Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Uchinchi sektor
Uzoqni ko'zlagan «Farzand»
02.02.2012 21:31

Xorazm viloyat hududiy telekanali orqali efirga uzatilgan sport musobaqasi hamda «Quvnoqlar va zukkolar» bellashuvi e`tiborimni tortdi. Bu tadbirlarni mazkur viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan «Farzand» markazi o'tkazayotgan ekan. Tanishlarimdan markaz haqida so'rab-surishtirdim.

«Ming bora eshitgandan bir bora ko'rgan afzal» deyishadi. Ana shu naqlga amal qilib yaqindan tanishish maqsadida tashkilot rahbari bilan muloqotda bo'ldim. 

- Kelajagini o'ylagan har bir millat, birinchi galda ta`lim-tarbiyaga, yoshlarning ma`naviy            dunyosini yuksaltirishga e`tibor qaratadi, - deydi mazkur markaz rahbari Gulora Solixova. - Chunki mamlakat kelajagi, jahon hamjamiyatidagi mavqei bevosita bugungi yoshlarning nechog'li ilm olib, kamol topishiga bog'liq. O'z navbatida, bugun yoshlarimizning, yetuk salohiyat egasi bo'lib shakllanishida davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e`tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishayotgan, ijodkor va jamoat ishlarida faollik ko'rsatayotgan iqtidorli qizlar «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Ya`ni, davlatimiz tomonidan mazkur mukofotning ta`sis etilishi iqtidorli qizlarni yanada faolroq bo'lishga, yanada katta ishtiyoq bilan ijod qilishga, ilm o'rganishga undamoqda. Bundan tashqari, 2000 yildan «Nihol» mukofoti ta`sis etildi. Bugunga qadar ko'plab ijrochi yoshlarimiz bu yuksak mukofotga sazovor bo'ldi. Shuningdek, «Yangi avlod» va «Kelajak ovozi» ko'rik-tanlovlarida ham ko'plab iste`dodli yoshlar kashf qilinmoqda. Shu o'rinda aytish mumkinki, «Farzand» markazi 2002 yilda tashkil topgan. Yoshlar masalasiga alohida e`tibor qaratish, kelajagimiz vorislari - bolalar, o'smirlar va yoshlarning salomatligini muhofaza qilish, ularni sog'lom turmush tarziga da`vat etishni asosiy maqsad qilib olgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda yoshlarning ma`naviyatini yuksaltirish, ish bilan bandligini ta`minlash, shuningdek, ularning jahonda ro'y berayotgan voqealar, o'zgarishlarga nisbatan milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib o'z pozitsiyasiga ega bo'lishiga erishish ham juda muhimdir. «Farzand» markazi ayni kunlarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining moddiy ko'magida «Yoshlar orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, giyohvandlik va OITSning oldini olish» loyihasini amalga oshirmoqda.

- Bugungi kunda tobora eng xavfli va global muammoga aylanib borayotgan OITSdan aholini, ayniqsa, yoshlarni asrash eng muhim vazifalardan biridir, deydi markaz rahbari. - Qayd etish lozimki, loyiha doirasida hozirgacha Urganch davlat universitetining jami mingdan ortiq talabasi, litsey va kollejlarning 2500 dan ortiq o'quvchilari, mahallalarning besh yuz nafardan ortiq aholisini qamrab olgan «Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, giyohvandlik va OITSning oldini olish» mavzuida turli davra suhbatlari, seminar-treninglar o'tkaziladi. Ushbu tadbirlar davomida mavzuga doir tayyorlangan video-roliklar, OITS kasalligi va uning salbiy oqibatlari haqida so'z yuritiluvchi kinofilm namoyish etiladi. Bundan tashqari, mavzuga doir uch turdagi, 10 ming nusxada buklet chop etilib, tadbir ishtirokchilariga tarqatildi. 

Darhaqiqat, bugun yoshlarning aksariyati sog'lom turmush tarzi tarafdori. Bu turli xil tadbirlarda, ular tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarda o'z aksini topmoqda. Shuningdek, yoshlarning ko'ngliga yanada chuqurroq kirib borishda turli sotsiologik so'rovlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. «Farzand» markazi tomonidan Urganch davlat universiteti va Urganch shahrida joylashgan kollej va litsey o'quvchilariga anketa savollari tarqatilib, ularning sog'lom turmush tarzi, giyohvandlik OIV infeksiyasi hamda OITS yuzasidan bilim darajasi baholandi.

- Bugunning yoshlari zehni o'tkir, dunyoqarashi keng, bilimdon desam yangilishmayman, - deydi markaz rahbari. - Tadbirlarimiz davomida ular bilan suhbatda bo'lib, fikrlari, takliflari bilan ham qiziqib boramiz. Aytish o'rinliki, markazimizga yoshlar ko'p keladi. Loyihamizda ishtirok etgan yoshlar bo'sh vaqtida ham markazimizga kelib, o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishmoqda. Shunday paytlari ularga judayam havasim keladi. O'rganaman, izlanaman desa, hamma shart-sharoitlar yaratilgan.

Albatta, yoshlarni birlashtirishda, ularning bilimini yanada boyitishda turli tadbirlar, ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ular yoshlar ma`naviyatini mustahkamlash, jamiyat hayotidagi faol­ligini oshirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Rufat NEMATOV,

«Jamiyat» muxbiri

27 marta o`qilgan