Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Uchinchi sektor
Davlatning ko'magi - mustahkam tirgak
24.12.2011 14:02

Shu yil 20 dekabr kuni Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutida «Ommaviy axborot vositalarining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi - ularning fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi rolini mustahkamlash omili» mavzuida davra suhbati bo'lib o'tdi.

Tadbir Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi, O'zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O'zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan markaziy bosma ommaviy axborot vositalari rahbarlari va boshqalar ishtirok etgan davra suhbatidan ko'zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda axborot sohasini liberallashtirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga keng tushuntirish, shuningdek, «Ommaviy axborot vositalarining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi kafolatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo'ldi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida ommaviy axborot vositalarini bosqichma-bosqich takomillashtirish, milliy matbuot faolligi, ta`sirchanligini oshirish uchun zarur shart-sharoit­lar yaratish masalalariga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladilar.  

Tadbirda ommaviy axborot vositalarining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishining huquqiy asosini mustahkamlash va takomillashtirish sohasidagi faoliyat haqida atroflicha so'z yuritildi. Ishtirokchilar davlat tomonidan ommaviy axborot vositalariga iqtisodiy preferensiyalar va imtiyozlar taqdim etish borasida xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan tanishtirildi. Davra suhbati qatnashchilari bugungi kunda O'zbekistonda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratilgani, ularni liberallashtirish bo'yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilganini, jumladan, bu borada O'zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari to'g'risida»gi va boshqa qonunlari qabul qilinganini alohida ta`kidladilar.

Ma`lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga muvofiq ommaviy axborot vositalari huquqiy bazasini takomillashtirish borasida yangi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Ta`kidlanganidek, «Ommaviy axborot vositalarining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi kafolatlari to'g'risida»gi qonun mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo'lib, yurtimizda «to'rtinchi hokimiyat»ni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan birgalikda, xususan, ommaviy axborot vositalarining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishining huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslarini ko'zda tutadi, fuqarolarning erkin va xolis axborot olish huquqi, so'z erkinligi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta`minlashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasida ob`ektiv sabablarga ko'ra, reklama joylashtirish, nashrni mushtariylarga yetkazish vositasida o'z xarajatlarini qoplay olmaydigan ommaviy axborot vositalariga muayyan soliq, bojxona, moliya va boshqa turdagi imtiyoz hamda preferensiyalarni taqdim etish nazarda tutilmoqda. Keng jamoatchilik hamda soha vakillariga ommaviy axborot vositalarining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishining huquqiy asoslarini yaratish zaruriyatini tushuntirish, sohaning mustaqilligini yanada mustahkamlashning muhim shartlaridan biri sifatida ularning oldida turgan vazifalarning amalga oshirilishiga ham xizmat qiladi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish va demokratlashtirish masalalari hamda sohada demokratik tamoyillarni yanada chuqurlashtirish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, fikr va qarashlar xilma-xilligini ta`minlash, aholi siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, mamlakatda o'tkazilayotgan islohotlarda har bir fuqaroning faol ishtirok etishidagi ahamiyati singari masalalar muhokama qilindi.

Davra suhbatida mazkur sohani yanada takomillashtirish bo'yicha bir qator amaliy taklif va mulohazalar bildirildi hamda uning yakunlari bo'yicha tegishli taklif, tavsiyalar ishlab chiqildi.

Jasur KENGBOYEV,

«Jamiyat» muxbiri

 

22 marta o`qilgan