiliyatlarini sinab ko'rish imkoniyatini berayotgan «Yangi avlod» bolalar ijodiyoti festivali sakkiz yildan buyon mamlakatimizning barcha shahar va tumanlari, xususan, eng chekka hududlardagi yosh iste`dodlarni ham kashf etishga zamin yaratib kelmoqda. Loyiha doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida Bolalar ijodiyoti markazlari tashkil etilgan bo'lib, ular bolalarga bepul tahsil berish bilan birga ularning turli san`at yo'nalishlaridagi qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

Shu kunga qadar loyihada butun mamlakatimiz bo'ylab ishtirok etgan 98  mingdan ziyod o'g'il-qizlarning 2698 nafari tanlov laureatiga aylandi. Joriy yilda esa yurtimizning barcha viloyatlaridan festivalda ishtirok etish istagani bildirganlar soni 26  mingdan oshdi. Shundan eng iqtidorli 1027 nafar ishtirokchi 14-15 dekabr kunlari davomida Toshkentda bo'lib o'tgan respublika final bos­qichida o'zaro bellashdi. Festivalning yakuniy gala-konsertida g'oliblikka munosib deb topilgan 613 nafar yosh iste`dodlar musiqa san`atimiz yulduzlari bilan bir sahnada o'z mahoratlarini  yig'ilganlarga havola etdilar.   

- Ushbu tanlovda to'rtinchi marotaba ishtirok etib, mana nihoyat g'oliblikni qo'lga kiritdim, - deydi «Yangi avlod - 2011» tanlovining raqs yo'nalishi bo'yicha g'oliblaridan biri Madina Muxtorova. - Bunday muvaffaqiyatga erishish uchun ko'p izlanib, mahoratimni oshirishga astoydil harakat qildim.

Ilg’or tajribaning yangi tashabbuslari

Shu kuni «Yangi avlod - 2011» festivali gala-konserti doirasida «O'zbekiston madaniyati va forumi» jamg'armasi va Ijtimoiy tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash fondi «Hududiy nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy ahamiyatli loyihalarini qo'llab-quvvatlash grant dasturi», «Fermer ayollarni qo'llab-quvvatlash dasturi» hamda «Ijtimoiy soha vakillarini qo'llab-quvvatlash uchun muqobil energiya manbalari» loyihalari g'oliblarini ham tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Xabaringiz bor, viloyatlardagi nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy muammolarni hal etish bo'yicha taklif va tashabbuslarini moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlashga qaratilgan «Hududiy nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy ahamiyatli loyihalarini qo'llab-quvvatlash grant das­turi» 2010 yildan e`tiboran o'tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 1 oktyabr kuni bo'lib o'tgan maxsus ekspertlar Kengashining yig'ilishida mazkur loyihaning bu yilgi bosqichi bo'yicha takliflar ko'rib chiqilib, sog'liqni saqlash yo'nalishida 1 ta, ta`lim sohasida 2 ta, ekologiya sohasida 1 ta, ijtimoiy infratuzilma bo'yicha 1 ta, madaniy qadriyatlarni saqlab qolish yo'nalishida 5 ta hamda boshqa ijtimoiy muhim masalalar yuzasidan 5 ta loyiha hayotga tadbiq etiladigan bo'ldi.

«Fermer ayollarni qo'llab-quvvatlash dasturi» esa 2007 yildan amalga oshirilayotgan bo'lib, u chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan qator ijtimoiy loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunday tadbirlar ayollarga farzand tarbiyasidek mas`uliyatli vazifa bilan bir qatorda ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etish imkoniyatini berayotgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur loyihada mikrozayom yoki mikrokreditlarni qo'lga kiritgan ishtirokchilar hunarmandchilik ustaxonalari, mini-sexlar tashkil etib, nafaqat oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, balki mahalla yoki qishloqlarda xotin-qizlar, umuman, yoshlarni ish bilan ta`minlashga ham munosib hissa qo'shib kelayotir. Joriy yil ushbu loyiha doirasida 1000 nafar xotin-qizga biznes va tadbirkorlik faoliyati bo'yicha zarur bilim va ko'nikmalar berilib, 789 nafariga mikrozayomlar topshirildi. Ular o'rtasida mutasaddi tashkilotlar bilan birga «Zamonaviy o'zbek qishloq ayoli» tanlovi o'tkazildi. 2011 yilda tanlov ishtirokchilariga umumiy hisobda 10 milliard 600 million so'mdan ziyod mikrokreditlar ajratildi.

