![]() |
![]() |
![]() |
Uchinchi sektor
Davr bilan hamqadamlik
24.12.2011 14:03
Yaqinda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining Sirdaryo viloyati hududiy bo'linmasi tomonidan «Nodavlat notijorat tashkilotlarning barqaror rivojlanishini ta`minlash - fuqarolik jamiyati rivojining asosiy sharti» mavzuida davra suhbati o'tkazildi. Unda O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, viloyatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Mazkur tadbir «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish» konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash, nodavlat notijorat tashkilotlarning jamiyat hayotida tutgan o'rnini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda o'z maqsad va vazifalarini bajarishda foydalanilmayotgan imkoniyatlarni aniqlash maqsadida tashkil etildi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdek strategik maqsadga erishishga ustuvor masala sifatida e`tibor qaratildi. Natijada fuqarolik jamiyati shartlarini ro'yobga chiqarishga xizmat qilishi lozim bo'lgan nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini keng yo'lga qo'yish, ular faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida zarur huquqiy baza shakllantirildi. Bugungi kunda «uchinchi sektor» vakillari faoliyatiga oid o'ndan ortiq qonunlar, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Bu esa, o'z navbatida, ular faoliyatining huquqiy asoslarini tashkil etdi. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bugungi kunga kelib yurtimizda nodavlat notijorat tashkilotlar soni 5100 dan ortgan. Sirdaryo viloyatida esa ularning soni 203 taga yetdi. Nodavlat notijorat tashkilotlar jamiyatimizning turli qatlamlari faoliyatini qo'llab-quvvatlash, xayriya ishlarini amalga oshirish, turli sohalarda aholining huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Biroq, erishilayotgan yutuqlarga qaramay, hamma nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatida faollik birdek ko'zga tashlanayapti deyish qiyin. Davra suhbatida ana shunday tashkilotlarning faolligini oshirish, o'z maqsad-vazifalarini to'la-to'kis bajarishida xalal berayotgan masalalar va ularning yechimi muhokama markazida bo'ldi. Tadbirda qayd etilishicha, nodavlat notijorat tashkilotlar o'z nizomidagi maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirishi uchun mazkur tashkilotlarning vakillari yuqori bilim hamda ko'nikmaga ega bo'lishi, moddiy-texnika bazasi yetarli darajada ta`minlanishi, zarur axborotlardan o'z vaqtida xabardor bo'lib borishi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, hozirgi axborot asrida har bir shaxs davr bilan hamnafas bo'lmas ekan, u o'z faoliyatida yangilik yarata olmaydi, demakki faoliyatida o'sish sezilmaydi. Shu ma`noda, nodavlat notijorat tashkilotlar o'z yo'nalishi doirasida ijtimoiy muammolarni yechishda tashabbuskorlik ko'rsatishi lozim. Darhaqiqat, jamoat tashkilotlari o'z oldiga qo'ygan maqsad-vazifalarni samarali amalga oshirishi uchun yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olgan holda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda ishtirok etishi, pirovardida esa mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayoniga hissa qo'shishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, davra suhbatida jamoat tashkilotlarning malakali kadrlar bilan ta`minlangani, ularning moddiy-texnik bazasining ahvoli hamda zarur bo'lgan axborotlarni o'z vaqtida olish imkoniyatining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, jamoat tashkilotlarining barqaror rivojlanishi uchun nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlar malakasini doimiy ravishda oshirib borish tizimini yaratish, bu borada mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish hamda ular faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqildi. Sherali MAMADISOYEV, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Sirdaryo viloyati hududiy bo'linmasi katta mutaxassisi
24 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|