Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Uchinchi sektor
«Sizga ko'maklashishdan mamnunmiz»
03.01.2012 16:55

- Allo, assalomu alaykum! Bu Yoshlarni ish bilan ta`minlashga ko'maklashuvchi markazmi?

- Ha, yanglishmadingiz. Xizmat?..

- Men Dilshod Ahmedovman. Ishga kirmoqchi edim. Bu borada sizning tashkilotingiz yordam berishi haqida eshitib qoldim. Shu sababli qo'ng'iroq qilayotgandim.

- Marhamat. Bizning markazimizga kelib, ishga joylashish bo'yicha maxsus konsultatsion seminar-treninglarda ishtirok etishingiz, markaz anketasini to'ldirgan holda mavjud ish o'rinlari bilan tanishishingiz mumkin. Bu jarayonda bizning mutaxassislarimiz sizga yuqori darajada ko'mak berishga tayyor.

Ha, «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi huzuridagi Yoshlarni ish bilan ta`minlashga ko'maklashuvchi markazga har kuni mana shunga o'xshash ko'plab murojaatlar bo'lib turadi. O'z navbatida markaz ham bu kabi murojaatlarga alohida e`tibor bilan qaraydi. Zero, tashkilotning asosiy maqsadi ham yoshlarning ishga joylashishi uchun yaqindan ko'maklashish, mamlakatimizda bandlik darajasini oshirishga hissa qo'shishdir.

Biz mana shunday xayrli ishlarni bajarib kelayotgan markaz haqida gazetamiz o'quvchilarini yaqindan tanishtirish maqsadida mazkur tashkilot rahbarini suhbatga chorladik.

- 2009 yilda nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil topgan markazimiz asosan yoshlarning kasb-hunar tanlashi va o'z mutaxassisligi bo'yicha bilim hamda mahoratini oshirishga ko'maklashish, ularning ishga joylashishida yordamlashish kabi masalalar bilan shug'ullanib keladi, - deydi  markaz direktori Bobur Bekmurodov. - Aytish joizki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga binoan har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Bu borada mamlakatimizda aholi o'rtasida bandlik darajasini oshirish, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bizning markaz ham bunday izchil sa`y-harakatlar samarasi o'laroq, yoshlarni ishga joylashtirish, ularga munosib shart-sharoit va imkoniyat yaratish yo'lida keng ko'lamli ishlarni bajarib kelmoqda.

Xususan, bizga ko'pincha yoshlarimiz ishga kirmoqchiligini aytib murojaat qiladilar. Biz ularning ma`lumoti va mutaxassisligiga qarab mavjud ish o'rinlari haqida ma`lumot yoki tegishli maslahatlar beramiz. Bugungi kunda bizning yordamimiz bilan ishga joylashgan ko'plab yoshlar jamiyatda o'z o'rnini topib, muayyan kasb-kor bilan mashg'ul bo'lmoqda.

- Ma`lumki, davlatimiz rahbarining 2007 yil 6 aprelda qabul qilingan «Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori ijrosi yuzasidan yurtimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bunda nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayting-chi, bu borada tashkilotingiz tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi?

- Darhaqiqat, hozirda mamlakatimizda aholiga ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yordam berish, muhofaza qilish va ularga har tomonlama ko'maklashish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalari sirasiga kiradi. Markazimiz joriy yilning o'tgan davri mobaynida «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi bilan hamkorlikda yoshlar uchun turli o'quv kurslari, ularning malaka oshirishi uchun seminar-treninglar, shuningdek, bo'sh ish o'rinlari yarmarkalarini tashkil etdi. Shuningdek, markazimiz joriy yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi grant-tanlovida ishtirok etib, «Yosh tadqiqotchi maktabi» nomli loyiha bo'yicha grant mablag'lariga sazovor bo'ldi. Biz loyiha doirasida Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo viloyatlarida yoshlarning ishga joylashishida ko'maklashish uchun maxsus ishchi guruhlari tuzganmiz. Unda har viloyatda ikki nafardan jami 10 nafar yetakchi yoshlar o'z tengqurlarini ishga yo'naltirish bo'yicha samarali faoliyat olib borishmoqda. Hozirgacha jami ish qidiruvchi yoshlar tomonidan tushgan so'rovnomalar soni 5 mingdan oshib ketdi. Shulardan aksariyati bizning yordamimiz bilan o'zlariga munosib ish topishdi.

- Bugungi kunda keng ko'lamda va samarali faoliyat yuritish uchun jamoat tashkilotlarining davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosidagi hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Tashkilotning ayni paytdagi yaqin hamkorlari xususida ma`lumot bersangiz.

- Albatta, keng ko'lamda faoliyat yuritish uchun har qanday tashkilotga hamkorlar ko'magi zarur bo'ladi. Shu jumladan, biz ham bunday ijtimoiy hamkorlikdan chetda turganimiz yo'q. Markazimiz hamkorlik aloqalarini o'rnatishda yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlari bilan cheklanib qolmasdan, balki xalqaro tashkilotlar bilan ham ijtimoiy sheriklik aloqalarini o'rnatgan. Jumladan, shu kungacha markazimiz O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Jahon banki hamkorligida bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi, yoshlarning malakasini oshirish va ularni ish bilan ta`minlash bo'yicha Yaponiyaning Nagoya universiteti bilan hamkorlikdagi ta`lim yarmarkasini tashkil etdi. Shuningdek, yuqorida qayd etilgan «Yosh tadqiqotchi maktabi» nomli loyihani amalga oshirishimizda yurtimizda faoliyat yuritayotgan yirik aloqa operatorlaridan biri - «Bilayn» kompaniyasi, «Efyur» nodavlat notijorat tashkiloti hamda shu kabi boshqa ko'plab jamoat tashkilotlari yaqindan yordam berib kelyapti.

- Tashkilot faqatgina maxsus mutaxassislikka ega bo'lgan yoshlar masalalari bilan shug'ullanadimi?..

- To'g'ri, ayrim yoshlarimizning maxsus ma`lumoti yo'qligi sababli ish topishi bir muncha qiyin kechadi. Bu borada ham markazimiz bir qator ahamiyatli loyihalar ishlab chiqqan. Unga ko'ra yoshlarning ish qobiliyatini o'rganamiz va shunga mos ish taklif etamiz. Masalan, yaqin hamkorlarimizdan bo'lgan «Bilayn» aloqa kompaniyasi o'zbek va rus tilini yaxshi biladigan yoshlar uchun maxsus ish o'rinlari ajratgan. Bunday misollarni yana ko'plab keltirib o'tish mumkin.

Aytishim joizki, 2012 yil yanvar oyida yoshlarni ishga jalb etish maqsadida bo'sh ish o'rinlari yarmarkasini o'tkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur tadbirga yurtimiz va xorijiy tashkilotlarning ish beruvchi kompaniya va korxonalari taklif etiladi. Yarmarkada kompyuter texnologiyalari va xorijiy tillarni  yaxshi biladigan yoshlar ishga jalb qilinadi. Markazimizga qiziqish bildirgan yoshlar www.vakant.uz yoki www.professiya.uz sayti or­qali ham tashkilot haqida to'liq ma`lumotlar olishi mumkin.    

 Hasan MO'MINOV

 suhbatlashdi.

 

42 marta o`qilgan