Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Uchinchi sektor
Havaskorlikdan professionallikka
30.01.2012 15:29

Ma`lumki, xalq tafakkurini o'stirish, dunyoqarashini kengaytirishda san`atning roli beqiyosdir. San`at inson omilini tadqiq qilish va dunyoni badiiy o'zlashtirishning muhim usullaridan biri sifatida ruhiy, ahloqiy ma`naviy kamolotda alohida o'rin tutadi.

Xususan, kino san`atining oldidagi asosiy maqsad ham kishilar tafakkurini o'stirish va dunyoqarashini kengaytirishga yo'naltirilgan. Aytish joizki, kinoda boshqa san`at turlariga o'xshamagan, o'ziga xos ifoda vositalari va badiiy shaklning turli imkoniyatlari mavjud bo'lib, chinakam kino asar yaratish ijodkordan katta mahorat va iste`dodni talab etadi. Bunday badiiy asarlar insonga ma`naviy oziq berish bilan birga hayotiy xulosa chiqarishda yetakchi omil hisoblanadi.

Ta`kidlash o'rinliki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda milliy kino san`atini rivojlantirish, uni janr va mavzu jihatidan rang-barangligini ta`minlashga,  yangi mazmun va an`analar bilan boyitishga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2004 yil 16 martda qabul qilingan «Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to'g'risida»gi Farmoni kinofilmlarning xalqimiz hayoti, ayniqsa, yoshlar tarbiyasidagi o'rni va ta`sirini kuchaytirish, g'oyaviy-badiiy saviyasini oshirish, kino ijodkorlarining yangidan-yangi ekran asarlarini yaratishiga ko'maklashishda muhim omil bo'layotir. 

Bu jarayonda iqtidorli yosh kinematograflarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarishga zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilayotganini e`tirof etish joizdir. Bu esa, o'z navbatida, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilot va ijodkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, milliy kino san`ati namunalarini xalqaro kinofestivallarda namoyish etish kabi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Bu borada, ayniqsa, O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati tomonidan bir qator ijodiy loyihalar amalga oshirilayotgani e`tiborlidir.

- Jamiyatimizning asosiy maqsadi havaskor ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish, ular tomonidan yaratilgan asarlarni milliy va xalqaro kino festivallarga taqdim etish va shu yo'l orqali ularni professional faoliyatga yo'naltirishdir, - deydi O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati rahbari Boris Lebedev. - Ta`kidlash o'rinliki, Zulfiqor Musoqov, Jasur Isxoqov, Jahongir Qosimov, Farid Davletshin singari proffesional kinorejissyorlar ham dastlab o'z faoliyatini havaskorlikdan boshlagan.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, 2009 yilda O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati tomonidan taqdim etilgan «Ona Yer» respublika havaskor filmlar festivalini tashkillashtirish va o'tkazish» loyihasi Jahon Bankining Ijtimoiy taraqqiyot dasturi fondining kichik grantiga sazovor bo'ldi. E`tiborlisi, mazkur festival O'zbekistonda ushbu yo'nalishdagi dastlabki festivallardan biridir. Festivaldan ko'zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda kino sohasini rivojlantirish, yoshlar va bolalar o'rtasida kino san`atiga bo'lgan e`tiborni kuchaytirish, yosh kino havaskorlarni rag'batlantirish, jamiyatda mavjud illatlar, kashandalik, giyohvandlik va OITS kabilarning salbiy oqibatlariga jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarning e`tiborini qaratishdan iboratdir.

