![]() |
![]() |
![]() |
Uchinchi sektor
Davr taqozo etayotgan islohot
09.01.2012 10:26
Aytish joiz, bugun fuqarolik jamiyati institutlari jamiyatning davlat bilan o'zaro samarali aloqasini ta`minlash, odamlar kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan o'zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Shuningdek, ular davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan ta`sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ta`kidlash o'rinliki, ayni paytda yurtimizda turli sohalarda 5,1 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Bu ko'rsatkich 2000 yilga qaraganda 2,5 barobar ko'pdir. Fuqarolar yig'inlari va o'zini o'zi boshqarish organlari - mahallalar soni esa qariyb 10 mingga yetdi. O'tgan davr mobaynida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirish, fuqarolarning eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu boradagi izchil islohotlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilayotgan e`tiborning o'ziga xos namunasidir. Shuni alohida ta`kidlash joizki, mamlakatimizda «Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyili asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan samaralarni yanada yuksaltirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bilan bog'liqdir. Shu bois davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan qo'shma majlisida «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish, gumanitar muammolarni hal etish, aholi turli qatlamlarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat tuzilmalari bilan o'zaro munosabatlarini aniq chegaralab qo'yish hamda ushbu munosabatlarning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi «Ijtimoiy sheriklik to'g'risida»gi qonun loyihasini tayyorlash va qabul qilishga alohida e`tibor qaratgan edi. Shu munosabat bilan parlament quyi palatasida ishlab chiqilgan qonun loyihasida ijtimoiy sheriklikning asosiy yo'nalishlari, tamoyillari va mexanizmlari o'z ifodasini topgan. Ta`kidlash o'rinliki, ijtimoiy sheriklik huquqiy jihatdan teng ikki sub`ektning o'zaro hamkorligi demakdir. Tarixdan ma`lumki, davlat va shaxs o'rtasida o'zaro hamkorlik asoslari yetarli darajada shakllangan bo'lganidagina davlat barqaror rivojlanishga yuz tutishi mumkin. Buni inobatga olmasdan tub demokratik o'zgarishlar uchun zarur tartibni o'rnatib bo'lmaydi. Boshqacha aytganda, davlat va aholining faol qismi hamkorlik asosida demokratik, huquqiy, ijtimoiy sohada yakdil bo'lib, yagona yo'nalishda harakat qilishi kerak. Bu esa, o'z navbatida, davlat yuritayotgan siyosatda fuqarolarning fikr-mulohazalari, munosabatini inobatga olinishini ta`minlaydi. Shu bois «Ijtimoiy sheriklik to'g'risida»gi qonunning qabul qilinishi fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga erishish, amalga oshirilayotgan islohotlar ochiq-oshkoraligi va samaradorligini ta`minlash, ularning rolini kuchaytirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi. Bir so'z bilan aytganda, davlat idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlar salmog'ini oshirishda «Ijtimoiy sheriklik to'g'risida»gi qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu tariqa davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorligi fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishi bilan birga davlat va jamiyat qurilishining muhim omili bo'lib xizmat qiladi. Binobarin, nodavlat notijorat tashkilotlar tizimining kengayishi, ular faoliyat sohalarining yangi qirralarining ochilishi mamlakatimizda inson huquqlari himoyasi tizimi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Hakimjon AZIMOV, tarix fanlari nomzodi
28 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|