2010 yil yakunida quyosh va shamol energiyasi asosida ishlovchi fermer xo'jaliklari hamda boshqa kichik ijtimoiy ob`ektlarda modul tizimlarini o'rnatish orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etishga qaratilgan «Ijtimoiy soha vakillarini qo'llab-quvvatlash uchun muqobil energiya manbalari»  xayriya loyihasi yo'lga qo'yildi.

Joriy yilda tanlovga taqdim etilgan 64 ta loyihadan «Alternativ texnologiyalar» ko'magi ostida shart-sharoitlari puxta o'rganilgan umumiy hisobda 124 million so'mlik 5 ta ijtimoiy ob`ekt saralab olindi.

Bugunning ayoli

Festival doirasida, shuningdek, «Mehr nuri» jamg'armasi tomonidan  2005 yilda tashkil etilgan «Oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan grantlar» hamda «Kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirishga qaratilgan grantlar» dasturlari g'oliblari ham munosib taqdirlandi. 

Bu yil mazkur dasturlar g'oliblarini saralab olish maqsadida o'tkazilgan hududiy tanlovlarda «Oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan grantlar» dasturi bo'yicha 450 dan ortiq, «Kichik biznes, xususiy tadbirkorlik hamda fermerlikni rivojlantirishga qaratilgan grantlar» dasturi bo'yicha 435 ta ariza ijtimoiy ahamiyatlilik darajasiga ko'ra saralab olindi.

Shundan so'ng har ikki dastur bo'yicha mamlakatimizning barcha viloyatlarida «Mehr nuri» jamg'armasi nufuzli hakamlar hay`ati bilan hamkorlikda tadbirkor va fermerlar uchun mahorat-darslari, seminarlar o'tkazib, ular doirasida saralash bosqichlaridan o'tgan ishtirokchilar o'z biznes-rejalarini taqdim etdi. 

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik qobiliyatini namoyon etish istagida bo'lgan ayollarni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan «Oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan grantlar» das­turining bu galgi bosqichida biznes rejalari yuqori baholangan 15 nafar ishbilarmon ayolga bir yarim million so'mlik pullik grantlar topshirildi.

- Faoliyatim shunday rag'batga sazovor bo'lganidan juda mamnunman, - deydi «Oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan grantlar» dasturi g'oliblaridan biri Gulruh Umarova. - Bunday e`tibor va rag'bat yanada faol, tashabusskor bo'lishga, g'ayrat bilan ishlashga undaydi. Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirmoqchiman.  

«Kichik biznes, xususiy tadbirkorlik hamda fermerlikni rivojlantirishga qaratilgan grantlar» das­turi doirasida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, oziq-ovqatlar, to'qimachilik, ishlab chiqarish sohasidagi eng sara loyiha egalarining 15 nafari 2,5 million so'm miqdorida pullik mukofot bilan taqdirlandi. 

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularning ezgu maqsad va intilishlarini qo'llab-quvvatlantirish, munosib rag'batlantirishga xizmat qilib kelayotgan an`naviy «Yil ayoli» respublika ko'rik tanlovi bu yil ham  eng tashabbuskor, faol va fidoiy xotin-qizlarni kashf etdi. O'zbekiston Respublikasi «Ayollar kengashi» jamoat birlashmasi tomonidan o'tkazilib kelinayotgan mazkur tanlovning dastlabki bosqichida bu yil mamlakatimizning barcha hududlaridagi ilm-fan, madaniyat, ta`lim, sog'liqni saqlash, tadbirkorlik sohalarida faollik ko'rsatib kelayotgan 30 ming nafardan ortiq ayol ishtirok etdi. Tashabbuskor, izlanuvchan, ilg'or tajribaga ega bo'lgan eng munosib nomzodlar esa tanlovning yakuniy bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Tanlov yakuniga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi Shumanay tumanidagi 5-umumta`lim maktabi direktori Tamara Qalliqlicheva «Yil ayoli - 2011» respublika tanlovining g'olibi deb topildi. 

- Bugunning o'zbek ayoli nafaqat namunali uy bekasi, balki ijtimoiy hayotning har jabhasida ilg'or g'oyalarning tashabbuskori sifatida jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shmoqda, - deydi Tamara Qalliqlicheva. - Bu esa azaldan ayolni ulug'lab, unga hurmat bajo etib kelgan xalqimizning bizga bo'lgan e`tibor va g'amxo'rligi, yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasi demakdir.

Feruza MIRZAKOMILOVA,

«Jamiyat» muxbiri

35 marta o`qilgan