Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Uchinchi sektor
Rag'bat - muvaffaqiyatlar mezoni
09.01.2012 10:25

Bugungi kunda mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatida izchil o'sish kuzatilmoqda. Albatta, bunda davlatimiz tomonidan qaratilyotgan e`tibor alohida o'rin tutmoqda. Jumladan, har yili O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan grant-tanlovlari e`lon qilinib, ahamiyatli loyihalar moliyalashtirilmoqda. Bu esa nodavlat notijorat tashkilotlarfaoliyati rivojiga sabab bo'layotir.

Darhaqiqat, moddiy rag'bat maqsadga eltishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Grant-tanlovda ishtirok etib g'oliblikni qo'lga kiritishi poytaxtimizda faoliyat yuritib kelayotgan «Nihol» tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish markazining faoliyatining yanada faollashuviga sabab bo'ldi.

Ta`kidlash lozimki, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o'zgarishlardagi ishtirokini faollashtirish dolzarb vazifalardan biridir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, aynan yetakchilarni shakllantirish, ularga zaruriy ko'nikma berish ko'plab sohalarda iqtidorini namoyon eta olishlari uchun «Nihol» tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi munosib hissa qo'shib kelmoqda. Shu jihatlar va tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida markaz rahbari Shirin Rashidovani suhbatga tortdik.

- Biz avvallari ayollarimizni faqatgina uy-ro'zg'or ishlari bilan band holda ko'rib ko'nikib qolgandik, - deydi suhbatdoshimiz. - Aytish joiz, hozir holat tamomila o'zgardi. Bugun ayollarimiz deyarli barcha sohalarda o'z tashabbuslarini namoyon etib kelmoqda. Albatta, bunday yutuqlarga erishishda davlatimiz tomonidan ayollarimizga qaratilayotgan e`tibor muhim o'rin egallaydi. Bugun xotin-qizlarimizning tashabbuslari, iste`dodi o'smirlik chog'laridan rag'batlantirilmoqda, mehnati qadrlanmoqda.

Aytish joizki, o'tgan davr mobaynida markaz ko'pchilikning e`tibor va e`tirofiga sazovor bo'ldi. Bu borada tashkilotda jam bo'lgan ahil jamoaning o'rni beqiyos. Zero, ularning sa`y-harakatlari bilan ko'plab seminar, uchrashuv, davra suhbatlari tashkil etildi. Xususan, o'tgan yili Yangiyo'lda tuman hokimligi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etilib, yoshlar va xotin-qizlar masalalari atroflicha muhokama etildi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatining qishloq joylarida istiqomat qiluvchi aholi uchun ham seminar-treninglar tashkil etildi. Ularda trenerlar tomonidan global ahamiyat kasb etib ulgurgan OITS kasalligi va uning oqibatlari to'g'risida ham yetarli ma`lumotlar berib borildi.

- Mamlakatimizda oliy qadriyat - inson manfaatlarini himoya qilish, unga g'amxo'rlik ko'rsatish, turmush tarzini yaxshilash, qobiliyatini namoyish etish uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish borasida ham katta ishlar qilinmoqda, - deydi suhbatdoshimiz. - Aytish joiz, biz yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida kamol toptirish, ularning hayotda o'z o'rnini topishiga yaqinda ko'maklashib kelmoqdamiz. Markazimiz ko'plab tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Toshkent viloyat hokimligi, O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikdagi, viloyat aholisi ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy-siyosiy bilimini yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni hayotga izchil tatbiq etib kelmoqdamiz. «Yoshlarning huquqiy bilimini yuksaltirish», «O'zing va boshqalar bilan hamkor bo'lib yasha» kabi loyihalarimiz shular jumlasidandir.  

Darhaqiqat, markaz o'zining faolligi va yangilikka bo'lgan intilishi, ilg'or jamoa shakllantirgani bilan ham ajralib turadi. Bu jamoa aholi o'rtasida turli sotsiologik so'rovlar o'tkazib kelayotir. Bu esa yuqorida aytib o'tilgan samaradorligini oshirimoqda. Bugungi kunda markaz keng qamrovli «O'zingga ishon» deb nomlangan loyihani amalga oshirayotir. Mazkur loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad Toshkent viloyatining qishloq joylarida istiqomat qilib kelayotgan xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning iqtisodiy-huquqiy bilimini boyitishdan iboratdir.

- Darhaqiqat, qishloq joylarida istiqomat qiluvchi ayollarning iqtisodiy bilimini yuksaltirish dolzarb masaladir, - deydi markaz rahbari. - Negaki, aksariyat qishloq ayollari muayyan kasb-korga ega, lekin undan hamisha ham foydalanishavermaydi. Loyiha doirasida kam ta`minlagan ayollarga moddiy ko'mak berish ham ko'zda tutilgan. Shuningdek, ayollarimizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ham yaqindan ko'maklashishni maqsad qilganmiz. Shu bois hozir markazimizga ko'plab xotin-qizlar murojaat, o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishmoqda. Bu bilan cheklanib qolmasdan, ularning bilimini boyitish masalasiga ham alohida e`tibor qaratayapmiz. Bu yuorada ushbu yo'nalishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil qilib borayapmiz.

Ha, bugun yurtimizda yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat, qolaversa, yuqoridagi kabi amalga oshirilayotgan xayrli ishlar ayniqsa, xotin-qizlarning manfaatini ta`minlashga ko'mak bo'lmoqda.

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

21 marta o`qilgan