- Mamlakatimizning barcha hududlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlar, davlat organlari, turli sanoat korxonalari, jamoat muassasalari bilan hamkorligimiz mustahkamlanib borayapti, - deydi O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati badiiy rahbari Nikolay Chijov. - Bu esa, o'z navbatida, tadbirlar ko'lamining kengayishi va sifat darajasining oshishiga zamin yaratmoqda. Xususan, 2010 yil O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O'zbekiston Davlat san`at instituti, O'zbekiston Respublikasi «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, O'zbekiston ekologik harakati, «Chinor» ekologik nashriyot kompaniyasi, Respublika xalq ijodiyoti ilmiy-metodik markazi hamda boshqa bir qator tashkilotlar ko'magi asosida «Ona Yer» respublika havaskor filmlar festivali tashkil etildi. 

Poytaxtimizda bo'lib o'tgan mazkur havaskor filmlar birinchi festivaliga 130 dan ortiq turli janrlardagi ijodiy ishlar topshirildi. Dast­labki festival gran-prisi taniqli kinorejissyorlardan tashkil topgan hakamlar hay`ati qarori bilan mamlakatimizning Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida faoliyat yuritayotgan «Yoshlik» xalq kinostudiyasiga taqdim etildi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatidagi «Sitora» kinofotostudiyasi, Navoiy viloyati Nogironlar jamiyati qoshidagi «Navoiy-film» studiyasi, Namangan viloyatidagi «Nur» bolalar studiyasi kino asarlari ham festivalning bir qator nominatsiyalari bo'yicha g'olib deb topildi. Shu bilan birga, mazkur kinoasarlar Shveysariyada tashkil etilgan UNICA-2010 xalqaro festivaliga yo'llanmani ham qo'lga kiritdi.

Eslatib o'tish joizki, YuNYeSKO tarkibiga kiruvchi UNICA - Jahon havaskor kino uyushmasi mazkur tizimda faoliyat olib borayotgan eng nufuzli tashkilotlardan sanaladi. 1993 yilda esa O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati mazkur uyushmaga a`zo bo'lgan edi. Tashkilot tomonidan o'tkazilib kelinayotgan xalqaro festivallar esa bir qator havaskorlarni o'z iqtidor va salohiyatini namoyish etish uchun zamin yaratmoqda. Jumladan, 2009 yilda Polshada tashkil etilgan UNICA-2009 xalqaro festivali doirasida mamlakatimiz kinohavaskorlari bronza medalni qo'lga kiritdi. Shuningdek, o'zbekistonlik kinohavaskorlar Ukraina, Chexiya va Estoniyada o'tkazilgan xalqaro fes­tivallarda ham bir qator nominatsiyalar bo'yicha g'olib deb topildi.

Aytish joizki, O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati o'tgan yili «9 may - Xotira va qadrlash kuni hamda 2012 yil - Mustahkam oila yili munosabati bilan «Ona Yer» bolalar va yoshlar ikkinchi ochiq havaskor kinofoto filmlar festivalini tashkillashtirish va o'tkazish» loyihasi bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi grantiga sazovor bo'ldi.

Jamiyat ayni paytda ushbu loyiha doirasida yosh havaskor ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash va ularga moddiy-texnik yordam berish, sohada bo'layotgan yangiliklar bilan tanishtirish borasida turli seminar-treninglar o'tkazib kelmoqda.

Xulosa o'rnida ta`kidlash joizki, O'zbekiston kinovideohavaskorlar jamiyati yoshlar qalbida milliy ruhni kamol toptirish, ularning madaniyati va ma`naviyatini yuksaltirishga alohida e`tibor qaratib, kino san`atining yangidan-yangi imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, shuning­dek, mavzular ko'lamini kengaytirishga harakat qilmoqda. Jamiyat havaskor ijodkorlar orasidan ko'hna tariximiz haqida so'zlovchi, jamiyatimizdagi bugungi milliy tiklanish va yangilanish jarayonlarini ifodalovchi filmlarni rag'batlantirish va ularni targ'ib etishga bel bog'lagan. Bu esa, o'z navbatida, milliy kino san`atimiz rivojiga o'z hissasini qo'shishi tabiiy.

Timur AHMYeDOV,

«Jamiyat» muxbiri

18 marta o`qilgan